Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘p attraksionlar Xitoydan olib kelingan va inson hayoti uchun jiddiy xavfdir

Ko‘p attraksionlar Xitoydan olib kelingan va inson hayoti uchun jiddiy xavfdir

Foto: «Vot.uz»

Respublikamiz hududlaridagi madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan attraksionlar holati va ularning bexatar ishlatilishi bo‘yicha tekshiruv olib borildi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan «Istirohat bog‘larida attraksion qurishda texnik xavfsizlik choralari, muammo va yechimlar» mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Anjumanda zamonaviy attraksionlarni qurishda texnik xavfsizlik choralari, ularning mustahkamligi, yosh chegarasini e’tiborga olish, attraksionlarning harakatlanayotgan vaqtda buzilish holatlari, bu borada mas’ul tashkilot va shaxslar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomovning ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi madaniyat va istirohat bog‘laridagi mavjud attraksionlarni davlat nazoratidan o‘tkazish uchun hududlar bo‘yicha mahalliy hokimiyatlar, Favqulodda vaziyatlar, Madaniyat vazirliklari, Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, «O‘zenergoinspeksiya» hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakillaridan tashkil topgan 100 nafardan iborat jami 16 ta ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruhlar tomonidan hududlardagi mavjud 129 ta madaniyat va istirohat bog‘i hamda aholi dam olish maskanlaridagi jami 1 ming 845 ta attraksion ko‘zdan kechirildi va ularning xavfsiz foydalanish talablariga rioya etishi o‘rganib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, attraksionlarning 1 ming 292 tasida texnik pasporti mavjud emas. 1 ming 106 tasida attraksionlarni kunlik texnik ko‘rikdan o‘tkazish jurnali yo‘q. 928 attraksionda ishlatish va o‘rnatish bo‘yicha yo‘riqnomalar mavjud emas. Attraksionlarga biriktirilgan xodimlarning 1 ming 258 nafarida o‘qiganlik to‘g‘risidagi maxsus guvohnomalar yo‘q va ular texnikadan foydalanish tartib qoidalarini mutlaqo bilmaydi.

695 attraksionda javobgar shaxs tayinlanmagan bo‘lsa, 931 tasida operator va javobgar shaxslarning lavozim yo‘riqnomalari ishlab chiqilmagan. 854 ta attraksionda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjud emas.

– Aniqlangan kamchiliklardan ko‘rinib turibdiki, madaniyat va istirohat bog‘laridagi attraksionlarning aksariyati foydalanish talablariga javob bermaydi, – dedi Baxtiyor G‘ulomov. – Bu holat esa inson hayoti uchun xavflidir. Yurtimizga ko‘p attraksionlar xorijiy davlatlardan, xususan, Xitoydan olib kelinadi. O‘zimizda ham ishlab chiqarilayotgan attraksionlar bor. Ammo yetarli tajribaga ega konstruktorlar yo‘qligi sababli yurtimizda ishlab chiqarilayotgan attraksionlar talabga to‘liq javob bermaydi. Natijada bunday qurilmalar inson hayoti va sog‘ligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Joriy yilda Jizzaxda sodir bo‘lgan inson o‘limi bilan bog‘liq fojia ham o‘zimizda ishlab chiqarilgan attraksionda ro‘y bergan. O‘rganishlar davomida noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan attraksionlar faoliyati ham aniqlanmoqda.

Kelgusida bolalar hayoti va sog‘ligi bilan bog‘liq noxush hodisalarning oldini olish maqsadida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi taklifiga binoan 2017-2019 yillar oralig‘ida madaniyat va istirohat bog‘lariga o‘rnatilgan attraksionlar sertifikatlashtirilib, ularga biriktirilgan xodimlar maxsus kurslarda o‘qitiladi. Attraksionlar qurish va ishga tushirishdan oldin texnik ko‘rik va sinovlardan o‘tkaziladi.

Muhayyo TOShQORAYeVA, O‘zA

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring