Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Masharipov

Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil!

Urushga la’nat bo‘lsin!

Urushga la’nat bo‘lsin!

Foto: Energodar Novosti

Ayzade ismli qo‘shnimiz bor. O‘zbekchasiga Oyzoda. Otasi jizzaxlik, onasi esa turk. Opa otasiga tortgan chog‘i, qosh-ko‘zlaridan o‘zbekka o‘xshab turadi.

Opa bilan kecha do‘konda uchrashib qoldik, millatdoshi bo‘lganimiz uchunmi, yana otasi haqida gapirgisi kelib, o‘n daqiqacha suhbatlashib qoldik. Qon tortib tursa kerak-da, ko‘cha-ko‘yda ko‘rishib qolsak nuqul gaplashgisi keladi, bizni o‘ziga yaqin oladi.

Kecha Oyzoda opa gapirayapti-yu, ich-ichimdan urushni la’natlayapman. Chunki aynan urush tufayli otasi Jo‘mard aka bir umr vatandan, xesh-aqrabolaridan ayro yashadi. Kim biladi ichidan nimalar o‘tgan, qanday iztiroblarni boshidan o‘tkazgan, vatan sog‘inchini qanday yenggan?

Oyzoda opaning otasi Ikkinchi jahon urushi payti nemislarga asirga tushib qolgan ekan. Asirlikdan qanday ozod bo‘lganini bilmayman, lekin u va do‘stlari Sovet ittifoqiga qaytishni istashmagan, chunki buning oqibati yaxshi bo‘lmasligini bilishgan. Jo‘mard aka Turkiyaning Izmir shahriga, bir necha do‘stlari Manisa shahriga kelgan. Shu yerda uy-joy qilib, uylanib, bola-chaqali bo‘lishgan. Rahmatli Jo‘mard aka uyiga xat yozib, tirikligini ma’lum qilgan. O‘g‘lini o‘ldiga chiqarib, aza tutib o‘tirgan oila uchun bu qanchalik katta xursandchilik bo‘lganini tasavvur qilish qiyin emas. Ammo ko‘p xat yozishmabdi, chunki Jo‘mard aka oilasiga zarar yetishini istamagan, oilasi esa qo‘rqqan.

Urush tufayli Jo‘mard akaga o‘xshab oilasidan ayro tushganlar qanchadan-qancha...

Talabalar yotoqxonasida bir muddat suriyalik Ahmadnur ismli yigit bilan bitta xonada yashaganman. Oilasi, rafiqasi va yangi tug‘ilgan o‘g‘li Suriyada qolgan edi. Ahmadnur ularni o‘ylab kechasi bilan uxlamay chiqardi, ertalab ikkala ko‘zi ham qip-qizil. Ular bilan gaplasha olmasa, o‘sha kuni o‘zini qo‘ygani joy topolmasdi. Hali o‘zi biror marta qo‘liga olmagan o‘g‘lining rasmini hammamizga ko‘rsatib chiqardi. Har safar Ahmadnurning siqilganini ko‘rganimda tinchlik qanchalik ulug‘ ne’mat ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilardim.

Bu yerga oilamni olib kelgach, uyga ko‘chib chiqdim. Bir kuni ro‘paramizdagi uyning ikkinchi qavatiga suriyalik oila ko‘chib keldi. Ro‘paramizda bo‘lgani uchun shundoqqina ko‘rinib turibdi: uyga qandaydir matolar parda qilib osib qo‘yilgan, pol esa qup-quruq! Yoshgina bir ayolning qo‘lida go‘dagi bor. Kechasi qanday uxladi, bilmaymiz. Ertasi kuni uyimizdagi ko‘rpachalarni olib chiqib berdim. Bir nimalar deb dalda bergim keldi, lekin ular turkchani bilmaydi, men esa arabchani.

O‘sha kuni ham urushga la’nat aytgan edim...

Abror Masharipov, Izmir, Turkiya

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring