Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Vaqf» raddiya berdi, ammo «Malibu» haqida indamadi

«Vaqf» raddiya berdi, ammo «Malibu» haqida indamadi

Foto: «Vakillik.uz»

«Vaqf» xayriya jamoat fondi «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida «Saidqosim Buxoriy» degan foydalanuvchi tarqatgan xabarlarga raddiya berdi.

«Saidqosim Buxoriy» o‘zining «Majbur bo‘lyapman do‘stlarim. (Ramazon oyi Alloh o‘zi kechirsin)», deya boshlangan postida go‘yo vaqf mulki sifatida ajratilgan xonadonda Fond rahbarining o‘zi yashayotgani, shuningdek, uyi yongan fuqarolarga «Vaqf» fondi tomonidan ko‘rsatilgan muruvvat bilan bog‘liq boshqa holatni ham tilga olgandi.

Fond bu xabarlarni qat’iyan rad etar ekan, xabardagi voqeliklar o‘zgacha talqin qilinganini, shuningdek, asl holat qanaqa ekanini atroflicha bayon qilishga harakat qildi. Bundan tashqari, fond tomonidan amalga oshirilayotgan ayrim ishlar ma’lumot o‘rnida aytib o‘tiladi. Amalga oshirilgan xayriya ishlar haqida ma’lumot berilar ekan, ularga qancha miqdorda mablag‘ sarflanganini  aniq oshkor qilinmagan.

Xullas, «Saidqosim Buxoriy»ning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishini «fitna» deb baholagan «Vaqf» fondi ayni kunlarda mamlakatimizda muborak Ramazon oyi shukuhi kechayotganini eslatib, alohida ta’kidlaydiki, hozir shaytonu jinlar kishanlangan va butun mavjudotga rahmat va mag‘firat oyi bo‘lgan Ramazoni sharif oyida turibmiz. Ushbu oyni gunohu ma’siyatlar qilish bilan o‘tkazmaylik.

Yaxshi da’vat, a’lo amal bu.

Darvoqe, matni salmoqligina bo‘lgan raddiyada fond tomonidan sotib olingan «Malibu» mashinasi haqida indalmaydi. Kim bilsin, fond mutasaddilari «Saidqosim Buxoriy»ga bildirganidek, qimmatbaho «Malibu» xususida ham tezkor munosabat bildirganida turfa gap-so‘z, shubhalarga o‘rin qolmasmidi, deysan-da. Zero, fond o‘rinli ta’kidlaganidek, bunaqangi gap-so‘zlar xayriya ishlari kengayishiga to‘sqinlik qilib, natijada bundan faqat yordamga muhtoj bo‘lgan insonlargina jabr chekib, mehr-muruvvatdan bebahra qoladilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring