Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Uni yagona maqsadi harbiy zobit bo‘lish edi...»: Farg‘ona chegara postida vafot etgan askar haqida

«Uni yagona maqsadi harbiy zobit bo‘lish edi...»: Farg‘ona chegara postida vafot etgan askar haqida

Foto: Xabar.uz

«2019-yilning 6-mart kuni o‘g‘limizni harbiyga kuzatdik. Bolaligidan sportning kurash turi bilan shug‘ullangan bolam tengqurlariga nisbatan baquvvat, mushaklari bo‘rtib chiqqan, bo‘ydor bo‘lgani uchunmi, harbiy xizmatga olib ketayotgan mas’ullardan birining nazariga tushdi. O‘g‘lim bilan alohida suhbatda bo‘ldi. «Kelajakdagi maqsadlaring qanday?»—degan savoliga o‘g‘lim: «Mening yagona maqsadim harbiy zobit bo‘lish!»—deya qat’iyat bilan javob berdi. Mas’ul xodim o‘g‘limning yelkalariga «Barakalla!» deb urib qo‘ydi. O‘shanda o‘g‘limdan faxrlanib ketganman. Ko‘zlarimdan tirqirrab yosh chiqqan.

Afsuski, o‘g‘lim xizmat chog‘ida Farg‘ona chegara postida vafot etdi. Maqsadiga erisha olmadi...»,—deya og‘riq bilan o‘g‘lini xotirlab so‘zlaydi marhum askarning otasi Sobir Mirzayev «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda.

Marhum Bobur Mirzayev 1999-yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Avvaliga Buxoro shahridagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olgan Bobur 2018-yildan boshlab, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti qoshidagi 1-sonli akademik litseyda o‘qishni davom ettirgan. O‘qish barobarida bolaligidan «Dinamo» jismoniy tarbiya va sport jamiyati kengashi sport maktabi mashg‘ulotlarida qatnashgan. Taniqli kurashgir Sobir Qurbonovdan saboq olgan. Bundan tashqari, mustaqil ravishda bodibilding bilan ham shug‘ullangan. Litseyni tamomlagach, Milliy gvardiya institutiga hujjat topshirgan va yetarli ball to‘play olmagan.

Shundan so‘ng harbiy xizmatni o‘tashni ma’qul ko‘rgan. 6-mart kuni Buxoro shahar mudofaa bo‘limi tomonidan harbiy xizmatga chaqirilgan. Harbiy xizmat qasamyodini qabul qilgunga qadar Farg‘ona viloyati, Vodil tumanida joylashgan DXX chegara qo‘shinlarining 9229-harbiy qismida o‘tagan. So‘ng Quvasoy So‘ng Quvasoy shahridagi 9229-harbiy qismning 9-sonli chegara postiga ko‘chirilgan.

«O‘g‘limning chegara qo‘shinlarda xizmat ko‘rsatayotganiga hali 6 oy to‘lib-to‘lmagan edi. 2019-yilning 9-iyul kuni Buxoro shahar Mudofaa bo‘limidan o‘g‘limning o‘z avtomatini o‘qlab turgan vaqtida otilib ketgani va halok bo‘lgani haqidagi noxush xabarni yetkazishdi. Oyoq-qo‘lim tanamdan uzilib tushdi. Na yerdaman, na osmonda. Hush yo‘q. Tilim kalimaga kelmaydi. Bu shum xabarni onasiga qanday yetkazishni bilmay, cho‘ng qotganman. Hech bir ota-onaga bunday kulfatni ravo ko‘rmayman»,-deydi Sobir Mirzayev titrab.

Uning yarasini yana yangilayotganimizdan uzr so‘radik.

«Yo‘q, o‘g‘limni xotirlab kelibsizlar. Shuyam bizga madad»,-deya so‘zida davom etdi ota marhum o‘g‘lining suratlarini siypab qo‘yib.

«O‘sha yilning 10-iyul kuni soat 10:00 da o‘g‘limning jasadini tobutda keltirishdi. Buxoro shahar Mudofaa ishlari bo‘limi vakillari Bobur avtomatini o‘qlab turganda, bexosdan o‘zini otib qo‘yganini va uning o‘limi bilan bog‘liq boshqa sabablardan xabardor emasliklarini bildirishdi. Shu kuni soat 13:00 da o‘g‘limning jasadini tuproqqa qo‘ydik».

Bu gal o‘kirib yig‘lab yubordi ota.

O‘zi ekspert-vrach vazifasida ishlab kelayotgan Sobir Mirzayev 2019-yilda ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezidentga murojaat qilgan. «Farg‘ona chegara postida otib o‘ldirilgan marhum askar otasining murojaati» sarlavhasi ostidagi videomurojaat minglab foydalanuvchilar qalbini titratdi. Unda Farg‘ona viloyati, Quvasoy shahridagi Qirg‘iziston chegarasida tungi qorovullikda bo‘lgan buxorolik oddiy askar Bobur Mirzayevning halok bo‘lgani xususida so‘z borgan.

Sobir Mirzayev videomurojaati orqali Farg‘ona harbiy prokuraturasi tomonidan o‘g‘lining o‘limi «o‘z joniga suiqasd» deb rasmiylashtirilayotganidan noroziligi va bunga ishonmasligini ma’lum qilgan.

«O‘g‘limning o‘limi yuzasidan surishtiruv-tergov ishlari yakunlandi. Tekshiruv natijalari va xulosa hujjatlari rasmiylashtirildi. Nachora, o‘g‘limning o‘zimi sirliligicha qoldi»,—deydi ota.

Sobir Mirzayev ekspert sifatida agar o‘q yaqindan otilgan bo‘lsa, qorin atrofini jarohatlab, kuyish holatini vujudga keltirishi kerakligini aytdi. Bildirishicha, u o‘g‘li tuproqqa qo‘yilmasdan oldin jasadni ko‘rgan. Va yaqindan emas, o‘q uzoqdan otilgan, degan xulosaga kelgan.

«O‘q qoringa kirishda kichik iz qoldirgan va  bel sohasidan chiqib ketgan holatda edi. Avtomatdan 1 dona emas, 5 dona, shundan 1 donasi paxtavon, 4 donasi jangovar o‘q bo‘lgan. Sud-tibbiy ekspertizada ko‘rsatilganidek, birinchi o‘q avtomatini tozalayotgan vaqtda tirab otilgan bo‘lsa, keyingilarini o‘qlashda askar o‘zida kuch topa oladimi?»— deya har bir holatni eslab, ballistika ham to‘liq o‘tkazilmagani bildiradi Sobir Mirzayev.

Suhbatimizga marhumning onasi Dilfuza Rajabova kelib qo‘shildi. Marhum o‘g‘lining g‘amida ko‘zlarida dard qotgan ona kipriklaridagi namni artar ekan:

«Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin o‘g‘limni! Qanday vafot etgan bo‘lsa ham Vatan xizmati yo‘lida qurbon bo‘ldi. Bunday yurakporalikni hech bir ota-onaga ravo ko‘rmayman. Bugun uning o‘quvchilik davrlarida qo‘lga kiritgan yutuqlari, sportda erishgan natijalarini qayta-qayta ko‘rib, o‘zimga o‘zim dalda izlayman. Yaqin do‘stu-jo‘ralari bilan uzoq-uzoq suhbatda bo‘laman. Xuddi o‘g‘lim hali-hanuz davramizdadek taskin topaman. Mening harbiy zobit bo‘lolmagan Boburim  men uchun eng yagona harbiy zobit. Harbiy zobit bolaginam yurt xizmati yo‘lida jon berdi. Shunday deya o‘zimizni ovutishdan boshqa iloj yo‘q»,—deydi.

Bobur tahsil olgan maktabning tarix fani o‘qituvchisi Shohida Ochilova bilan bog‘langanimizda, ustozi uning tengdoshlariga nisbatan og‘ir, vazminligi, shuningdek, quvnoqfe’l yigit ekanini yodladi.

«Bilimi kuchli, fikrlashi ham juda teran edi Boburjonning. Kitobga, ayniqsa, tarix faniga ham qiziqishi baland edi. Gohida kechgacha kutubxonada qolib ketardi. Undan tashqari, bo‘sh vaqt topdi, deguncha sportzalga chopardi. Har doim aytadigan gapi shu: «Men katta bo‘lsam, harbiy zobit bo‘laman!»-derdi. Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan paytlari yuqori sinflarda o‘tkaziladigan Chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash saboqlarida qatnashardi. O‘zidan katta maktabdoshlari safida turib olardi. Fan o‘qituvchisi ham keyinchalik yuqori sinf o‘quvchilari qatorida qilichdek turgan Boburning harbiy mashqlarni o‘rganishiga ko‘maklashardi»,—deydi Shohida Ochilova.  

Suhbatimiz yana Sobir Mirzayev bilan davom etdi.

Sobir Mirzayevning so‘ziga ko‘ra, u marhum o‘g‘lining quroldoshlari bilan ham suhbatda bo‘lgan. Chegarada bo‘lgan otishmadan so‘ng Boburning qo‘lidagi ratsiyasiga chiqishgan. Javob bermagach, uni qidirishgan. 20 daqiqalardan so‘ng Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasi hududidagi okopdan murdasini topishgan. Ko‘p qon yo‘qotgan bo‘lgan.

«9 avgust kuni  Respublika harbiy prokuraturasi tomonidan mening nomimga xat keldi. Unda: «O‘g‘lingiz, 9229-harbiy qism oddiy askari Bobur Mirzayev, 2019- yil 9 iyul kuni chegara naryadini o‘tash vaqtida soat 12:10 larda o‘ziga biriktirilgan «AKM» rusumli o‘qotar quroldan o‘zining qorin sohasiga 1 dona 7,62 mm.li paxtavon va 4 dona 7,62 mm.li jangovar o‘q uzib, o‘z joniga qasd qilgan. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Bobur Mirzayevga nisbatan harbiy xizmatchilar tomonidan o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish bilan bog‘liq, ya’ni unga rahmsiz muomala qilish yoki harakatlar sodir etilmagani, uning hayotiga biror-bir shaxs tomonidan tajovuz qilinmaganini inobatga olib, uning o‘z joniga qasd qilib, vafot etganligi holatida biror-bir shaxs harakatida O‘zRJKning 103-moddasi va boshqa moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlar tarkibi bo‘lmagani sababli, 2019 yil 7 avgust kuni holat yuzasidan O‘zRJPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi»,—deb yozilgan edi deydi.

«Harbiy zobit bo‘lishdek maqsadlari bilan birga tuproqlarga ko‘milgan o‘g‘limning o‘limi biz uchun sirliligicha qoldi. Vaholanki, o‘shanda holat bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar harbiy sir ekanini bildirishgandi. Lekin, hali hanuz eshik «tiq» etsa, o‘g‘lim bilan bir safda turib xizmat qilgan quroldoshlari yoxud chegara harbiy qismi mas’ullari, deb yugurib chiqaman. Marhum o‘g‘limni tirigida ko‘rgan ko‘zlarni, u bilan suhbatda bo‘lgan safdosh birodarlarini ko‘rgim keladi. Zero, men oxirgi marta o‘g‘limni harbiyga kuzatayotgan chog‘imdagina ko‘rganman...».

Otaning bu so‘zlarini eshitib, beixtiyor ko‘zlarimizda yosh qalqidi. 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘g‘lining suratidagi gulchambarni yangilab qo‘ygan ota-onaga: «Harbiy zobit o‘g‘lingiz siz uchun faxr!» — deyishdan nariga o‘tolmadik.

Laylo Hayitova

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring