Iste’molchilar federatsiyasi viloyatlarga qatnovchi taksilarni insofga chaqirmoqda
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi karantin sabab poytaxtdan viloyatlarga yo‘lovchilar oqimi ko‘paygach, yo‘lkira narxlari oshishi yuzasidan munosabatini e’lon qildi.
Ma’lumki, koronavirus xavfi tufayli joriy yilning 16-martidan barcha ta’lim muassasalarida, jumladan, kollej, litsey va oliy ta’lim muassasalarida muddatdan oldin ta’til e’lon qilindi va o‘qishlar to‘xtatildi.
Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida «Toshkent» avtovokzali tunu-kun 24 soatlik ish faoliyatiga o‘tkazildi.
Yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqqan holda «Uzautotrans service» koroxonasi yana qo‘shimcha 35 ta qatnovni yo‘lga qo‘ydi. Jami 70 ta qatnov orqali hozirda 4000 ga yaqin yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda.
Talaba o‘quvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida temir yo‘l va aviachiptalari 50 foizlik chegirma asosida qator ta’lim muassalari va talabalar turar joylarining o‘zida sotilishi tashkil qilindi.
«Bu albatta ijobiy hol. Ammo ayrim shaxslar borki mazkur vaziyatdan unumli foydalanib, cho‘ntagini qappaytirish ilinjida.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan 16-mart kuni soat 9-10 lar oralig‘ida Toshkentdan viloyatlarga qatnaydigan taksilarning narxi jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganildi.
Unga ko‘ra, Toshkent – Nukus yo‘nalishi 500000 so‘m, Toshken – Xorazm yo‘nalishi 500000 so‘m, Toshkent – Buxoro yo‘nalishi 200000 so‘mdan 250000 so‘mgacha, Toshkent – Navoiy yo‘nalishi 200000 so‘m, Toshkent – Surxondaryo yo‘nalishi 300000 so‘m, Toshkent – Qashqadaryo yo‘nalishi 200000 so‘m, Toshkent – Jizzax yo‘nalishi 80000 so‘mdan 100000 so‘mgacha, Farg‘ona va Qo‘qon 100000 so‘m, Andijon 150000 so‘mdan 200000 so‘mgacha, Namangan 150000 so‘mni tashkil etayotganligi kuzatildi.
Mazkur ma’lumotlar Toshkent shahridagi Qo‘ylik bozori yaqinida vodiyga qatnovchi taksilar joylashgan avtoturargoh hamda Olmazor metro bekati (sobiq Sobir Rahimov) yaqinida joylashgan avtoturargoh va uning atrofidagi taksi haydovchilar bilan qilingan muloqotlar asosida to‘plandi.
Federatsiya xodimlari tomonidan taksi haydovilariga narxni assossiz oshirmaslik yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi barcha fuqarolarimizdan kafolatli transport xizmatidan foydalanishga chaqiradi»- deyiladi federatsiya bergan bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter