Buxoro markazidagi festivalda 15 mingdan oshiq yoshlar to‘plandi (foto)

Buxoroda «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida yoshlar festivali o‘tkazildi. Viloyatning Eski shahar qismidagi «Poyi Kalon» majmuasi, «Shahriston» maydoni, «Ark» qo‘rg‘oni atrofida tashkil etilgan loyiha, ko‘rgazma va dasturlarlar doirasida 15 mingdan ziyod yoshlar ishtiroki ta’minlandi.
Garchi, bir qarashda, yoshlar tashkilotlari tomonidan ilgarigi yillarda o‘tkazilgan yirik loyiha va tadbirlar oldida bugungi festivallar arzimas bo‘lib tuyulsa-da, yoshlar erishgan va erishayotgan yutuqlar salmog‘i yuz yilliklarga tenglashib bormoqda. Ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalaridagi o‘zgarishlar, ayniqsa, zamonaviy texnologiya va ITning rivoji yanada barqarorlashdi.
Festival yoshlarda birlik, hamjihatlik, ijodkorlik, bilimga chanqoqlik kabi fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qilib, ularning faol hayot pozitsiyasini shakllantirishga zamin yarata oldi. Texnologik loyihalarga ixtisoslashgan maxsus loyiha «IT-School»da ishtirok etgan yigit-qizlar yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan zamonaviy kompyuterlardan foydalangan holda, veb-dizaynlar hamda yangi saytlar yaratish, «twitter»da muloqot qilish, 5D texnologiyalar asoslari haqida bilimlar olishga muvaffaq bo‘lishdi. Tajribali trenerlar tomonidan o‘tkazilgan qiziqarli trening ishtirokchilarni texnologiyalarning yangicha olami sari chorladi.
Keraklilik – baxt
Festivalning muhim jihati — Buxoro viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida maxsus maktab-internatlari o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘ldi.
Unda nogironligi bo‘lgan yoshlar tomonidan yaratilgan turli hunarmandchilik buyumlari, qo‘l mehnati mahsulotlari keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi va savdoga qo‘yildi. Bu esa, nogironligi bo‘lgan yoshlarga jamiyat e’tiborini qaratishda muhim qadam bo‘ldi. Ayniqsa, xorijlik sayyohlar ushbu mahsulotlarning asosiy xaridoriga aylanishdi.
«Men adashmayman: Buxoro – O‘zbekistonning yuragi. Bundan 11 yil ilgari Buxoroga kelganman. O‘shanda internet masalasida muammo yuzaga kelganda, mahalliy yoshlarga so‘rovim ochiq qolgan. Deyarli, internetga qiziqishmasliklari, zamonaviy texnologiyalardan xabarsiz ekanini bildirishgan. Bugun qadim go‘sha Buxoroyi sharifga sayohatimiz yoshlar festivali bilan uyg‘unlashib ketdi. Yoshlarning internet, balki zamonaviy texnologiya va IT sohasida ilgarilab ketishgani meni hayratlarda qoldirdi. Ayniqsa, robototexnika shu qadar rivojlanib ketibdiki, yoshlar tomonidan yaratilgan bunday texnologik uskunalardan bemalol oilaviy uy sharoitida, ko‘chada va hatto, ishda ham foydalanish imkoni bor. Jismoniy nuqsoni bor yoshlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning savdo ko‘rgazmasi tashkil etilgani yanada qoyil qoldirdi. Xarid qildik. Bolalar ko‘zidagi quvonchni aytmaysizmi? Bevosita shu festival ishtirokchisiga aylandik-qoldik. Mana, bizga hatto, yoshlar tashkilotlari belgisi tushirilgan futbolka va kepkalar berishdi»,-dedi germaniyalik sayyoh P’eer Veeldon.
Fransiyaning Nant shahridan tashrif buyurgan sayyoh Send Benedikt esa «Biz ham O‘zbekistonni sevamiz!»-dedi.
Ayonki, O‘zbek xalqi — saxovatpesha, oqibatli xalq. Barcha insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatadi, yetimlarning boshini silaydi, jismoniy nuqsoni borlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Xalqimizga xos ana shu odatlar yoshlar festivalida ham o‘zligini namoyish etdi. Nogironligi bo‘lgan yoshlarning, hunarmandchilik yo‘nalishidagi mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
«Qator yillar davomida men va men kabi yoshlar bunday yirik festivallarga bu qadar ommaviy ravishda jalb etilmaganmiz. Bunday paytlarda o‘zimizni kamsitilgandek sezib kelganimizni ham yashirmaymiz. Bugun esa sport musobaqalaridan tortib, san’atgacha, «Zakovat» bellashuvlaridan tortib, zamonaviy IT sohasigacha ishtirokimiz ta’minlandi. Keraklilik – baxt ekan. Men shu baxtning bir bo‘lagiman!»-dedi Buxoro shahridagi 24-sonli ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasi o‘quvchisi.
Yoshlar muammolarini hal qilish – rahbar burchi
Festival o‘z loyihalari davomida «Vatan himoyasi – yuksak mas’uliyat» tushunchasini targ‘ib qila oldi. Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar Buxoro shahrida joylashgan harbiy qismlarda ham tashkil etildi. Uchrashuvlar va davra suhbatlari yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirdi. Harbiy xizmatchilar, harbiy bilim yurti kursantlari bilan uchrashuvlar shular jumlasidandir.
«2025-o‘quv yilidan boshlab maktabning yuqori sinfidaman. To‘g‘risi, quyi sinfimning ketma-ket ikki yilida VEN nazoratida turganman, yashirmayman. Ota-onam yuqori sinfimni ham «VEN»da kechishidan yuragini hovuchlab turadi. Bir kuni sinfimizga Buxoro viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i keldi. Mendan: «Sening nima muammoing bor!» deb so‘radi. Men: «Harbiy bo‘lmoqchiman. Ammo, muammo – mening bezoriligimda!»-dedim. Gapimga hamma kuldi. Men va yoshlar tashkiloti boshlig‘igina kulmadik. «Sen, albatta, harbiy bo‘lasan! Men seni bir kuni harbiy qismga yetaklab boraman!»-dedi-da, chiqib ketdi. Shu bilan ikki-uch oy ko‘rinmadi. Kuni kecha tong saharlab shu kishi maktabda yozgi ta’til boshlangani uchun uyimizga kelibdi. «Senga bergan va’dam bor. Seni hozir bir yoqqa olib boraman, bu senga harbiy bo‘lishing uchun poydevor bo‘ladi»,-dedi-da meni o‘zi bilan ergashtirib ketdi. Borgan manzilimiz harbiy qism ekan. Bilasizmi, yuragim shunaqa urib ketdiki... harbiy qism ostonasidan kiriboq, Vatanga, yurtga bo‘lgan tuyg‘ularim oshdi. Harbiy kiyim kiydirishganida esa ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Harbiy qurol-yarog‘, texnika vositalari bilan mashq qildirishdi. Kursandlar bilan suhbatda bo‘ldim. Men, albatta, harbiy bo‘laman va o‘zgaraman, deya o‘z-o‘zimga qaror qildim. Meni jasoratga, dadillikka chorlagan yoshlar tashkilotidan minnatdorman»,-dedi Buxoro shahridagi N-sonli maktab o‘quvchisi Ibodjon Rahimov.
Festival doirasida tashkil etilgan loyihalar ma’naviy jihatdan erkin va ozod bo‘lgan yoshlarning hayot irodasini mustahkamlashda, e’tiqodini yuksaltirishda, jamiyat ravnaqi uchun orzu-umid qilishdan charchamaslikka va o‘z maqsadlarini amalga oshirishda ularga kuch bag‘ishladi. Turli yo‘nalishlarda o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazgan yoshlar o‘z intellektual qobiliyatlari, tashabbuskorlik layoqatlarini kashf etishdi.
Yoshlar va mutasaddi rahbarlar ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvlar yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash va ularni qiynayotgan ayrim muammolarga e’tibor qaratildi. Yuzma-yuz uchrashuvlarda yetakchilar faoliyatida erishilgan yutuqlar barobarida mavjud kamchiliklar borligi, ularni bartaraf etish vaqti allaqachon yetgani xususida so‘z bordi.
«Yurtimiz egalari bo‘lgan yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan va tashvishlantirayotgan masalalarga quloq tutish, asosiysi, yoshlar muammolarini hal qilishga kirishish, e’tibor ko‘rsatish – har bir mutasaddi rahbarning burchi. Shu burch har bir lavozim egasi zimmasiga mas’uliyat bo‘lib yuklanganki, bunga panja ortidan qarash – yurt kelajagiga bolta urish bilan barobar»,-dedi Buxoro viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov o‘z so‘zida.
Uchrashuvda arzimas sabablar bilan ajralish ostonasida turgan yosh oilalarni yarashtirish, turli xorij davlatlariga ish izlab ketayotgan yoshlarda til o‘rganish darajasini oshirish, muomala madaniyatini rivojlantirish, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligi uchun mehnat muhofazasini kuchaytirish zarurligi borasida munozaralar bo‘ldi.
Festival loyihalarining turli yo‘nalishlarida g‘olib bo‘lganlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov yoshlarga omadlar tiladi va turli sohalarda erishayotgan yutuqlariga alohida to‘xtaldi.
«Bugun ertamiz egalari qaysi sohada bo‘lmasin, o‘z o‘rniga ega. Ular o‘z sohalari rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Qolaversa, viloyat iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi kuchga aylanmoqda. Buxorolik yoshlar bugun ilm-fanda ilg‘or, zamonaviy fikr, kreativ tashabbuslarga ega. Yoshlarimiz kichik biznesdan tortib yirik investitsion loyihalarni ham amalga oshirish qodir!» – dedi Botir Zaripov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter