Volontyorlar kimlar? Yoki mehrning narxi bormi?
Sakkiz yoshli amerikalik Kristian Makmilami ikki yarim yil o‘rtoqlarining mazaxlashiga chidadi — sochini o‘stirdi va uzunligi 25 santimetr bo‘lganida saraton bilan og‘rigan bolalar uchun parik yasashga berdi. Uning nimaga sochini o‘stirganini bilgan tengdoshlari uyalib qolishdi. Keyin uning tengdoshi Tomas Mur ikki yil davomida sochini o‘stirdi. Qoravoyning jingalak sochlaridan naqd uchta parik yasaldi. Kristian Makmilamining shu tarzda safdoshlari ko‘paydi. Dunyoning har bir burchagida sochi tushib ketgan bolalarga sochini sovg‘a qiladigan nafaqat qizlar, o‘g‘il bolalarning safi kengaydi.
Turkiyalik Gyukshej Korkmazga «kattarsang kim bo‘lasan», deb savol berishganida «uysiz hayvonlarga va bemorlarga yordam beraman», degan javobni aytadi. Va maktabda unga mehribonlikni o‘rgatishlarini kutadi. Ammo unga mehribonlikdan hech kim saboq bermaydi. Uning tashqi qiyofasi, qad-qomati kelishgan bo‘lgani uchun modelerlikka taklif qilishadi va shu soha bo‘yicha o‘qishini davom ettiradi. Ammo bir kuni ko‘chada uysiz kasal kuchukni ko‘rib... karerasidan — kelajakdagi katta shon-shuhratdan voz kechadi, ishlab pul topadi, o‘z jamg‘armasiga yer sotib olib daydi itlar uchun muruvvat uyini tashkil qiladi...
Keyinchalik aynan shunday bolalar, ya’ni qalban mehrli bolalar, birovning dardiga befarq bo‘lmaganlar o‘zining o‘qishi, ishidan va boshqa xobbilaridan ortib volontyorlik qilishga qaror qilishadi. Volontyorlikka yo‘l ana shunday — kimgadir chin dildan yaxshilik qilish istagining kuchliligi orqali ochiladi. Volontyorlikka yo‘l tom ma’noda mehribonlik qilish istagining cheksizligidan boshlanadi. Mehribonlikni esa pulga sotish ham sotib olib ham bo‘lmaydi.
Turli yo‘nalishlarni qamrab oladi
Yaqin-yaqingacha ko‘pchilik volontyorlik haqida ma’lumotga ega emas edi. Hattoki volontyorlikni kasb va bunga haq to‘lanadi deb o‘ylaydiganlar borligi mana bugunga kelib ayon bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, volontyorman, deb uning ortidan manfaat izlayotganlarning ko‘pligi. Xo‘sh, ko‘ngillilar, ya’ni volontyorlar kimlar? Bular jamiyat uchun foydali ish qilishni istaydigan har xil odamlardir. Ko‘ngillilar bolalar, talabalar va nafaqaxo‘rlar, sahna yulduzlari, ijodkorlar, siyosatchilar va jamoat arboblari bo‘lishi mumkin. Volontyorlikning eng faol ko‘rinishi qiyin hayot sharoitida bo‘lgan odamlarga yordam berishdir — bular nogironlar, yetim bolalar, yolg‘iz keksalar, muhojirlar, qochqinlar. Volontyorlarning maqsadi: ularni moddiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish, jamiyatda ijtimoiylashish uchun yangi imkoniyatlarni ochishdir. Hozirgi kunda ko‘plab xayriya fondlari va ko‘ngillilar tashkilotlari ijtimoiy ko‘ngillilik bilan shug‘ullanmoqdalar.
Yedunews.ru manbasiga ko‘ra, volontyorlarning faoliyati turli yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, vatanparvarlik tarbiyasi, favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar paytida yordam ko‘rsatish...
Yana o‘sha manbada ko‘rsatilishicha, volontyorlar odamlarning turli qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarda zargarlik buyumlari tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazishi, motivatsiya uyg‘otadigan ma’ruzalar o‘qish, atrofidagi bolalar uchun havaskor teatr guruhini tashkil qilish, sport musobaqalarini o‘tkazishi mumkin. Shu bilan birga, keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilishning turli xil usullari qo‘llaniladi: konsertlar, uchrashuvlar, yakkama-yakka muloqot, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda asosiy e’tibor yoshlarni tamaki, alkogol va giyohvandlikning zarari to‘g‘risida xabardor qilishga qaratilgan. U ko‘pincha qiziqarli o‘yin uslubida (sport tadbirlari, ko‘rgazmalar, musobaqalar, yurishlar) amalga oshiriladi.
Yana bir taniqli yo‘nalish — ekologik ko‘ngillilik. Va bu yerda nafaqat tabiatni klassik tushunchasida saqlab qolish, balki o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish haqida ham gap boradi.
Klassik deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan yana bir yo‘nalish — xayr-ehson. Bunga pandemiya davrida va Sardoba fojeasida ko‘nglidan chiqarib homiylik qilgan ko‘ngillilarni misol qilib keltirish mumkin.
Ko‘p odamlar donor bo‘lishni xohlashadi va bo‘lishadi. Afsuski, bizda ko‘pincha donorlar yetishmayapti, chunki odamlar donorlik haqida bilishmaydi.
Aslida volontyorlar uchun boshqa mamlakatlarda treninglar o‘tkaziladi. Jamoat xavfsizligi bo‘yicha ko‘ngillilarni o‘qitadigan maxsus dasturlar mavjud. Treninglarning maqsadi volontyorlar turli tabiiy ofatlarda odamlarga qanday birinchi va psixologik yordam berish, chin ko‘ngildan dardkash bo‘lish ko‘nikmalarini o‘rgatish.
Bu dasturlar orqali ko‘ngillilar nima qilayotganlarini, nima uchun ro‘yxatdan o‘tayotganlarini tushunishlari va tayyor bo‘lishlari o‘qitiladi, ya’ni buni «akkreditatsiya»ga qiyoslash mumkin. Ularga savol berilganida ko‘ngilli: «Ha, men birinchi yordamni qanday ko‘rsatishni bilaman. Agar toshqin bo‘lsa, nima qilishimni bilaman. Yong‘in chiqsa nima qilishimni bilaman.» Shu bilan birga, fojia sodir bo‘lgan joyda to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki ba’zi bir qo‘shimcha harakatlar bilan qatnashish imkoniyati har doim mavjud: masalan, gumanitar yordam yig‘ish, ko‘ngillilar omborda ishlaganda — ular qadoqlashadi, saralashadi. Pandemiya sharoitida oziq-ovqat yetkazib berish yumushlari shular jumlasidan. Bu, shuningdek, jamoat xavfsizligi nuqtai nazaridan ko‘ngillilarning juda muhim qismidir. Va bularning hammasi hech qanday manfaatlarsiz amalga oshiriladi.
Ko‘ngillilikning yana bir yangi, tor, hali ham butunlay «yashil» yo‘nalishi bu ommaviy axborot vositalarining ko‘ngilliligi. Qarang OAV ham ko‘ngilli bo‘lib ishtirok etishlari mumkin ekan. Bular fotosuratchilar, jurnalistlar, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan odamlar, dizaynerlar... Ular juda katta yordam berishadi — nafaqaxo‘rlarga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qamoqxonaga emas, balki ko‘ngillilar faoliyatini tashkil etuvchilarga ko‘ngillilar markazlari, xayriya fondlari, ko‘ngillilar harakatlarini boshqalarga yetkazish orqali, ko‘ngillilarni qo‘llab-quvvatlash orqali volontyorlarga aylanishadi.
2019 yilda qabul qilingan qonunda ham aynan ko‘ngillilar fuqarolar, ularning guruhlari yoki ko‘ngillilar tashkilotlari tomonidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlari yo‘lida ixtiyoriy faoliyatni amalga oshirishi tushuniladi. Hujjatga muvofiq, ko‘ngillilikning maqsadi jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman jamiyatga yordam ko‘rsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ularning tashkilotchilarining roziligi bilan ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirlarda ishtirok etish, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, o‘zini o‘zi tashkil etish, jamiyatdagi ijtimoiy mas’uliyat hissi, birdamlik, o‘zaro yordam va rahmdillik bo‘lishi mumkin.
Yollanma ishchilar bilan adashtirmang!
«Tovarlar, pul olish, payme orqali pul o‘tkazish, birovga biror narsani yetkazib berish... bu sohada ko‘ngillilar juda ko‘p. Bir narsani to‘g‘ri tushuning: so‘nggi paytlarda menda shubha paydo bo‘ldi. Ko‘ngillilik kasbmi yoki bu haqiqiy yordam yoki shu bilan daromad keltirishga urinishmi? Farqni aniqlay olmayapman. Tushuntirib bera olasizmi? Ko‘ngillilik tushunchasi bormi?», — dedi Toshkent hokimi yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda. Va bu savol ko‘pgina bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.
Haqiqatan ham bizda ko‘ngillilar bor. Ular o‘zlarining volontyor ekanliklarini bilmagan holda volontyor bo‘lib faoliyat yuritishayapti, desak to‘g‘riroq bo‘lardi. Ayniqsa, pandemiya davrida, «Yuksalish» umummilliy harakati nodavlat notijorat tashkilotlari, tashabbuskor guruhlarni, volontyor va faollarni koronavirusga qarshi kurashish va uni oqibatlarini yumshatish yo‘lida hukumatga ko‘maklashishga chorlagani va bu ozmi, ko‘pmi o‘zining yaxshigina ijobiy natijasini bergani ham sir emas.
Ammo xorijda aynan shu faoliyatga juda ancha oldin e’tibor qaratilgani bois loyihalari ham keng qamrovli. Masalan, bunga misol qilib xalqaro workcamp loyihasini keltirish mumkin. Ushbu loyiha orqali ko‘ngillilar o‘zlari uchun tuzilgan lagerlarga o‘z hisobidan dunyoning turli mamlakatlarda birlashib turli madaniyat festivallarida, ariqlarni tozalash, uysiz hayvonlarga mehr ko‘rsatish yoki oilalarda bolalar bilan birga bo‘lish kabi istalgan vazifani bajarishlari mumkin...
Halovatdan kechish degani...
«Volontyorlik bu o‘z halovatingizdan kechish degani. Saraton kasali bor bolalar bilan turli o‘yinlar, tadbirlar tashkil qilaman. Kechagina ko‘rgan do‘stim bugun vafot etishi mumkin. Har safar bir do‘stimni yo‘qotganimda «bo‘ldi boshqa bu kasalxonaga kelmayman», deyman, lekin ularsiz yashay ham olmayman. Ularning ko‘nglini ko‘taraolsam, bir daqiqasiga quvonch qo‘sha olsam, bir daqiqa bo‘lsada bemorligini esdan chiqara olsam shuning o‘zi katta baxt».
«Men odamlarga pozitiv kayfiyat, xursandchilik ulashishni yoshligimdan istardim. Va masxarabozlik maktabida o‘qib buning uddasidan chiqayapman».
«Yoshligimdan inson ruhiyati meni qiziqtirib kelgan. Ularning ko‘nglini ko‘tarish, to‘g‘ri maslahat berish men uchun eng katta masu’liyatli vazifaga aylandi. Tasavvur qiling, tushkunlikka tushgan odam yo‘qchilikdan aziyat chekayapti. Hatto psixologdan ko‘mak so‘rashga moddiy imkoni yo‘q. Aynan ana shunday paytda men hech qanday manfaatsiz bir odamni hayotga qaytara olsam o‘sha kuni dunyoga qayta kelgandek bo‘laman».
«Hayvonlarning puli bo‘lmaydi. Ular sizning qilgan yaxshiligingiz uchun pul to‘lolmaydi, aynan menga o‘xshagan ko‘ngilliklar ular uchun juda kerak. Mehrimizga mehr bilan javob qaytarishining o‘zi katta huzur bag‘ishlaydi odamga».
«Tabiat har bir xatti-harakatimiz uchun, albatta, bizdan o‘ch oladi. Men o‘z xohishim bilan har doim ko‘cha-ko‘ydagi yelim idishlarni yig‘ishtirish aksiyasida qatnashsam, ekologiyaning tozalanishiga hissa qo‘shaman...»
Belarus «Qizil xoch» tashkilotining ana shunday hech qanday manfaatlarsiz, chin ko‘ngildan odamlarga foydasi tegayotgan a’zolari bugun 16 ming nafardan oshib ketdi...
Bizda ham savob, xayriya ishlarni qilishga oshiqqan odamlar juda ko‘p
Ayniqsa, xonadonlarga oziq-ovqat yetkazib berayotgan yoki kasal bolalarga pul yig‘ib, ularning xastaligini aritayotgan volontyorlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ishonamizki, ularning bu xatti-harakatlari faqatgina oziq-ovqat tashish yoki moddiy mablag‘ tomonidan yordam berish emas, balki kasal odamlar bilan gaplashish, ularning ko‘nglini ko‘tarish, kerak bo‘lsa uyini tozalash, bir kun vaqtini sarflab ko‘chada uysiz va ovqatsiz qolgan kuchuk va mushuklarni topib boshpanali qilish, tabiatsevar volontyorlar esa ayni paytda hammayoqda uchib yurgan yelim xaltalar, niqoblar va tibbiy qo‘lqoplarni terib ekologiyaning tozalanishiga hissa qo‘shishiga shubha yo‘q.
Bir volontyor o‘z kundaligida yozganidek: «Pul bilan hamma yordam berish mumkin. Lekin odamlarni qalban tushunish, qalban qo‘llab-quvvatlash juda muhim. Ularga bizning pulimizdan ko‘ra mehrimiz, «tafti»miz muhim. Xuddi shuningdek, hayvonlarga va tabiatga ham bizning muhabbatimiz muhim. Bu muhabbatni esa faqat QALB AMRI bilangina ulashish mumkin».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter