Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina urushi aks sadosi, Rossiya propagandasiga qarshi kurash yo‘li – AQSh davlat kotibi muhim masalalarga munosabat bildirdi

Ukraina urushi aks sadosi, Rossiya propagandasiga qarshi kurash yo‘li – AQSh davlat kotibi muhim masalalarga munosabat bildirdi

Rossiya Ukrainaga qarshi bir yildan buyon olib borayotgan urush asoratlarini butun dunyo, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari ham his etmoqda. Bu haqda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 1 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirdi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri.

«Tashrifim Putinning Ukrainaga qarshi tajovuziga bir yil to‘lgan muddatga to‘g‘ri keldi. Bu (urush) butun dunyo, jumladan, Markaziy Osiyoga ham mushkulotlar keltirayotir... Darhaqiqat, ayrim mintaqalar Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonga qaraganda ko‘proq aziyat chekdi, oziq-ovqat mahsulotlari va energiya manbalari narxi oshib ketdi. Har doimgidek, buning azobi eng zaif qatlamga kuchliroq sezilmoqda. Shu bois ham Qo‘shma Shtatlar Putin Ukrainaga urush ochganidan buyon mintaqa davlatlariga 16 mln dollardan iborat shoshilinch oziq-ovqat yordamini taqdim etdi», – dedi davlat kotibi. 

Blinkenga ko‘ra, mavjud qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston xalqi va hukumati ukrainaliklarga nisbatan saxovat namunasini ko‘rsatib, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berdi. 

Qo‘shma Shtatlar bosh diplomati Moskva boshlagan urushning xatarli tendensiyaga aylanishi xavfidan ogohlantirdi.

«Rossiya bosqini mintaqada chuqur xavotir uyg‘otdi. Sirasini aytganda, qudratli mamlakat suveren qo‘shnisining chegaralarini kuch bilan buzishga harakat qilar ekan, boshqalarga ham xuddi shunday qilishiga nima xalal beradi? Markaziy Osiyo mamlakatlari buni yaxshi tushunadi. Qo‘shma Shtatlar va uning butun dunyodagi hamkor va ittifoqchilari ham. Aynan shu bois ham biz nafaqat Ukraina, balki Markaziy Osiyo va butun dunyo mamlakatlarining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini himoya qilishda sobitdirmiz», – dedi yuqori martabali mulozim.

Ma’lum qilinishicha, urush manzarasida Vashington savdo yo‘llarini diversifikatsiyalash va mintaqada ishchi o‘rinlari yaratish uchun Markaziy Osiyo davlatlariga 25 million dollar ajratadi.

Davlat kotibi The New York Times jurnalistining Ukraina ixtilofini muzokara yo‘li bilan hal etish imkoni xususidagi savoliga javob berar ekan, urushni boshlagan Putin uni istasa bugunoq to‘xtashi mumkinligini urg‘uladi. Ammo Kremlning tinchlik haqidagi bayonotlari samimiy ekani dargumon.

«Agar prezident Putin bosqinni to‘xtatib, konstruktiv muloqot boshlashga chindan ham tayyor bo‘lganda edi, biz birinchilardan bo‘lib bunga bosh qo‘shgan va jonbozlik ko‘rsatgan bo‘lar edik. Ammo buni tasdiqlovchi birorta ham dalil yo‘q. Aksincha, dalillar teskarisini so‘ylamoqda. Prezident Putinning bayonotlarini tinglab ko‘ring. Birgina misol keltiraman: yaqinda u Ukraina «yangi hududiy voqelik»ni tan olmas ekan, hech qanday muloqot bo‘lmasligini ta’kidladi. Boshqacha aytganda, Ukraina Rossiya o‘z hududlarini tortib olganiga ko‘nmas ekan, ular muloqotga kirishmaydi», – deya ziddiyatni diplomatik yo‘l bilan hal etish ehtimolini baholadi siyosatchi.

Tahlilchilarga ko‘ra, butun dunyoda, jumladan, Markaziy Osiyoda Rossiya propagandasi kuchaygani kuzatilmoqda. Matbuot anjumani davomida Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosat mahkamasi rahbaridan Kreml propagandasiga qarshi qay yo‘l bilan kurashish mumkinligi ham so‘raldi.

«Bu kuchli, faol va yaxshi ta’minlangan mahalliy OAV qanchalar muhimligini tasdiqlamoqda. Bugun prezident (Shavkat Mirziyoyev) bilan shu masalani ham muhokama qildik. Rossiya yoki boshqa manbalardan kelayotgan dezinformatsiyaga qarshi kurashish chindan ham muhim», – deb ta’kidladi u.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlarning mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlovchi dasturlari mavjud.  Ayni choqda, Vashington boshqa davlatlar hukumatlari bilan muloqotda mustaqil OAV unib-o‘sishi, fikrlar xilma-xilligi muhiti shakllanishi muhimligini eslatib kelmoqda.

«Shubhasiz, Rossiya propaganda va dezinformatsiyaning juda kuchli va mustahkam tizimini yaratdi va uning ta’siri dunyoning boshqa burchaklarida ham sezilmoqda. Bunga qarshi eng yaxshi javob – chinakam erkin, mustaqil va ochiq OAV muhitini yaratishdir. Toki ular jamoatchilikka faktlarni yetkazsin va odamlarga erkin qaror qabul qilish imkonini bersin», – deya xulosa qildi AQSh davlat kotibi.

Avval xabar berganimizdek, E.Blinken matbuot anjumani davomida O‘zbekiston bilan ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikka ham alohida to‘xtalgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring