Tsirkchi laqabi bilan tanilgan qonundagi o‘g‘rini Polshada qo‘lga tushirishdi
Jinoyat olamida Sirkchi nomi bilan tanilgan qonundagi o‘g‘ri Oleg Pirogov Polshada hibsga olindi. Bu haqda bugun, ya’ni 19-iyul kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tayanib «Lenta.ru» xabar berdi.
O‘tgan yili Sirkchiga nisbatan «jinoyat iyerarxiyasida yuqori lavozimni egallash» moddasi bilan jinoyat ishi ochilgandi, qonundagi o‘g‘riga nisbatan qidiruv e’lon qilingandi. «Lenta.ru» suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Sirkchi Tailandda tergovdan yashirinib yurgan, har oy plastik kartasiga jinoiy faoliyatidan juda ko‘p miqdorda pul tushib turgan.
Rossiya tezkor qidiruv xodimlari qonundagi o‘g‘rining Polshaga kelganidan xabar topishadi va bu haqda polshalik hamkasblarini xabardor qilishadi: ular jinoyatchini qo‘lga olishadi. «Qonundagi o‘g‘rini ekstraditsiya qilish uchun hujjatlar tayyor. Polsha sudi hal qiladi», — deya ta’kidladi u.
Avvalroq Moskva viloyatida Oleg Pirogovning jinoiy guruhiga oid jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakunlangani xabar berilgandi. Sirkchining to‘dasi Noginsk tuman savdogaridan tovlamachilik yo‘li bilan katta miqdorda pul undirgan. O‘zining qurbonlaridan biri — biznesmen Galastyanni pul to‘lashdan bosh tortgani uchun shahar tashqarisidagi hovlisiga olib chiqib, temir qafasga qamab qo‘ygan va bir hafta davomida qiynagan va rosa kaltaklagan.
Pirogovning o‘zi uzoq vaqt politsiya xodimlaridan yashirinib yurishga muvaffaq bo‘lgan. 2019-yil fevralda Sirkchi Moskva viloyati biznesmenidan tovlamachilik yo‘li bilan 14 million rubl olganlikda gumon qilinib qo‘lga olinadi, biroq xavfsizlik xizmati xodimlari profilaktik suhbatdan so‘ng uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘lishgan, negaki, jabrlanuvchi ham, uning yordamchilari ham Pirogovga qarshi guvohlik berishmagan.
2019-yil iyulda «Pirogovga qarshi bevosita guvohlik» paydo bo‘lganda, Moskva viloyatidagi gruzin restoranida uchrashuv vaqtida qo‘lga olishga urinishadi, biroq kimdir qonundagi o‘g‘rini ogohlantirgan, shekilli, u oshxona derazasidan qochib ketadi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sirkchi 2011-yilda jinoyat olamida eng yuqori pog‘onani egallagan. O‘shanda qonundagi o‘g‘ri Aslan Usoyan (Ded Hasan)ning Moskvadagi qarorgohida unga tojga kiydirishadi. O‘shandan buyon Pirogov Moskva viloyatida jinoiy guruhlar harakatini nazorat qilib kelgan, jinoiy ta’sir doiralarini taqsimlashda bevosita ishtirok etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter