Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq ta’limi vazirligi Sarvar Otamurodovning keskin chiqishini tahqirlash deb baholadi

Xalq ta’limi vazirligi Sarvar Otamurodovning keskin chiqishini tahqirlash deb baholadi

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Sarvar Otamurodov Xalq ta’lim vazirligi faoliyatidagi kamchiliklarga to‘xtalib, ayniqsa, maxsus maktablardagi ahvol og‘irligini, «ahvol kriminal bo‘lib yotgani, davlat budjetidan ajratilgan pullar talon-taroj, muhit juda achinarli, homilador yosh qizlar borligi»ni ta’kidlagandi.

Xalq ta’limi vazirligi partiya rahbarining ushbu keskin chiqishiga munosabat bildirib, quyidagilarni ma’lum qildi:

Bugungi kunda respublikada alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 4 ta ta’lim muassasalari mavjud.

Bular Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji va Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatidir.

Ushbu ta’lim muassasalari faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 26-noyabrdagi 268-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan olib boriladi.

Mazkur maktab-internatlariga ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan ancha orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining mohiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan, yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligiga qaramay, huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotgan 11-14 yoshli voyaga yetmaganlar ma’lum bir muddatga (6 oydan 3 yilgacha, to axloqan tuzalgunlariga qadar) joylashtiriladi. Tarbiyalanuvchilar axloqan tuzalganlaridan so‘ng, umumta’lim maktablarida ta’lim olishni davom ettiradi.

Xalq ta’limi tizimiga qarashli Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida jami 113 nafar tarbiyalanuvchiga 43 nafar, Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida jami 40 nafar voyaga yetmagan bolalarga 20 nafar pedagoglar ta’lim-tarbiya beradi.

Ma’lumotlarda keltirilgan jumlalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, avvalo «... homilador yosh qizlar bor, u sharoitlarda odam yashay olmaydi» qabilidagi gaplar keltirib o‘tilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, vazirlik tasarrufidagi yuqorida keltirib o‘tilgan ta’lim muassasasida 11-14 yosh qizlar tarbiyalanadi. Tarbiyalanuvchi qizlar orasida esa bu kabi holatlar qayd etilmagan.

Shuningdek, Xalq ta’limi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘quvchilar sud ajrimi va xalq ta’limi vazirligining yo‘llanmasiga asosan chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan holda qabul qilinishini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Tarbiyalanuvchilarning homiladorligi haqida tarqatilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar 11-14 yoshli qizlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tahqirlashga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga ko‘ra, mamlakatimizda demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. 48-moddada esa fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanligi ta’kidlangan.

Ma’lumotdagi yana bir holatga e’tibor qaratsak, «ahvol kriminal bo‘lib yotibdi, davlat budjetidan ajratilgan pullar talon-taroj. O‘zi shundoq ham xulqi yomon bolalar orasida muhit juda achinarli...» deya aytib o‘tilgan.

Mazkur ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari 2018 va 2019-yillar davomida bir necha bor O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, turli tashkilot va idoralar hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimlari tomonidan o‘rganilgan.

O‘rganish davomida ta’lim muassasasi faoliyati va tarbiyalanuvchilar tomonidan aytib o‘tilgan salbiy holatlar aniqlanmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring