Turkiyada zilzila qurbonlari soni 85 nafarga yetdi
Turkiya g‘arbida yuz bergan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 85 nafarga yetdi. Bu haqda respublika favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar agentligi xabar berdi.
Avvalroq 83 kishi hayotdan ko‘z yumgani va 962 kishi jarohatlangani to‘g‘risida ma’lum qilingandi.
«Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila natijasida 85 kishi olamdan o‘tdi, 994 kishi jarohatlangan. 220 nafar jabrlanuvchi shifoxonalarda davolanmoqda. Izmirda qulab tushgan sakkizta bino vayronalarida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 30-oktyabr kuni kunduzi mahalliy vaqt bilan soat 13:31 (Toshkent vaqti bilan 16:31)da Turkiyaning g‘arbiy qismidagi Izmir viloyatida 6,6 balli zilzila sodir bo‘ldi. Buning oqibatida ba’zi binolar qulab tushgan. Vayronalar ostida ko‘plab odamlar qolib ketgan.
O‘zbekiston Prezidenti Turkiyaning g‘arbiy hududlarida yuz bergan tabiiy ofat – kuchli zilzila oqibatida insonlar qurbon bo‘lgani, ko‘plab fuqarolar jarohat olgani hamda katta talafot ko‘rilgani munosabati bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga ta’ziya yo‘lladi.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi jarohat olganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmaganini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter