Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan sport tadbirlari o‘tkazildi (foto)

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan sport tadbirlari o‘tkazildi (foto)

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «Sog‘lom bola – yurt kelajagi» shiori ostida navbatdagi ommaviy salomatlik tadbirlari tashkil etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Bolalar salomatligiga bag‘ishlangan ushbu tadbirlarda maktabgacha va maktab yoshidagi o‘quvchilari o‘rtasida salomatlik startlari o‘tkazildi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari va aholi ishtirokida qator tibbiyot muassasalarida 5 kilometrga faol yurish va gimnastika mashg‘ulotlari ham tashkil etildi.

«Ma’lumki, kompyuter texnologiyalari asrida, afsuski, bolalar o‘rtasida ochiq maydonlarda jismoniy harakat talab etadigan o‘yinlarning ahamiyati pasayib ketdi. Natijada, bu ularning jismoniy va psixologik holatiga ma’lum ma’noda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuning uchun ham bolalarni gimnastika va sport o‘yinlariga ko‘proq vaqt sarflashga undash lozim. Yengil mashqlar hatto chaqaloqlar uchun ham  foydali hisoblanadi. Ular bolaning tanasini chiniqtiradi, immunitetini kuchaytirib, chidamliligini oshiradi. Bolalikdan boshlangan jismoniy tarbiya uning jismoniy mashqlarga mehrini uyg‘otadi. Bu esa kelajakda uning sog‘lig‘iga tizimli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap.

Bolalarga yengil gimnastika mashqlarini ertalab qilish tavsiya etiladi. Oilada bunday mashg‘ulotlar odatiy bo‘lsa, bolalar jon deb shug‘ullanishadi. Ammo ular taqlid qilishni yaxshi ko‘rganliklari bois kattalarga ergashib, tanasini zo‘riqtirib qo‘yishlari mumkin. Bolalar uchun jismoniy tarbiya mashqlari o‘yin shaklida bo‘lishi maqsadga muvofiq. Badiiy gimnastika bolalar uchun juda foydali hisoblanadi, jumladan, egiluvchanlik va muvozanatni, harakat a’zolarini rivojlanadi. 

Bolalar uchun eng yaxshi jismoniy tarbiya – bu muntazam yurishdir. Bolalar ko‘chaga chiqqanda faqatgina qumda o‘ynab yoki arg‘amchida uchib o‘tirmasdan faol yurishga ham o‘rganishi kerak. To‘rt yoshli bolalar uchun yurish taxminan 15-20 daqiqadan oshmasligi kerak. 5 yoshga to‘lganda esa yurish 30-40 daqiqa davom etsa maqsadga muvofiq.

Toza havoda muntazam yurish nafaqat salomatlikni yaxshilaydi, balki nafas olish, mushak, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi. Yurganingizda mushaklarning faol harakati tufayli tomirlarda qon aylanishi yaxshilanadi. Natijada varikozning oldi olinadi, organizmdan toksinlar chiqib ketadi. Umuman olganda, yurish vujudga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, immunitet va chidamlilikni oshiradi, aqliy salomatlikni mustahkamlab, uyquni yaxshilaydi»,-deyiladi vazirlik xabarida.

Mutaxassislarning fikricha, yurish yugurish va boshqa jismoniy mashqlardan ko‘ra anchayin foydaliroqdir. Salomatlik maqsadida yurish uchta tamoyilga asoslangan. Birinchisi, «Zarar qilmang», ya’ni intensivlik va davomiylik tananing holatiga mos kelishi kerak. Ikkinchisi, bosqichma-bosqich,  ya’ni sur’at, vaqt va muddat tana uchun ortiqcha bosimlarsiz o‘sib borishi lozim. Uchinchi tamoyil esa muntazamlik, ya’ni yurishning kunlik miqdoriga amal qilish. Tavsiyaga ko‘ra, yurish haftasiga 3-4 marta, kamida 30 daqiqa davom etishi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni tizimli ravishda davom ettiradi. Xususan, iyun oyining har shanba kuni «Tanlov sizdan: tamaki yoki sog‘lom o‘pkalar», «Sog‘lom ovqatlanish – sog‘lom hayot demakdir», «Zararli odatlar – umr kushandasi», «Jismoniy faollik – uzoq umr ko‘rish garovi» shiorlari ostida ommaviy salomatlik tadbirlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring