Turkiya sharqidagi yashirin go‘zallik: Van haqida eshitganmisiz?
Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar Turkiyaga sayohat qilayotganda Istanbul, Antaliya, Izmir va boshqa mashhur va ommabop yo‘nalishlarni tanlashadi. Ushbu hududlar mamlakatning gavjum manzillari sanaladi. Ammo tarixga qiziquvchi va sokin sayohatni sevadiganlar uchun Turkiyada yana bir manzil bor. Bu Van shahri va ko‘li joylashgan xushmanzara hududlardir.
Xabar.uz muxbiri Turkiya turizm va madaniyat vazirligining taklifiga binoan Van va mamlakat sharqidagi qator hududlarda bo‘lib, u yerdagi sayohatbop joylar bilan tanishdi.
Avvalo Van shahri haqida biroz ma’lumot berishni joiz deb topmoq kerak. Ushbu shahar Van ko‘lining sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan. Katta shahar sifatida uzoq tarixga ega. Miloddan avvalgi birinchi ming yillikdayoq bu yerda yirik sivilizatsiya vujudga kelgan. Miloddan avvalgi IX asrdan VI asrgacha Urartu podsholigining poytaxti Tushpa nomi bilan mashhur edi. Shundan so‘ng hudud Vizantiya, Sosoniylar kabi davlatlar tarkibiga ham kirdi. XI asrdan boshlab hududga saljuqiylar kirib kela boshladi. Vizantiya va turklar o‘rtasidagi Matsikert jangidan keyin hudud saljuqiylar qo‘liga o‘tdi.
Shaharda ayni damda qariyb 1,5 million kishi istiqomat qiladi. Ular orasida turli millatlar bor. Masalan kurdlar, ossuriylar va boshqalar shular jumlasidandir.
Van shahriga kelgach, qayerlarga tashrif buyurish mumkin degan savol tug‘iladi. Albatta bunga javoblar ko‘p. Shulardan biri qadimiy Urartu qal’asidir. U miloddan avvalgi IX asrda bunyod etilgan. Urartu qal’asiga ko‘tarilib borar ekansiz, qarshingizga Van ko‘li va shahri kaftdek namoyon bo‘ladi.
Qal’a 2019 yilda rekonstruksiya qilingan, hududda bir qator qulayliklar yo‘lga qo‘yilgan. Qa’la joylashgan tepalik atrofni kuzatish va o‘zaro mazmunli suhbat qurish uchun qulay maskandir. Qal’ada sulton Sulaymon tomonidan 1534 yilda qurilgan jome’ masjidi ham mavjud.
Ikkinchi manzil Van muzeyidir. Agar siz sirli tarixdan so‘zlovchi eksponatlar ishqibozi bo‘lsangiz muzeyga borishni unutmang. U yerda Vanning ibtidoiy jamoa davridan toki zamonaviy tarixigacha bo‘lgan davriga oid ashyolar mavjud. Shuningdek, qadimiy davlatlarning yashash tarzi, urushlar va arxeologik qazishmalar namunalari haqida ham ma’lumot olasiz.
Shahar va unga yondosh hududlar uchun eng muhim geografik ob’yektlardan biri Van ko‘li sanaladi. Van ko‘li o‘ziga xosdir. U Turkiyadagi eng katta ko‘l bo‘lishdan tashqari, u dunyodagi eng katta sodali ko‘l, shuningdek, to‘rtinchi yirik ichki ko‘ldir. Ko‘ldagi suv O‘lik dengiz kabi juda sho‘r va zich. Aytishlaricha, uning suvi kiyimlarni yaxshi yuvadi.
Ko‘lda diqqatga sazovor Akdamar oroli va cherkovi joylashgan. Akdamar arman cherkovi milodiy 915-921 yillarda podsho Gagik Arsrun tashabbusi bilan bunyod etilgan. Cherkov 1915 yilda tashlab ketilgan. 2005 yilda Turkiya hukumati inshootni tiklash va ta’mirlash uchun 2 million dollar mablag‘ ajratdi. Cherkor devorlarida kundalik hayotdan manzaralar va boshqa diniy tasvirlar, freskalar saqlanib qolgan.
Akdamar oroliga katerda bir necha o‘n daqiqada yetib olish va uning tabiatidan zavqlanish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter