Umumbelgilangan soliq to‘lashga o‘tilsa, soliq yuki ko‘payadimi?
Ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga beriladigan afzalliklar imtiyozlar deb e’tirof etilgan — bu hammaga ma’lum. Lekin soliq to‘lovchilarni alohida toifalarga «bo‘ladigan» individual xususiyatga ega bo‘lgan imtiyozlar hisobiga qo‘llab-quvvatlash amaliyotining keng tarqalganligi, soddalashtirilgan va umumbelgilangan tartibda soliq to‘laydiganlar o‘rtasidagi soliq yuki darajasidagi farqning sezilarliligi soliq islohotlarini takomillashtirish konsepsiyasida muammo sifatida e’tirof qilinib, uni bartaraf etish me’yori, choralari aniq belgilangan.
Soliq yukini keskin kamaytirish, faol tadbirkorlikka keng yo‘l ochish, investitsiyaviy jozibadorlikni yanada oshirish maqsadlarida qabul qilingan konsepsiya kelgusi yildan o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsata boshlaydi. Eng asosiysi, u yoki bu soliq to‘lash tartibidagi tadbikorlarning soliq to‘lovlaridagi farqning deyarli birxillashtirilishi «soyadagi» tadbirkorlarning qonuniy faoliyat olib borishlariga imkon yaratadi.
Islohotlar qatorida, yillik tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish joriy qilinmoqda. Tabiiy savol paydo bo‘ladi, to‘lanadigan soliq turlari ko‘paysa soliq yuki ortmaydimi? Yo‘q albatta, konsepsiya doirasida soliq stavkalari keskin pasaytirilgan, ayrimlari bekor qilingan bo‘lsa, ba’zilar soddalashtirilgan.
— Sirdaryo viloyati bo‘yicha 2017-yil yakunlariga ko‘ra aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan korxonalar soni 334 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan o‘n oyida bunday korxonalar soni yana 324 taga ko‘payib, umumbelgilangan soliq rejimiga o‘tadigan korxonalar soni 650 tadan o‘tadigan bo‘ldi, mazkur korxonalar bo‘yicha hisob-kitob qilib ko‘rganimizda, ular ixtiyorida qoladigan mablag‘lar ijobiy tomonga o‘zgarishi kutilmoqda, — deydi Sirdaryo viloyati DSB Soliq ma’muriyatchiligi bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Abduqayum Abdushukurov.
Misol qilib keltiradigan bo‘lsa, ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Fortuna tekstil» korxonasi Sirdaryo viloyatidagi ko‘zga ko‘ringan ishlab chiqarish korxonalaridan hisoblanadi. Albatta, keng ko‘lamli ishlab chiqarish natijasida korxonaning yillik tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan bir necha barobar ortadi.
— 2017-yil yakunlariga ko‘ra, korxonamiz 27 mlrd. so‘mdan ortiq tovar aylanmasini amalga oshirdi, kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, 2019-yildan boshlab umumbelgilangan soliq solish tartibiga o‘tamiz, kelgusi yildan budjetdan tashqari jamg‘armalarga majburiy ajratmalarning bekor qilinishi, foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yagona ijtimoiy to‘lov stavkalarining pasaytirilishi hisobiga, o‘tgan yilga nisbatan 700 million so‘mdan ortiq mablag‘ korxona ixtiyorida qolishi kutilmoqda, — deydi korxona bosh hisobchisi Baxtiyor Orziqulov. — Bundan tashqari, ishchi va xizmatchilarning daromad solig‘i stavkasining yagona 12 foizga tushirilishi hamda 8 foizlik sug‘urta badalining bekor qilinishi qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga imkon berishi va korxona ish samaradorligining ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bizni yanada quvontirmoqda.
Konsepsiyadagi me’yorlar iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar tajribasi misolida o‘rnatilganligi respublikamizda qulay raqobat muhiti yaratilishiga, soliq qonunchiligi barqarorligi va soddalashtirilishini ta’minlashga va albatta investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Shuhrat Yo‘ldoshev,
Sirdaryo viloyati DSB
Jamoatchilik bilan aloqalar va
huquqiy axborot sho‘’basi boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter