Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazir «Antistrumin» voqeasidagi xatoni tan oldi

Vazir «Antistrumin» voqeasidagi xatoni tan oldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Sog‘liqni saqlash vaziri A. Inoyatovning «Mamlakatimizda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning holati va istiqboli to‘g‘risida»gi axborotini eshitdilar.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘z chiqishida Namanganda bolalarning yod preparatidan zaharlanish voqeasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Antistrumin» voqeasini olaylik, bu «peredozirovka» ekanligini vazirlik yuz foiz tan olyapti. Bu holat bilan bog‘liq bo‘lgan barcha mas’ul xodimlar hozir qonun oldida javob berishni boshlayapti va albatta javob beradi ham.

Endi bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikni shaxsan men vazir sifatida zimmamga olaman. Tizimda kamchilik va muammolar juda ko‘p yig‘ilib qolgani uchun tizimli yondashuvni boshlaganmiz», dedi Amrillo Inoyatov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida Cho‘st tumanidagi ayrim bog‘chalarning yuz nafarga yaqin tarbiyalanuvchilari orasida tana haroratining ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgan va ular shifoxonaga yotqizilgandi.

Shuningdek, holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotgani aytilgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonot berib, holat nazoratga olinganini qayd etgandi. Maktab va bog‘chalarga tarqatilgan yod preparati iste’moli to‘xtatilgandi.

«Antistrumin» bilan bog‘liq milliardlik shartnomalar, shishirilgan narx va qidiruvdagi ta’sischi keng jamoatchilikda savollarni yuzaga keltirgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring