Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Umida Teshaboyeva: «Yoshlar kitob o‘qimaydi demang, ular hatto taqrizchi, targ‘ibotchi va tarjimon»

Umida Teshaboyeva: «Yoshlar kitob o‘qimaydi demang, ular hatto taqrizchi, targ‘ibotchi va tarjimon»

Hozir yoshlar kitob o‘qimaydi, biz vaqtida juda kitobxon edik, degan stereotip qarashlardan qutula olmayotgandekmiz. Haqiqatdan ham hozir yoshlar o‘qimaydimi, vaqt va imkoniyatlarini mutolaaga sarflamaydimi?

Aslida, bu stereotip qarash va haqiqatni aks ettirmaydi. Bugungi kitobxon shunchaki o‘quvchi emas, balki o‘z bilim va salohiyatlarini amalga oshirayotgan ijodkor, tahrirchi va tarjimon sifatida ham jamiyatda o‘z o‘rnini topmoqda.

Masalan, bizning davrimizda yoshlar kitobxonlikni ko‘proq faqat bir qahramonning hayotiga qiziqish bilan bog‘lar edilar. Hikoyalar, romanlar orqali o‘zlari uchun yangi dunyo ochar, lekin e’tibori hikoyadagi qahramon yoki voqea markazida bo‘lardi. Mutolaa ko‘pincha ko‘ngilochish yoki tasavvurni rivojlantirish uchun xizmat qilardi...

Xuddi shu fikrlarimni bir tadbirda O‘zbekiston Milliy kutubxona rahbari Umida Teshaboyeva bilan o‘rtoqlashgandim, suhbatdoshim o‘shanda «men juda ko‘p yoshlarning bloglarini kuzataman, kitobxonlik guruhlariga a’zoman, bitta narsani ayta olaman bizda bunday kitobxonlikka targ‘ib qilish imkoniyati bo‘lmagan...»

Va o‘sha kichkina suhbat debochasi vaqt o‘tib katta suhbatga aylandi...

Men va siz o‘sha davrning kitobxoni bo‘lganmiz, ammo tan olaylik, hozirgi yoshlardek kitobni tahlil va tarjima qilish, taqriz yozishdek ishlarga qo‘l ura olmaganmiz. Bizning davrimizdagi kitobxonlik madaniyati bugunga kelib umuman boshqacha shakllanayotgandek...

– Hozirgi yoshlar kitob o‘qimaydi, degan fikrga mana shu soha mutaxassisi sifatida qo‘shila olmayman. Ularning mutolaa haqidagi tushunchalari ancha boshqacha. Biz bir paytlar ko‘proq badiiy kitob o‘qirdik va qahramonlar hayoti bilan yashardik. Yoshlar esa hozirgi paytda nafaqat badiiy adabiyot, balki kitobxonlikning ancha keng va murakkab yo‘nalishlariga qiziqmoqda. Ular ilm-fan, texnologiya, tarix, psixologiya, ijtimoiy muammolar, iqtisodiyot va boshqa turli mavzularda kitob o‘qishga intiladi. Va shu bilan birga o‘sish, o‘z ustida ishlash, shaxsiy rivojlanish haqidagi manbalarga juda kuchli intilishlari bor. Yana ular o‘z bilimlarini faqat o‘qish bilan cheklamay, tarjima, tahrir qilish, bloglar yozish, ijtimoiy tarmoqlarda fikr almashish orqali ham mustahkamlaydi. Bu esa  nafaqat kitobxonlik, balki intellektual faoliyatning ham o‘sayotganini ko‘rsatadi.

Shu tariqa yoshlar nafaqat kitob o‘qiyapti, balki o‘qibgina qolmay, uni qayta ishlash, qayta ifoda etish va jamiyatga taqdim etish bilan ham shug‘ullanmoqda. Ya’ni kitob va kitobxonlikka munosabat kabi tushunchalar davr talabi va ehtiyoji asosida u yoki – bu shaklda o‘zgarib borgan bo‘lishi mumkin. Muhimi, kitob insoniyatning eng buyuk kashfiyoti sifatida hamon o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay, yashab kelayotganidir.

– Demak yoshlar kitob o‘qimayapti, degan malomat emas – ularning o‘qiyotganini kuzatish va o‘rganish bugungi kitobxonga  motivatsiya beradi...

– Qachonki, biz yoshlarning haqiqiy qiziqishlari, o‘qish uslublari va bilim olish yo‘llarini tushunib olsak, munosabatimiz ham o‘zgarishi mumkin. Ya’ni bu  ularning hayotga, jamiyatga bo‘lgan qarashlarini ham anglash demakdir.  Aytmoqchimanki, yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini faqat tashqi ko‘rinishlar yoki umumiy stereotiplar asosida baholash noto‘g‘ri. Mutolaa yangi texnologiyalar va zamonaviy vositalar bilan bog‘liq ravishda sezilarli darajada oshdi. Masalan, elektron, audio kitoblar va onlayn platformadagi kurslar yoshlarga bilimni qulay va samarali tarzda qabul qilish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tashkil etilgan kitob klublari, muhokama guruhlari yoshlarni o‘zaro fikr almashishga, yangi kitoblarni kashf etishga rag‘batlantiradi.

 Bugungi yoshlar faqat o‘quvchi emas, ular tarjima va tahrirchilik salohiyatini ham rivojlantirmoqda.

Ya’ni «Biz o‘qirdik, hozirgi yoshlar o‘qimaydi», degan gaplar haqiqat emas,  balki yoshlikni, o‘tmishni ideallashtirish bilan bog‘liqmi?

– Bu gap ko‘pincha nostalgiya bilan aralashgan umumlashtirishdir. Odamlar o‘z yoshliklarini ideal holatda eslashga moyil – bu psixologik jihatdan tabiiy. Ular o‘z vaqtida o‘qigan kitoblarini, davrning jozibasini eslab, hozirgi avlodni ularning fonida baholaydilar. Aslida, o‘sha davrda ham kitobxonlar qatorida umuman qo‘liga kitob ushlamaganlar ham bo‘lgan.

Bugungi kitobxon tanlash imkoniga ega, ya’ni axborot tanlovi ko‘paygan. Avvallari axborotni kitob, kutubxona, televideniye va radiodan olardik. TV va radioni boshqara olmasdik, nimani taqdim qilishsa shuni ko‘rardik, Oldin kitob – asosiy bilim manbai edi. Endi esa kitoblar yoniga audio kitoblar, turli kitobxonlik guruhlari, shaxsiy bloglar qo‘shildi.

– Kutubxonadagi kuzatuvlarga ko‘ra, so‘nggi 2-3 yilda kitobxonlikka bo‘lgan qiziqish qanday o‘zgarmoqda? Qaysi yo‘nalishdagi asarlar yoshlar orasida ommalashgan?

– Ijtimoiy tarmoqlar, yoshlarning internetdan keng foydalanayotgani, qolaversa, fikr erkinligi, reklamaning jadal rivojlanishi, mashhur asarlarning tarjima nusxalarining ko‘payishi yoshlarni kitobxonlikka qaytargan omillardan. Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, kitobxonlik va kitobxonlikni targ‘ib qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, kutubxonachilik sohasiga oid qator hujjatlar imzolandi. Natijada kutubxonalarda zamonaviy sharoitlar yaratildi. Bilamizki, yoshlarni zamonaviy sharoitlar, texnika-texnologiyalar doim qiziqtirib kelgan. Endi yo‘nalishlarni aytadigan bo‘lsak, tilshunoslikka, zamonaviy kasblarga oid adabiyotlar doim trendda. Masalan, kompyuter texnologiyalari, dasturlash tili, art-dizaynerlik.... Hozir yoshlar hatto Alisher Navoiyning asarlarini tilni bilgani uchun turk tilida o‘qib solishtirish imkoniga ham ega. Biz u paytlari nari borsa rus tilida kitob o‘qirdik, ular bugun rus, turk, ingliz, xitoy tilida mutolaa qilmoqda.

– Kutubxonaga keluvchi yoshlar soni qaysi yildan ko‘tarilishi kuzatila boshladi? Aytaylik 10-15 yil oldin bilan solishtirganda. Ya’ni kitobxonlik bo‘yicha qanday hayotiy, ilhomlantiradigan misollar keltirgan bo‘lardingiz?

–   Milliy kutubxonaning yangi binosi 2012-yildan xizmat ko‘rsatishni boshlagan, avval bino 3 ta edi, buyurtmalar kunlab bajarilgan, raqamli kontent bilan xizmat ko‘rsatish ommaviy bo‘lmagan, chunki texnika yetishmagan. Endi esa o‘quv zallari hamda ulardagi ko‘p ehtiyoj seziladigan adabiyotlar joylashtirilgan ochiq fondlarning ko‘payishi, muloqot maydoni, kutubxona aurasi deymizmi, muhiti deymizmi, kutubxonaga keluvchi yoshlar sonini ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Bir paytlar kutubxonaga kirib-chiqishdagi masalalar ijtimoiy tarmoqda ko‘p ko‘tarilgan. Hozirda kirib-chiqish yengillashtirilgan, faqat qo‘riqlash xizmati bor. Shu bois o‘quvchilarimiz soni ko‘paydi. Respublika miqyosida Milliy kutubxona tizimidagi viloyat kutubxonalari sonini oshirayapmiz. Masalan Samarqand va Navoiyda kutubxona uchun bino qurilish ishlari boshlab yuborildi. Lekin Qoraqalpog‘iston Respublikasi axborot-kutubxona markazimiz uchun bino zarur. Chunki o‘quvchilar ko‘paymoqda, demak joy yetishmasligi muammosi uchrab turibdi. Kitobxonga birinchi navbatda sharoit yaratilishi, imkoniyatlarni taqdim etish va tanlash huquqini berish kerak! Shunda kutubxona kitobxonlarini yo‘qotmaydi, ko‘payishini ta’minlaydi. Ilhomlantiradigan tomoni haqida aytsam, boshqa kutubxona, kitob do‘koni, internet do‘konlarda topilmaydigan nashrlarning kutubxonamiz fondlaridan topilgani. Buni kitobxon biladi! Hozirda Milliy kutubxona imkoniyatlari kengaygan, chunki yagona elektron katalog orqali 14 ta hududdagi viloyat kutubxonalarimizdan nashrlar izlanadi, buyurtmalar amalga oshiriladi. Lekin, bu 100 foiz buyurtmalar bajarildi degani emas va bu tabiiy, dunyodagi eng yirik kutubxonalar amaliyotida ham bunday holat kuzatiladi. Bir o‘quvchi izlagan manbasini topsa mamnun, topmagani esa kutubxonamizda yo‘q, deya turli fikrlarni aytishadi.

Yana bir quvonarli holat ko‘plab katta-kichik hamkor tashkilotlar bilan loyihalar amalga oshirilyapti. Masalan, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filliali va Viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorlikda «Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun» loyihasi... Davlat xizmatchisi siz va biz, demak kutubxonaga a’zo bo‘lish, undan foydalanish kitobxonlikni kengaytirishda ahamiyatli. Raqamlarga e’tibor bering: mazkur loyiha doirasida tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari hamda kompleks tarkibiga kiruvchi barcha boshqarma va tashkilotlardagi davlat xizmatchilari to‘liq ishtirok etishmoqda. Ushbu loyihaning ilk natijalarini olsak, 2024-yil davomida jami Farg‘ona viloyat va tuman, shahar axborot-kutubxonalar a’zolik soni 19 ming nafardan oshgan, ya’ni o‘rtacha bir oy davomida 16 minga yaqin yangi kitobxon a’zo qilingan. Ushbu loyiha boshlangandan (yanvar oyida) viloyat va barcha tuman, shahar axborot-kutubxona markazlariga davlat xizmatchilarining a’zolik soni 53401 nafarni tashkil etdi. Bu kutubxonaga a’zolar sonining o‘tgan yilga nisbatan 3.3 barobarga oshganini ko‘rish mumkin.

– Kutubxonadagi eng ko‘p o‘qiladigan mualliflar kimlar va qaysi kitoblar?  

– Milliy kutubxona ijtimoiy tarmoqlari orqali har oy yakunida kitobxonlar tomonidan eng ko‘p mutolaa qilinadigan adabiyotlar top 10 taligini berib boradi. Bu ma’lumotlar Milliy kutubxonaning asosiy fondiga hamda ochiq fondlarga kitobxonlar tomonidan beriladigan buyurtmalar asosida aniqlanadi. Chunki buyurtmalarning statistikasi doimiy ravishda kutubxona mutaxassislari tomonidan yuritilib boriladi.  Ana shu ma’lumotlardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda  o‘zbek mualliflaridan O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Komil Sindarov, Tohir Malik, Javlon Jovliyev, Said Ahmad, Tog‘ay Murod, Ulug‘bek Hamdam... Jahon bestsellaridan tarjima asarlar. Xususan, Jeyms Klir «Atom odatlar», Jorj Oruell «1984», Den Braun «Raqamli qal’a», Robert Grin «Hokimiyatning 48 qoidasi», Deniyel Kiz «Eljernonga atalgan gullar».... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirishimiz mumkin. Shuningdek foydalanuvchilar o‘rtasida onlayn so‘rovnomalar o‘tkazish orqali ham  oxirgi vaqtda o‘qiyotgan kitobi, ko‘rsatilayotgan hizmatlar, kutubxona haqida fikrlarini o‘rganib boramiz va bu o‘z navbatida xato-kamchiliklarimiz ustida ishlashimizga qo‘l kelmoqda.

– Hozirgi yoshlar faqat kitob o‘qibgina qolmay, takliflar, tahlillar, retsenziyalar ham yozmoqda, dedik. Kutubxona bu jarayonlarni qanday qo‘llab-quvvatlayapti?

 –   Siz hozir kitobxonlikning eng yuksak bosqichi haqida to‘xtaldingiz. Faol kitobxonlik – ya’ni, yoshlar faqat o‘quvchi emas, balki ijodkor va tanqidchi sifatida shakllanmoqda.

 «Mahin’s World» (5 555), «Panda_books» (5 793), «The Stranger Kitoblar» (13 199), «Bobil_kutubxonasi» (6 134),  «bookfather» (2 600), «audio» kitoblar guruhida (101 000), «audio.pdf» (62 000), «Birga kitob o‘qiymiz» (84 000), «Kitobxon millat», tanlov boti (77 000) kabi har doim kuzatib boradigan telegram kanallardan tashqari Facebook saytida

«Kitobxonlar davrasi» 82 mingdan ziyod, «Hikoyalar va qissalar» guruhida 30 mingdan ziyod, «Kitobsevarlar, kitobxonlar», «Men sevgan she’riyat», «Adabiyot bo‘stoni» kabi guruhlarning kamida 3000 ming ko‘pi bilan 10000 minga yaqin a’zolari bor. Yana kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan «Kitob olami», «Asaxiy.uz» saytlari, «Book.uz» bloglari, «Bukinist», «Bukinist Tashkenta», kabi guruhlar mavjud... Va aynan shu guruhlar va bloglarda yosh taqrizchilarni, tarjimonlarni kashf qilishingiz mumkin. Biz kutubxona sohasi mutaxassislari esa ularni qo‘llab-quvvatlash uchun turli tadbirlar, yozuvchi va ijodkor, olimlar bilan uchrashuvlar, tanlovlar uyushtirish uchun doimo tayyormiz, eshiklarimiz ochiq.

– Keling, yoshligiimzda ushalmay qolgan orzularimizdan biri – o‘z kutubxonamiz haqida gaplashsak. Eslayman, deyarli hech kimning uyida shaxsiy kutubxona yo‘q edi, kitoblarimiz umumiy shukaflarda darsliklar turgan javonda taxlanib turardi. Va shaxsiy kutubxonani katta-katta olimlar, yozuvchilar uyidagina ko‘rardik...

– To‘g‘ri u paytlari uyimizda kichkina bir burchakda kitob javonlari  bo‘lardi, ammo kitoblar uchun alohida shkaf yoki xona bo‘lmagan. Hozir internetdagi guruhlar va do‘stlarim orasidagi yoshlar orasida o‘z kutubxonasini yaxshi ma’noda «maqtanish», ko‘z-ko‘zlash urf bo‘ldi. Masalan Otabek Bakirov ismli yosh talaba yigit alohida o‘z kutubxonasiga ega bo‘lgani, javon yasatgani, kutubxonasini boyitayotganini doimo post qilib boradi.

(Otabek Bakirov kutubxonasi)

Yana bir e’tiborli jihati, o‘sha davrlarda bizga kimdir bir donagina kitob sovg‘a qilishsa ham katta gap edi. Lekin yaqinda bu yigitga ustozlaridan biri 50 dona kitob sovg‘a qildi. Bunday misollar juda ko‘p. Ya’ni ko‘rinib turibdiki, hozir kitobga o‘chlar ham va kitobxonlarga kitob sovg‘a qiladiganlar ham avvalgidan ko‘ra ancha ko‘p va faollashgan.

(Otabek Bakirovga Laziz Raxmatov tomonidan sovg‘a qilingan kitoblar)

Biz katta avlod yoshlarning ovozini eshitishimiz, qiziqishlarini anglashimiz, ularga munosib javob bera olishimiz kerak. Yuqorida aytganimdek, yoshlar nafaqat varaqlanadigan qog‘ozli kitob, balki elektron kitoblar o‘qiyapti, tahlillar yozayapti, hatto o‘zlari tarjima qilgan asarlarni bir-biriga tavsiya qilyapti, ya’ni tom ma’noda targ‘ibotchi ham – bu kitobxonlikning yangi qiyofasi, yangi ruhi. Ular kitobdan yuz o‘girgani yo‘q – ular faqat yangi shaklda o‘qiydi, o‘rganadi, muhokama qiladi. Uni rad etish esa kelajakka ko‘z yumish demakdir...

– Kitobxon yoshlar safi yanada ko‘payishi yo‘lida qilayotgan xayrli ishlaringiz bardavom bo‘lsin. Vaqt ajratganingiz uchun tashakkur...

P/S: maqola tayyorlash asnosida suhbatdoshim ayni paytda Xitoyda ekanligini, u yerda ham jurnallarini tarqatib yurganini aytib qoldi...

(Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva Xitoyda)                                                                                                                                     Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring