UzAuto Motorsda import o‘rnini qoplashi kerak bo‘lgan mahsulotlar sotilmayapti
«Milliy tiklanish» DP fraksiyasida Hisob palatasining 2020 yil uchun hisoboti tinglangan. Bu haqda Alisher Qodirov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Hisob palatasining ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Eksimbankining jalb qilingan 156,4 million dollar mablag‘i hisobiga barpo etilgan Angren shina zavodi 3 million dona shina ishlab chiqarishi va shinalar UzAuto Motorsda import o‘rnini qoplashi kerak edi.
Bugungi holat: Angren shina zavodi quvvatining 15 foizida ishlamoqda. Omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. Sababi doimgidek, sifat talabga javob bermaydi. So‘nggi ikki yilda UzAuto Motors 60 mln.dollarga yaqin shina import qilgan.
Loyiha noto‘g‘ri rejalashtirilganmi? Qarz to‘g‘ri ishlatildimi? Qarzdan kutilgan natija olindimi?
Savollarga: «...harakatlar boshlangan, sifat sertifikatlari olinmoqda», qabilida javob olindi.
Lekin savol tug‘iladi: nimaga endi?
Qarzning bir kuni ham to‘g‘ri rejalashtirilsa foyda olish mumkin, aksincha zararli yukka aylanadi.
Ikki yildan beri bu qarz iqtisodiyotimizga qancha zarar keltirmoqda?
Bunday xatolar islohotlarga jiddiy zarar beradi.
«Milliy tiklanish» DP Investitsiyalar va tashqi savdo vazirini ushbu masala bilan bir qatorda xorijiy qarz-investitsiyalarni samarali ishlatilayotganligi masalasida eshituvini tashkil qiladi, — deb yozadi Alisher Qodirov.
Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikda savollarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, bankiroff kanali muallifi quyidagilarni yozadi:
«Men O‘zavtomotorsning muxlisi va himoyachisi emasman. Lekin mana bu post va muhokamalardan kelib chiqilsa, O‘zavtomotors Angren shina zavodining bir tiyinga qimmat, raqobatga dosh bermayotgan shinalarini sotib olishga chaqiriq ko‘rinadi. Davlatga tegishli va samarasiz A korxona Davlatga tegishli, faqat mablag‘ o‘zlashtirish uchun yaratilgan B korxonadan shina sotvolsa, nima qipti?
Yechimmi shu? Samarasizlik ustiga ikki karra samarasizlik-ku bu.
Nega hech kim savol bermaydi? Angren shina zavodini kim davlat rahbariga prezentatsiya qilgandi? Bo‘yinturuq tashqi qarzni jalb qilishga kim bosh-qosh bo‘lgandi? Nega o‘tgan yili minglab o‘zbekistonliklarning hayotini asrash uchun jalb qilingan yuz milliardlab mablag‘lar Angren shina zavodi degan qora tuynukka yo‘naltirildi?
Buyam mayli, kauchuk plantatsiyalari degan asr maxinatsiyasi ortidan milliardlarni o‘zlashtirganlar ustida kim turgandi? Nega ular shu yaqin atrofda, yana eng yuqori lavozimlarda? Nega ular qamalmaydi?», — deb yozadi bankiroff.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter