UEFA «Inter»ga Eriksen bilan yuz bergan «ko‘ngilsiz voqea» badalini to‘ladi
Yevro-2020 turnirida Daniya terma jamoasi futbolchisi Kristian Eriksen maydonda hayot bilan vidolashishiga bir bahya qolgandi (yuragida muammo paydo bo‘lgandi).
O‘sha voqea uchun UEFA, Yevropa chempionati tashkilotchisi sifatida, Milanning «Inter» jamoasiga 3 mln yevro badal to‘ladi.
Voqea yuz bergan 2021-yilning yozida Eriksen «Inter»ga tegishli ekani bois jamoa pulli badal olishga haqli edi. CalcioMercato xabar berishicha, pul milanliklar hisobiga kelib tushgan.
Daniya – Finlyandiya o‘yining 43-daqiqasida Eriksen yiqilib tushib, klinik o‘limni boshdan o‘tkazgandi. Sog‘ayib, davolangan futbolchi shifoxonadan yuragiga o‘rnatilgan defibrillyator bilan chiqdi, biroq endi u «Inter»da faoliyatini davom ettira olmasdi — bunaqa apparatlar bilan maydonga tushish Italiyada taqiqlangan.
Italiyadan Angliyaga yo‘l olgan daniyalik avvaliga «Brentford»da to‘p surdi, hozir «Manchester Yunayted» safida, yozdan buyon 15 o‘yinda maydonga tushdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter