Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Beshta viloyatda «yer sotuvchilar» qo‘lga olindi

Beshta viloyatda «yer sotuvchilar» qo‘lga olindi

Foto: Xabar.uz

Sirdaryo, Toshkent, Xorazm, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlari bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi.

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani hokimligi mas’ul xodimi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning 15 gektar yer maydonini 3 yil muddatga ijaraga berish uchun 360 mln so‘m talab qilib, shuningdek, o‘z mansab mavqeidan foydalanib, mazkur yer maydonining toifasini kovrak o‘simligini ekishga o‘zgartirish bo‘yicha tuman hokimining qarorini chiqartirib berish evaziga fuqarodan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi banklardan birining Kredit operatsiyalari va axborot almashinuvi bo‘limi boshlig‘i hamda Biznes mijozlarini kreditlash bo‘limi boshlig‘i, shuningdek, 1992 va 1999-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro o‘zaro kelishgan holda, O‘rtachirchiq tumani hokimligi tomonidan mahalliy MChJlardan biriga bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish maqsadida ajratib berilgan 5,99 gektar yer maydonini xaridorga 455 ming AQSh dollariga sotishga kelishishadi.

Ular avans sifatida 70 ming AQSh dollari va mazkur yer maydonining toifasini mansabdor tanishlari orqali issiqxona faoliyatiga o‘zgartirib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari, jami 85 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Xorazm viloyati Shovot tumanida yashovchi, 1984-y.t. fuqaro o‘zining 1989 y.t. singlisi bilan kelishgan holda, tuman hokimligi zaxirasidagi 2500 m2 ekin yer maydonini kadastr idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 66 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 45 ming AQSh dollari va 130 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Xorazm viloyati Yangibozor tumani investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalangan holda, «E-auksion» savdolariga qo‘yilgan 1 gektar yer maydonini mahalliy fuqaroga olib berish evaziga 300 mln. so‘m talab qilib, shundan 243 mln so‘m hamda 4300 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Andijon shahrida yashovchi, 1986 y.t. shaxs Xo‘jaobod tumani hokimligi tomonidan 2023-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun 30 yil muddatga ijara asosida ajratib berilgan 30 sotix yer maydonini 1987 va 1988-yillarda tug‘ilgan 2 nafar sherigi bilan kelishgan holda, 27 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali yer maydonining toifasini o‘zgartirib, kelgusida qurilish ishlarini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma olib berish evaziga 11600 AQSh dollari talab qilib, jami, 38600 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashovchi, 1959-y.t. shaxs soxta hujjatlar asosida o‘zlashtirib olgan, tuman hokimligi zaxirasidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan 26 sotix yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali turar-joy toifasiga o‘zgartirib, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 26 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring