Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya: suv sporti mashhur qilgan manzillar

Turkiya: suv sporti mashhur qilgan manzillar

O‘rta yer dengizi va Egey sohillari yilning istalgan vaqtida tashrif buyuruvchilarni sohillarda dam olishga, qadimiy shaharlarni kezishga va noyob turk oshxonasining jo‘shqin ta’midan bahramand bo‘lishga taklif qilib keladi. Bundan tashqari, Turkiya riviyerasi va Egey dengizi mintaqalari ochiq havoda dam olish uchun eng yaxshi manzillar qatoriga kiradi.

Ushbu manzillar adrenalinga boy mashg‘ulotlaridan tortib dengiz ekskursiyalarigacha bo‘lgan turli xil ochiq sport turlari bilan mehmonlarga har qadamda qiziqarli sarguzashtlarni taqdim qiladi.

Adrenalinga boy suv sportlari

Betakror plyajlari va moviy dengizlariga ega bo‘lgan Egey mintaqasi va turk riviyerasi suv sporti faoliyatini tashkil etish uchun eng qulay maskanlarni taqdim qiladi. Suv ostiga sho‘ng‘ish (dayving) – har yili minglab professional va havaskor g‘avvoslarni jalb qiladigan eng mashhur mashg‘ulotlardan biri. Mintaqaning Chanoqqal’adan Ayvalikgacha va Bodrumdan Kashgacha cho‘zilgan suv ostiga sho‘ng‘ish nuqtalarida suvosti qoldiqlari, halokatga uchragan kemalar va jonli faunani ko‘rish mumkin. Dunyoning eng taniqli dayving markazlaridan biri bo‘lgan Kash suv ostiga sho‘ng‘ish va snorkelling (maxsus moslamada suv ostiga sho‘ng‘ish) uchun ideal joy bo‘lish bilan bir qatorda o‘zining tarixiy shaharlari, mazali dengiz taomlari va ichimliklari bilan ajralib turadi.

Adrenalin ixlosmandlari O‘rta yer va Egey dengizlari sohillarida ajoyib sport markazlarini ham topishlari mumkin. Misol uchun, shamol tegirmonlari, tosh uylari va tosh yo‘llari bilan mashhur Izmirning maftunkor dam olish shaharlaridan biri bo‘lgan Alachati syorfing markazlaridan biri ham hisoblanadi. Shuningdek, Alachati va Datcha yarim oroli o‘rtasida joylashgan Akyaka eng yaxshi kaytserfing (shamol kuchi yordamida syorfing) markazi va bu yer ham professional syorfchilari va sarguzasht izlovchilar uchun mukammal manzildir.

O‘rta yer dengizi «yuragi»dagi kanoe va rafting

Antaliyaning Kash, Kemer va Kalkan kabi mashhur dam olish maskanlari joylashgan turk riviyerasi rafting (ekstremal suv sporti turi) va kanoe kabi turli xil suv sporti imkoniyatlarini taqdim etadi. Antaliya 1973 yildan beri Milliy park sifatida qo‘riqlanadigan mintaqaning yuragi bolmish Kyuprulu kanoni boy fauna va florasi, hayratlanarli qoya toshlari hamda Kyupruchay daryosi bilan mashhur. Dunyodagi eng xavfsiz rafting yo‘llaridan biri Kyupruchayda bo‘lib, yo‘lboshlovchi hamrohligidagi rafting sayohatlari bilan taxminan 14 kilometrni tashkil qiladi.

Kanoe mashg‘ulotlari odatda Uchag‘iz ko‘rfazi yoki Kalekoydan boshlanadi va janubi-g‘arbiy qirg‘oq bo‘ylab Kekova oroli va Tersane ko‘rfaziga qarab harakatlanadi.

Turkiyadagi eng yaxshi trekking marshrutlari

Egey va O‘rta yer dengizi mintaqalari trekking (tog‘li hududlarda bir necha kun davom etadigan piyoda sayohat) marshrutlari bilan mashhur bo‘lib, tabiat va tarix ixlosmandlarini o‘ziga jalb qilib keladi. Bu marshrutlar Shimoliy Egeyning Kaz tog‘larini o‘z ichiga oladi, ularning deyarli har bir nuqtasida alohida yurish yo‘llari mavjud.

Shulardan biri mashhur Likiya yo‘li bo‘lib, Fethiye va Antaliya o‘rtasidagi 540 kilometrlik masofani o‘z ichiga oladi. O‘rmonlar bilan o‘ralgan bu hudud YuNESKOning madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ksantos-Letun kabi qadimiy shaharlari va qadimiy Likiya manzilgohi bilan ham diqqatga sazovordir.

Hayajon va sarguzashtga boy velosiped sayohatlari

Egey dengizi va turk riviyerasining go‘zalligini kashf qilishning yana bir usuli – velosipedda sayr qilish.

Tarixiy markazlari va qirg‘oq bo‘yidagi velosiped yo‘llari bilan mashhur Izmir EuroVelo 8 (uzoq masofali velosiped yo‘li, 7560 km) O‘rta yer dengizi yo‘nalishining bir qismi hisoblanadi. Izmirning Dikili portidan Turkiyaga kirib, Seferihisar, Sigajik, Urla va Alachati kabi ko‘plab qishloqlar va dam olish maskanlariga velosipedda borish mumkin. Bundan tashqari, YuNESKOning Jahon merosi ob’yektlari bo‘lgan Pergam va Efesning qadimiy shaharlari ham sayohat qilishga arzirli manzillardan.

Antaliyaning Kemer tumani velosipedda sayohat qilish uchun tog‘li va shag‘alli maxsus ishlab chiqilgan yo‘laklari bilan ajralib turadi. O‘rta yer dengizi sohiliga parallel ravishda joylashgan Toros tog‘lari va Kemer o‘zining ajoyib manzaralari bilan velosipedchilarga zavq bag‘ishlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring