Turkiya rasmiy mulozimi Netanyahuga javob qaytardi
Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Altun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni G‘azoda sodir etayotgan jinoyatlarini yashirish uchun jamoatchilikni chalg‘itishda aybladi.
«Netanyahu o‘z jinoyatlarini yashirish uchun yana mamlakatimizga osilmoqda. Ammo biror bir yolg‘on, dezinformatsiya va aldov u begunoh odamlarga nisbatan sodir etgan ommaviy tarixiy qotilliklarni yashira olmaydi», – deb yozdi professor Altun.
Siyosatchi dunyo yetakchilarini ikki guruhga bo‘lgan. Netanyahu kabi yetakchilar xudbinona siyosiy maqsadlari yo‘lida umuminsoniy qadriyatlarni qurbon qiladi. F.Altunga ko‘ra, tarix Netanyahuni nafaqat mintaqa, balki o‘z mamlakati uchun ham ziyonkor rahbar sifatida baholaydi.
Turkiya rasmiy mulozimi adolatga sodiq, tinchlikka xayrixoh siyosiy yetakchilarni ikkinchi guruhga mansub liderlar o‘laroq baholagan.
«Ular o‘z fuqarolari hayotini farovon qilish va qo‘shnilar bilan do‘stona munosabatlarga erishish uchun kechayu kunduz ishlaydilar. Ular xalqaro masalalarda haqiqat va adolatni himoya qiladilar, chunki bu ezgu faoliyatni zimmalaridagi tarixiy burch deb biladilar», – deydi F.Altun.
Kommunikatsiya boshqarmasi boshlig‘i Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ayni shu guruhga mansub ekanini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, Netanyahu hukumati olib borayotgan etnik tozalash oqibatida falastinliklar ko‘p jabr-zulm ko‘rmoqda. Rasmiy Anqara Tel-Avivning aldov siyosatiga qarshi chiqishda sobit va mustaqil Falastin davlati tuzilishi g‘oyasini og‘ishmay qo‘llab-quvvatlaydi.
G‘azoda tinch aholi vakillari o‘limi shiddat bilan oshib borayotgan bir pallada Isroilning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan AQShda ham urushni to‘xtatish talabi balandroq ovozda yangramoqda.
AQSh prezidenti Jo Bayden kuni kecha MSNBC kanaliga bergan intervyusida bosh vazir Binyamin Netanyahu G‘azodagi harakatlari bilan Isroil manfaatlariga qarshi borayotganini aytdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter