Vazir Hilola Umarova boshchiligidagi guruh Germaniyaga bordi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Germaniyada bo‘lib turibdi.
Bunda dastlab Myunxen texnika universitetida o‘tkazilgan «Chegaralarsiz: Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim, fan va sanoat bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichi imkoniyatlari» mavzusida xalqaro simpoziumida ishtirok etdi.
Simpoziumda vazir Hilola Umarova ikki davlat hamkorligida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, vazirlik huzuridagi Yangi O‘zbekiston universiteti hamda Myunxen texnika universiteti hamkorligining 3 yillik faoliyati yuzasidan taqdimot ham tashkil etildi.
Simpozium doirasida tashkil etilgan uchrashuvlar davomida Yangi O‘zbekiston universiteti talabalarining sanoatga tayyor kadr bo‘lib borishi uchun turli laboratoriyalar ochish, Siemens kompaniyasi tomonidan universitetning yangi kompusida laboratoriya o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazadigan alohida trenajyor markazlari ochish uchun dastlabgi kelishuvlarga erishildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari Myunxen texnik universiteti professorlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturini kengaytirish bo‘yicha ham muhokamalar olib bordi. Xususan, Yangi O‘zbekiston universiteti delegatsiyasi hamda Mitvayda amaliy fanlar universiteti rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki diplomli magistratura dasturini tashkil etish bo‘yicha anglashinuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra Sanoat boshqaruvi - innovatsiya va biznesni rivojlantirish dasturida talabalar ikkinchi semestrni Germaniyada davom ettiradi.
Uchrashuvlar doirasida Ingolshtadt amaliy fanlar universiteti bilan ham anglashinuv memorandumi imzolangan.
Unga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston universiteti talabalari Ingolshtadt amaliy fanlar universitetining yaqin hamkori hisoblanuvchi Audi va BMW kabi korxonalarida amaliyot o‘tashlari mumkin.
Vazir Hilola Umarova tashrif davomida Bavariya Parlamentining Ilm-fan va Madaniyat ishlari bo‘yicha qo‘mitasi boshlig‘i Robert Brannekemper bilan uchrashdi. Muzokaralarda hozirgi kunda Bavariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar, ta’lim va madaniyat sohalarida qo‘shma loyihalarni birgalikda tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Germaniyaning Drezden texnika universiteti, Drezden amaliy fanlar universiteti, Frayberg texnika universiteti, Nyurenberg universiteti bilan ham keng ko‘lamli hamkorlik masalalari muhokama etildi. Jumladan, Yangi O‘zbekiston universiteti hamda mazkur oliygohlarning kelgusidagi ta’limga doir hamkorlik rejalari ko‘rib chiqilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter