Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uch oyda 90 ta qotillik sodir etildi. Xo‘sh?

Uch oyda 90 ta qotillik sodir etildi. Xo‘sh?

Bosh prokuraturaning prokuratura organlari tergov tarmoqlari faoliyati ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan 2019-yilning dastlabki uch oyida tergov qilingan jinoyat ishlari tahlil e’lon qilindi.

Aytilishicha, joriy yilning birinchi choragida prokuratura organlari tomonidan 3 212 ta jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazilgan, bu raqam o‘tgan yilning shu davriga taqqoslaganda 190 taga yoki 1,5 foizga kam degani ekan. Turgan gapki, tergov qilingan ishlarning kamayib borayotganligi jinoiy javobgarlikka tortilayotgan shaxslar sonidan to‘g‘ri ma’noda «baraka» ko‘tarilayotganini ham anglatadi. Ya’ni, o‘tgan yilning shu davrida 1 819 nafar shaxsga nisbatan 1 183 ta jinoyat ishi sudga chiqarilgan bo‘lsa, bu yil 1 756 shaxsga nisbatan 1 129 ta «delo» sudga oshirildi.

Kammi? Kam. Qanchaga? 54 ta(4,5 foiz)ga.

Tahlilning e’tiborga molik nuqtalari yetarlicha. O‘tgan chorakda bitta kam to‘rt yuzta qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi dastlabki tergovdayoq Jinoyat-protsessual kodeksining (JPK) 83 va 84-moddalariga asosan harakatdan tugatilgan. JPKning 83-moddasiga ko‘ra «ish» tugatiladi, qachonki, gumondor yoki ayblanuvchining jinoyatga daxli yoki qilmishida jinoiy alomatlar bo‘lmasa. 84-modda esa sal boshqacharoq: unda shaxsning aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun qator asoslar keltirilgan. Umumiy ma’nosi shuki, seni ayblilik darajangni aniqlash uchun riyozat chekish shartmas, qolaversa, aybingni isbotlab, javobgarlikka tortishdan o‘zingga ham, jamiyatga ham foyda yo‘q, bu yog‘iga ko‘zingni ochibroq yursang — o‘zing ham manfaat topasan, boshqalar ham: salomat bo‘l, og‘ayni... Xullas, o‘tgan uch oyda shaxsning ayblilik darajasini hal qilmay tugatilgan ishlar soni 189ta bo‘lsa (o‘tgan yili 120 edi), tergovning o‘zidayoq aybsiz ekani bois yuzi yorug‘ bo‘lgan shaxslar 219 nafarni (o‘tgan yili 143 nafar edi) tashkil etdi.

Bu raqamlarga nega alohida urg‘u berilmoqda? Gap shundaki, yaqin-yaqingacha «jinoyat ishi qo‘zg‘atildimi, albatta «delo» sudga chiqishi kerak!» degan g‘alati tamoyil bo‘lardi deng. Tergov davomida gumondor yoki ayblanuvchining jinoyatga aloqasi yoki qilmishida jinoyat alomati bor-yo‘qligidan qat’i nazar, u sudning qora kursisiga o‘tqazilishi shartday edi go‘yo. Eng yomoni, shunaqa puflab-shishirilgan «delo»larni suddan «o‘tkazish» uchun bor imkoniyat ishga solinardi ham. Endi esa shaxsning aybsizligi tergov jarayonidayoq ochiq-oshkora e’tirof etilib, bezovta qilingani uchun kerak bo‘lsa, uzr so‘ralmoqda hatto!

Ayblovga tish-tirnog‘i bilan yopishib oladigan prokuraturaning o‘zi shaxsni oqlash haqida sudlarga protestlar kiritayotgani-chi?

E’tirofga loyiqmi? Albatta.

Gap jinoyatchilikka borib taqalar ekan, sodir etilgan og‘ir jinoyatlar va ularning fosh etilishi haqidayam ikki og‘iz gapirishga ehtiyoj seziladi. Raqamlarni so‘zlatsak, respublika bo‘yicha 2019 yil 3 oyida 90 ta qotillik jinoyatlari sodir etilibdi (albatta bu ham ko‘p, lekin ko‘pgina xorijiy davlatlarga solishtirganda bu deyarli 8-15 barobar kam ekanini ta’kidlash shartday). O‘tgan yilga (123) taqqoslaganda 33 taga yoki 26,9 foizga kam bu, albatta. E’tiborlisiki, qotillik jinoyatlarining 89 tasi allaqachon fosh etilgan, faqat bittasi ochiq turibdi, xolos.

Shu-u-unchasi ochilgan ekan, bittasi «dam yeb» yotmas?

Yo, nasib...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring