Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«U uchun katta qalin puli berilgan. Xohlaganimni qilaman, “uchastkavoy” ham men tarafda» — Sirdaryoda 16 yoshli qiz majburlab erga berilmoqda

«U uchun katta qalin puli berilgan. Xohlaganimni qilaman, “uchastkavoy” ham men tarafda» — Sirdaryoda 16 yoshli qiz majburlab erga berilmoqda

Sirdaryo viloyatida 16 yoshli qiz onasi tomonidan turmushga chiqish uchun majburlanayotgani aytilmoqda. Bu haqdagi ma’lumotlarni ushbu oilaga yaqin bo‘lgan kishi aytib berdi.

Uning aytishicha, qiz turmushga chiqishdan bosh tortgani uchun ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Ona farzandini bu ishi uchun muttasil kaltaklab, sochlarini yulib, polda sudrab, majburlagan. Lekin qiz u odamga turmushga chiqishni xohlamagan.

«Qiz a’lochi edi, lekin noyabr oyidan beri maktabga bormayapti. U onasi tomonidan kaltaklanganini aytib, direktordan yordam so‘ragan. Lekin direktor uni himoya qilish o‘rniga maktabga kelishini taqiqlab qo‘ygan.

Dekabr oyi boshida qiz prokuraturaga ariza yozgan, ammo hujjat tuman ichki ishlar boshqarmasiga yuborilgan, va u yerda, ehtimol, axlat chelagiga tashlab yuborilgan. Hech qanday natija yo‘q, unga yana ruhiy kasalxonaga yotqizish bilan tahdid qilishmoqda, suhbatlar yozib olingan telefonini tortib olishdi, uni kaltaklashda davom etishmoqda.

Bu qichqiriqlarni qo‘shnilar eshitib, bir necha marta ichki ishlarga qo‘ng‘iroq qilishgan. Kecha yana qo‘ng‘iroq qilishgan shekilli, chunki qizning onasi menga shikoyat qilib, xabar yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchastka noziri hamisha uning tarafida, qiziga rahmi kelmaydi va qizi unga hech kim yordam bermasligini tushunib yetishi uchun har kuni kaltaklaydi. Ona o‘zining jazosizligiga amin va qizini 16 yoshida o‘z xohishiga qarshi turmushga berishga tayyor, chunki ular qiz uchun katta miqdorda qalin puli berishgan. U yozishmalarni o‘chirib tashlagan, ammo men skrinshot olishga muvaffaq bo‘ldim. Qizni qutqarish kerak», deyiladi murojaatda.

Foto: NeMolchi.uz

Ushbu holat bo‘yicha rasmiylardan, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bosh prokuratura va Xalq ta’limi vazirligidan izoh so‘ralgan.

«Ob’yektiv tekshiruv bo‘ladimi? Jinoyatchilar aniqlansa, ular qanday jazoga tortilgani jamoatchilikka ma’lum qilinadimi? Biz so‘rov bo‘yicha ma’lumotlarni tegishli organlarga yuboramiz», deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring