«Reanimatsiyada 24 nafar bemor, ularga qarashga faqat men va bitta do‘xtirim qolgan...» — Virusologiya instituti bosh shifokori og‘ir kunlarni esladi (video)
«110 metr balandlikda» loyihamizning navbatdagi mehmoni – koronavirus pandemiyasi yurtimizga ilk bor kirib kelganida birinchilardan bo‘lib jangga kirishgan yil qahramonlaridan biri – Virusologiya ilmiy-tekshirish institutining bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova bo‘ladi.
Biz malakali mutaxassis bilan nafaqat kovid-19 bilan bog‘liq kechagi va bugungi vaziyat, balki vaksinatsiya jarayonlari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga oydinlik kiritish hamda shifokor ruhiyati haqida ham suhbatlashdik.
– Muhayyo opa, kyeling, suhbatimizni global mavzuga aylangan koronavirus pandemiyasi emas, balki hammaning tilidan tushmayotgan vaksinatsiya jarayonlaridan boshlasak. Yurtimizga olib kelinayotgan vaksinalarga ko‘pchilikda haligacha shubha va xavotir bor. Chunki qaysidir davlatlarda emlanishning nojo‘ya ta’sirlari ham uchrab turibdi. Bunga sizning munosabatingiz qanday?
– Men nimaniki gapirsam, tajriba va kuzatuvlarimga asoslanaman. O‘tgan yil noyabr oyida xodimlarimiz emlash jarayonlarida faol qatnashishdi. 7 ming nafar emlanganlar orasida ular ham bor edi. Xitoy-O‘zbek vaksinasining 3-bosqichi aynan O‘zbekistonimizda o‘tkazildi. Hech kimda nojo‘ya ta’sirlar, ya’ni anafilaktik shok kuzatilmadi. Albatta, emlangandan keyin odam 1-2 kun lohas bo‘lishi, tana harorati ko‘tarilishi, o‘zini yomonroq his qilishi mumkin, bu tabiiy holat. Lekin bu belgilar ham tez o‘tib ketgan.
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab esa 60 foiz xodimlarimiz emlanishdi. To‘g‘risini aytsam, kovidni boshidan o‘tkazganlar kutib turishgandi, endi ular ham emlanish istagini bildirishyapti. Chunki, kovid o‘tkazgach tanada antitanachalar hosil bo‘ladi, bu yaxshi, albatta. Lekin vaqt o‘tgan sari ularning miqdori kamayib boradi. Institutimiz tadqiqot maskani bo‘lgani uchun ushbu mavzuga doir ko‘plab ishlar qilinyapti. Yaqin tekshiruvlarimizdan birida shifoxonamizda bir yil oldin (mart, aprel, may oylarida) davolanib ketgan 372 nafar bemorni taklif etib, ularning qon zardobidagi antitanachalar miqdorini o‘rgandik. Bunda bemorlarning 70 foizida antitanachalar saqlanganiga guvoh bo‘ldik. Lekin bu antitanachalar har doim saqlanib qoladi degani emas. Ular orasida antitanachalari yo‘qlarini ham ko‘rdik. Shunday vaziyatda biz ularga birinchi galda emlanishni maslahat berdik.
– Demak, bemor kasallikni boshidan o‘tkazgan, biroq unda antitanacha hosil bo‘lmagan, shundaymi?
– Afsuski, shunday. Yana tekshirgan bemorlarimizning 30 foizida antitanachalar juda kam hosil bo‘lgan va 1 yilgacha saqlanmagan. Ayrim manbalarda yozilishicha, boshqa joylardagi bemorlarda antitanachalar 3-5 oygina saqlangan. Bundan bildikki, har bitta virusning holati geografik.
– Emlanishning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor. Kimlargadir mumkin-u, kimlargadir yo‘q. Ayrim holatlarda ehtiyotkorlik bilan yondashishni talab etadi, to‘g‘rimi?..
– Hozirgi kunda har bitta emlash punktlarida maxsus biriktirilgan shifokorlar o‘tirishadi. Ular murojaatchining anamnezini, qondagi qand miqdorini, surunkali kasalliklari, ayni paytda shamollashi bor-yo‘qligini, qon bosimi oshmaganmi, yurak urishida o‘zgarishlar yo‘qmi – hamma-hammasini o‘rganadi. Hatto, homiladorligini ham inobatga oladi (homiladorlikda taqiqlanadi). To‘liq ko‘rikdan o‘tilganidan keyingina emlanadi.
– Ma’lumki, virus jonli, mutatsiyaga kirishadi. Shuning ortidan bugun butun dunyoga «britancha», «afrikancha», «braziliyacha» shtammlar tarqalib ketdi. Bizga ular haqida ham ma’lumot bersangiz.
– Bilasizmi, shifoxonamizdan 8,5 oy davomida 3685 nafar koronavirus bemorlari davolanib chiqdi. Aynan aprel-may oylarida charter reyslar kelganida bemorlar orasida homilador ayollar va bolalar juda ko‘p edi. O‘shanda bolalardagi klinik belgilar kattalarga nisbatan biroz boshqacharoq boshlanardi. Ya’ni tana harorati keskin ko‘tarilib, ich ketishi kuzatilardi (o‘tkir boshlanib, tez tuzalardi), ammo zudlik bilan davo choralari qo‘llanilganda, uzog‘i 5-6 kunda hech narsa ko‘rmagandek yugurib ketishardi. Shu uchunmi muassasamizda birorta bolalar o‘limi qayd etilmagan.
Endi ta’kidlaganingizdek, bu virus chindan ham tirik mavjudot, joylashgan o‘rnida uzoqroq yashashga harakat qiladi. O‘zining ko‘rinishini o‘zgartiradi va har xil tusga kiradi. Shu bois ham yangicha shtammlar yuzaga kelyapti, deb o‘ylayman.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, o‘tgan yilning noyabr oyidan muassasamiz yana o‘z bemorlarini qabul qila boshladi: surunkali va o‘tkir gepatitlar, ichi ketganlar, sirrozlar. Ba’zan ular orasida kovid tahlili musbat chiqqanlari ham uchradi. Biz esa ular bilan oddiy xalat va niqobda muloqot qilishimizga to‘g‘ri keldi. Lekin xodimlarimizning 50 foizidan ko‘pi kovidni boshidan o‘tkazgani va emlangani uchun qayta yuqish holati bo‘lmadi. Bu juda ham yaxshi degani.
Ammo bir bemorimiz Hindistonga chiqib kelgan ekan, PSR tahlil topshirsa, natijasi musbat chiqibdi. Bilasizmi, bu 1 yil davomida bizda yotib, davolanib ketgan bemorlar orasida birinchi qayta yuqish bo‘ldi. Biroq men uni boshqacha izohlamoqchiman. Ayrim holatlarda kimlardadir 1-2 oydan keyin PSR tahlili musbat chiqdi. Bu qayta yuqishmi yoki…, xullas, isbotlash kerak. Chunki koronavirus organizmga tushganidan keyin uzoq vaqt saqlanish xususiyatiga ega va u to‘xtatilib turgan bo‘lishi mumkin (juda kam miqdorda). Keyin ayrim sabablarga ko‘ra, masalan, sovuq o‘tganidanmi miqdori jadal ko‘payib, replikatsiya holati yuz beradi. Shunda tahlil natijasi yana musbat chiqishi mumkin.
– Bilamizki, koronavirus 1965 yilda ham qayd etilgan. Oradan 55 yil o‘tib, unga yana to‘qnash keldik. Nega shu paytgacha bu virus haqida umuman eshitmadik?
– To‘g‘ri, tibbiyotda bu virus haqida ma’lumotlar bor. Hatto, ilmiy ishimni rotavirus, adenovirus, astrovirus, noravirus bo‘yicha olib borganimda, koronavirusni ham qo‘shamiz deb rejalashtirgan edik. Lekin ko‘payib ketdi deb, aynan koronavirusni olmagan ekanmiz. Tushunasiz, ilmiy ishda ma’lumotlar to‘plash, keyin yozish o‘ziga yarasha qiyin…
– Nima deb o‘ylaysiz, bizni oldinda koronavirusga o‘xshash boshqa viruslar ham kutib turgan bo‘lishi mumkinmi?
– Men 1988 yilda oliygohni tugatganman. 33 yildan beri tibbiyot sohasida ishlayotgan bo‘lsam, ustozimiz Shavkat Xodjayevichning (hozir 90 yoshdan oshgan) ko‘p takrorlaydigan bir gaplari sira esimdan chiqmaydi. U kishi o‘z ma’ruzalarida «XX asr – bu bakteriyalar davri bo‘lsa, XXI asr – viruslar davri bo‘ladi», derdi. XXI asrda yashayapmiz, demak, viruslar albatta bo‘ladi. Virus har bitta iqlimga moslashib, har bitta organizmda o‘zining turli xususiyatlarini namoyon qilishi mumkin.
Hozirgi kunda «Nima uchun Kovid-19, axir biz 2021 damiz», «Vaksinalar 2019ga moslab qilingan», degan savollar ko‘p berilyapti. Yo‘q. Virus 2019 yilning dekabrida aniqlangan bo‘lsa, O‘zbekistonda yanvar oyidan boshlandi. Ya’ni 2020 yilda emlanish rejalashtirilgan, 2021 yilda tajriba qilinib, o‘rganilib, talablarga javob berishi kuzatilib, keyin ommaviy ishlab chiqarish boshlandi. O‘ylanmanki, bu o‘z natijasini beradi.
– «Vaksinalarning qaysi biri yaxshi», degan savol ham ko‘p beriladi…
– To‘g‘ri aytasiz, lekin buni vaqt ko‘rsatadi. Har bitta ilmiy ish, har bitta emlash natijalarini ko‘rish uchun yillar kerak bo‘ladi. Ya’ni kamida mavsumni – qish, bahor, yoz, kuzni o‘tkazish lozim. O‘zi 3 yildan keyin buni aniq aytish mumkin. Bemorlarni davolab, ular orasida yurgan mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, bu kasallik oddiy grippdek emas. Unga juda ham jiddiy qarash zarur. Emlanmayman, kerak emas, degan so‘zlarga o‘rin yo‘q. Kechirasiz-u, orqavorotdan eshitgan, o‘sha jarayonga bir bor kirib chiqqan boshqa-yu, o‘sha yerda har bitta bemor bilan dardga qarshi kurashgan boshqa.
Buni 5,5 oy davomida jon talashgan xastalar bilan yashagan shifokor sifatida aytayapman. Shuning uchun yolg‘iz o‘g‘limni ham birinchilardan bo‘lib emlatdim.
– Guvohi bo‘ldik, koronavirus yoshu qarini, sog‘lomu kasalni bir xil xavfga qo‘ydi. Masalan, kimlarnidir oramizdan olib ketyapti. Nima deb o‘ylaysiz, immunitet, yondosh kasalliklar, irsiy moyillikdan tashqari yana qanday omillar bu dardda kishilarni mahv etishi mumkin?
– Tan olamizmi-yo‘qmi, lekin oradan 1 yil o‘tsa-da, virus biz uchun hali ham yangi. 3-4 yildan keyingina u haqda aniq bir fikr aytish mumkin. Biroq o‘tgan yilning iyul-avgust oylarida shifoxonamizga 35-55 yoshgacha bo‘lgan erkak bemorlar juda ko‘p murojaat qilishdi. Qizig‘i, ularning aksariyati yo‘ldosh kasalligi bo‘lmagan sog‘lom erkaklar. Lekin shu darajada og‘ir ahvolda ediki, saturatsiyasi 50 dan pastni ko‘rsatardi. Yuragi kaptarnikiga o‘xshab uryapti – 120-130 bo‘lib ketyapti. Bu virus yoshga deyarli qaramadi. Keyin bilsak, sog‘lom erkaklarimizda patologik immunitet keskin oshib ketgan ekan. Buni qanday izohlasam bo‘ladi, masalan, «Jahl chiqqanda aql ketadi» deyishadi-ku, ya’ni ayrimlar jahli chiqqanida quliga nima tushsa, otadi. Organizmda xuddi shunday patologik immunitet hosil bo‘ldi.
Bildikki, o‘ta kuchli immunitet ham xavf tug‘dirarkan.
Lekin hammada ham emas, asosan uyda davolangan, kech murojaat etganlarda shunday holat kuzatildi. Ya’ni bu kasallik 5-6- hamda 10-12-kunlari judayam xavfli bo‘ladi. Bemor yaxshi yurgan, ishonmagan kasal ekaniga, bitta issig‘i chiqib, to‘xtagan. 5-6-kuni yana issig‘i chiqqan. Yana tana haroratini tushiradigan dori ichsa, o‘tib ketgan. Ammo 10-12-kuni hansirash, nafasi siqishi, yurak urishi tezlashishi kuzatilgan. Ko‘krak qafasi MSKT qilinganda, o‘pka 40-50-60-80 daraja zararlangani, fibroz bo‘lganini ko‘rsatgan. Shundan keyingina ular shifokorlarga murojaat qilishgan.
– Bugun ijtimoiy tarmoqlarda hozirgi koronavirus shtammlari alomatlarsiz o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘pkani zararlayapti degan gap-so‘zlar tarqalgan. Bu qanchalik haqiqat?
– Ochig‘ini aytganda, virus hammada o‘ziga xos kechyapti. Avvallari ko‘pchilik ta’m-hid bilmaslikdan shikoyat qilgan bo‘lsa, hozir aksariyatida bu alomatlar yo‘q. Haqiqatan, gapingizda jon bor. Tajribaga tayanib shuni aytish mumkinki, baribir kovidga xos belgilar bo‘ladi, masalan, holsizlik, ko‘p uyqu chaqirishi va hokazo. Ayniqsa, oxirgi paytlarda o‘ta holsizlikdan shikoyat qilib, yurishga ham, gapirishga ham holi yo‘qligini aytishyapti.
– Shunday ekan, mutaxassis sifatida maslahat bering, nima qilaylik?
– Gapning lo‘ndasi, bu virus bilan yashashni o‘rganishimiz kerak. Atrofga qarang, odamlar oshlar beryapti, to‘ylar qilishyapti kamida 200-300 ta odamni to‘plab, hayot-mamot masalasi turganda, hozir shu bizga zarurmi? Orzu-havas deb qancha odamning hayotini xavf ostiga qo‘yishyapti ular. O‘zi bilmagan holda sababchi bo‘lib qolayotganlar qancha.
Maslahatim, odam kasal bo‘ldimi, o‘zini alohidalab, ochiq havoda ko‘proq yursin, allergiya chaqirmaydigan baquvvat ovqatlarni yesin, vitaminga boy sarxil mevalar bilan o‘zini siylasin, ruhiy holatini yaxshilasin. Koronavirus kasalligida bu jahatlarga e’tibor qaratish judayam muhim.
Men ko‘p marta takrorlaydigan, hatto xayolimga kelsa, qo‘rqib ketadigan bir gapim bor, Xudo ko‘rsatmasin, agar o‘tgan yilning mart oyida iyul bilan avgust holati bo‘lganida nima qilardik?..
O‘shanda biz umuman tayyor emasdik. Kasallikning mukammal davosi ham yo‘q edi. Zangiota ham mukammal qurilmagandi. Toshkentdagi barcha shifoxonalarni yopgan taqdirimizda ham iyuldagi ahvol kuzatilganida joy yetmasdi, qancha-qancha falokatlar bo‘lardi… Karantin tadbirlari eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ldi. Shunday ekan, tozalikka rioya qilaylik, niqobni taqaylik, masofani saqlaylik, hozircha bizdan talab qilinayotgani shu...
– Bizga ijtimoiy tarmoqlar orqali ham savollar yo‘llangan. Jumladan, bugun koronavirusga qarshi kurashda olimlarimizning xalqaro hamjamiyatga qo‘shgan hissasi haqida nimalar deya olasiz? Masalan, rossiyalik, xitoylik, isroil va yevropalik olimlar vaksinalar yaratishdi. Bizning olimlar-chi?..
– Bejizga Xitoy-O‘zbek vaksinasi deyilmayapti. Ushbu vaksinaning 3-bosqichi O‘zbekistonda o‘tkazilib, olimlarimiz uning samaradorligini ko‘rsatib berishdi. Mazkur jarayonda bizning institutimiz xodimlari ham ishtirok etishdi. Ko‘z tegmasin, samaradorligi judayam yaxshi. Bundan tashqari, ilmiy ishlar olib borayotganlar ham bor. Yuqorida aytgandim, chet davlatlarda antitanachalar 3-5 oy saqlanadi deyilgan bo‘lsa, bizning olimlar tarafidan 70 foiz bemorlarda 1 yilgacha saqlangani isbotlab berildi. Bu haqda «Scopus» jurnalida maqolalar ham e’lon qilindi. O‘ylanmanki, tez orada ilmiy himoyalar ham boshlansa kerak.
– Nima deb o‘ylaysiz, koronavirusni to‘liq o‘rganib, to bartaraf etguncha odamzodga qancha vaqt kerak bo‘ladi? Yoki bu dard «OITS»ga o‘xshab biz bilan bir umrga qoladimi?..
– Yo‘q, koronavirus «OITS»ga o‘xshagan emas. «OITS»da zarur hollarda butun umr maxsus terapiya olishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ularni taqqoslab bo‘lmaydi. Tajribalarga tayanib shuni aytish mumkinki, kovid virusi mutatsiyaga uchrayverib, yengilroq kechishi va tanaga tushganida emlangan yoki virus o‘tkazgan organizm uni tanishi darkor. Ya’ni uni ham keyinchalik xuddi grippga o‘xshab o‘tkazishimiz lozim.
To‘g‘ri, koronavirus juda yomon, oramizdan ko‘pchilikni olib ketgani uchun ham... Lekin u odamlarni hayot faqat mansab, mol-dunyodan iborat emasligiga, barchasi o‘tkinchi ekanini his qilishga o‘rgatdi desak mubolao‘lmaydi. Ko‘rdik, bu virus yoshiga ham, mansabiga ham, davlatiga ham qarab o‘tirmadi, hammani baravar olib ketdi. Ular orasida mansabdori, boylari ham bo‘ldi, yoshu keksasi ham…
– O‘sha kunlari ko‘nglingizdan nimalar kechgani faqat o‘zingizga ayon. Davlat rahbari tomonidan bu mehnatlaringiz munosib mukofotlandi ham. Lekin ruhiyatdagi shikastlar odamni ancha vaqtgacha ta’qib qilaveradi, qilaveradi...
– To‘g‘ri aytasiz, o‘sha kunlardagi voqealarni sira unutolmayman. Deyarli kulish nimaligini unutib qo‘ygandim, endi-endi biroz o‘zimga kelyapman.
Meni eng xafa qilgani, yig‘latgani – xodimlarimning birin-ketin kasallanib qolgani bo‘ldi. Har 7-8-kunlari laboratoriyadan kelishardi-da, «Unda virus chiqdi, bunda virus chiqdi», deb ketishardi. «Voy-yey, sizni ko‘rsam yuragim o‘ynaydi. Bizni birin-ketin yiqityapsiz, bu qanaqasi» derdim unga jahl bilan. Hamkasblarim orasida ahvoli og‘ir kechganlari ham bo‘ldi. O‘shanda qattiq qo‘rqdim. Ularning oila a’zolariga nima deyman, qanday javob beraman deb… Har kuni oldilariga ikki martalab kirib, xabar olardim, tepasida o‘tirardim. Yetti nafar xodimimni Zangiotaga berganimda ham juda qiynaldim. Vaholanki, reanimatsiyada 24 nafar bemor yotibdi, faqat men va bitta do‘xtirim qolgan. O‘shanda endi nima qilaman deb yig‘laganimni ko‘p eslayman. Ha, bir marta ko‘rgan boshqa, o‘sha yerda oylab, jon talashayotganlar orasida yashash undan ham og‘ir ekan. Bu jarayonlar har bitta shifokorga ruhan qattiq ta’sir qilishi shubhasiz.
Ayniqsa, yoz oylarida juda qiynaldik. 45 daraja chillada, konditsioner ishlatib bo‘lmaydi. Egnimizda skafandr, ikkita qo‘lqon, niqob ustidan respirator, shit kiyganmiz, tasavvur qilingga, ertalabki 9:00da kirib ketsak, 16:00 largacha qolib ketardik. Tushlik ham yo‘q. Keyin biroz dam olib, keyin yana ishga sho‘ng‘irdik. Ayniqsa, iyul oyi juda og‘ir bo‘lgan.
Lekin men o‘z jamoamga rahmat aytmoqchiman. Chunki 2020 yilning 15 martida hech qanday rag‘batlantirish to‘g‘risida so‘z yo‘q edi. O‘sha kuni xodimlarimga «kelinglar» deganimda, 2-3 soat ichida yig‘ilishdi. Chunki bizga 190ta bemorni tezroq evakuatsiya qilib, kovid yuqtirganlarni qabul qilish topshirig‘i berilgandi. Uzog‘i 5 soat vaqtimiz bo‘lgan. Shu muddat ichida hammasini o‘zgartirishimiz kerak, ularning orasida og‘ir ahvoldagilari bor edi. Xullas, bir qarorga kelish oson kechmadi. Ammo o‘shanda birorta xodimim «Iye, men o‘zim yuqtirib olsam nima bo‘ladi, buning uchun menga nima berasiz» degan savolni bermadi.
Bilasiz, 23 iyul ham eng qiyin damlar boshdan kechirilayotgan kunlarimizdan biri edi. Har kuni ikki martalab xonalarni aylanib, bemorlar ahvolini kuzatardim. Qechqurun xonamga kirib, internetni ochsam, koronavirus bemorlariga yordam ko‘rsatgan shifokorlarning mukofotlanganini ko‘rdim. Shular orasida o‘zimning familiyam ham borligini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Lekin men uchun eng katta mukofot – xodimlarim orasida o‘lim holati kuzatilmagani edi.
Besh yarim oy ishlab, ruhan charchaganim bois, ozgina dam olishga chiqib ketdim. Oktyabr oxirida yana ishga qaytdim. O‘shanda menga Toshkent bo‘yicha 38 ta muassasa koronavirusga xizmat qilgan bo‘lsa, aynan virusologiyaga yotaman, deb juda ko‘p odamlar murojaat qilishganini aytishdi. Ularga joy yo‘q deyishsa, koridorda bo‘lsa ham yotishga rozi ekanliklarini aytishibdi. Shu gapni eshitishning o‘zi ham biz uchun mukofot edi. Xalqning o‘zi bizni tanlabdimi, demak, shuncha qilgan mehnatlarimiz bekorga ketmabdi. Odamlarni hayotga qaytarishga o‘z hissamizni qo‘sha oldikmi, shuning o‘zi biz uchun katta baxt aslida.
Shohida Isroilova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter