Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vertolyotda bir kunda 30 tagacha parvozlar amalga oshirilmoqda – Mudofaa vazirligi

Vertolyotda bir kunda 30 tagacha parvozlar amalga oshirilmoqda – Mudofaa vazirligi

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Sardoba» suv omborida yuz bergan falokat tafsilotlari yuzasidan brifing bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik.

Brifingda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Bahrom Zulfiqorov quyidagilarni ma’lum qildi:

– Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi o‘pirilishi tufayli talafot ko‘rgan hududlarda toshqin oqibatlarini bartaraf etishga Mudofaa vazirligi harbiy okruglari hamda markazga bo‘ysunuvchi harbiy qism va muassasalardan shaxsiy tarkib, harbiy va maxsus texnikalar jalb qilindi.

Xususan, bartaraf etish ishlariga harbiy xizmatchilar, 1000 dan ortiq harbiy va maxsus texnikalar jalb qilingan.

Viloyatning toshqindan talafot ko‘rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida harbiy xizmatchilar tomonidan quyidagi bartaraf etish ishlari, ya’ni:

  • tumanlardagi aholi yashash uylari, mahallalar, ijtimoiy ob’yektlar, avtomobil yo‘llari va hududlarni to‘liq tozalash va obodonlashtirish ishlari olib borilib, bir kunda o‘rtacha 800 tadan ortiq xonadonlar obodonlashtirilyapti. Tozalangan va obodonlashtirilgan xonadonlar bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, o‘z egalariga topshirilyapti;
  • maxsus otryadlarning 300 ta dezinfektorlari va 30 ta maxsus texnikalar kuchi bilan barcha tozalash va obodonlashtirish ishlari tugatilgan ob’yektlarda, mahallalar va avtomobil yo‘llarida, shu jumladan uy hayvonlari nobud bo‘lgan joylarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur dezinfeksiya ishlari tizimli ravishda har kuni barcha  xonadonlar va ob’yektlarni hisobga olgan holda, shuningdek aholi evakuatsiya qilingan hududlarlarda ham o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan;
  • olib borilayotgan tozalash ishlari jarayonida topilgan qarovsiz chorva mollari va aholining moddiy qimmatli buyumlari o‘z egalariga topshirilmoqda;
  • joylarda toshqinda o‘lgan uy hayvonlarining topilgan jasadlari dezinfeksiya qilinib, ularni ko‘mish ishlari tashkil qilingan;
  • toshqin oqibatida yuvib ketgan va buzilgan ko‘priklarni tiklash ishlari olib borilyapti, ayni paytgacha Navbahor va Bahoriston aholi yashash punktlarini bir-biri bilan bog‘lash uchun 50 metrli ko‘prik yo‘lini tiklash uchun vaqtinchalik 7 ta ponton ko‘prik yo‘li yotqizildi. Xuddi shunday ishlar boshqa hududlarda ham davom ettirilyapti;
  • tozalangan va aholi ko‘chib kirishi uchun tayyor bo‘lgan hududlarda elektr toki transformatorlari ta’mirlanib, xonadonlarga elektr tokini uzatish ishlari olib borilyapti.

Hududlarda olib borilayotgan evakuatsiya va qidiruv ishlariga Mudofaa vazirligining HHM va HHK vertolyotlari jalb etilgan bo‘lib, ular tomonidan bir kunda o‘rtacha 30 tagacha parvozlar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, 1 maydan borish qiyin bo‘lgan nuqtalarga vertolyotlar yordamida jami 200 ga yaqin fuqaro evakuatsiya qilindi. Shuningdek, qayiqlar orqali ham 182 nafar fuqarolar evakuatsiya qilindi.

Talafot ko‘rgan hududlarda toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun jalb qilingan Mudofaa vazirligi tibbiyot mutaxassislaridan tomonidan 400 dan ortiq fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatildi hamda og‘ir ahvoldagi fuqarolar shifoxonaga yotqizildi.

Mudofaa vazirligining 11 ta psixologik guruhi tomonidan shu kungacha jami 40 taga yaqin ob’yektlarda 2190 fuqarolarning ruhiyatlarini mustahkamlash, ularning tushkunlikka tushmaslik, yo‘qotilgan barcha zararlarning qoplanib berilishi hamda mazkur talofat bilan bog‘liq barcha masalalar shaxsan davlat rahbarining e’tiborida ekani haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring