Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turk dunyosining muhim maqsadlar yo‘lidagi hamkorligi

Turk dunyosining muhim maqsadlar yo‘lidagi hamkorligi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti 11-noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadi. O‘tgan yili Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Turkiy kengash nomini Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Tashkilotga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo. Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi maqomiga ega.

Aholi salmog‘i bo‘yicha Markaziy Osiyoning eng yirik mamlakati – O‘zbekiston dastlab Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga 2019-yili a’zo bo‘lgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston tashqi siyosatida nafaqat ochiqlik, balki ko‘p tomonlama hamkorlik tamoyili ham ustuvor hisoblanadi. Buni, avvalo, mintaqa va mintaqalararo integratsiyaviy jarayonlardagi mamlakatimiz ishtiroki naqadar faollashganida ko‘rishimiz mumkin.

Turk dunyosi hamkorligi tuzilmalari mustahkamlanmoqda

1996-yili Toshkentda bo‘lgan oliy darajadagi anjumanda Turkiy tilli Sammitning kotibiyatini tuzishga qaror qilingan edi va uning qarorgohi Istanbulda joylashgan. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi shafeligida 1993-yil 12-iyuldan buyon Turk madaniyati xalqaro tashkiloti (TYuRKSOY) faoliyat ko‘rsatmoqda. 2008-yil 21-noyabrda Turkiy tilli davlatlar parlament Assambleyasi tashkil etilgan va uning qarorgohi Boku shahrida joylashgan.

2010-yil 25-mayda turk dunyosini tadqiq etish, til va adabiyotini keng o‘rganish, ilmiy va ta’lim faoliyatini chuqurlashtirish bo‘yicha xalqaro ilmiy markaz, ya’ni Xalqaro turk akademiyasi Ostonada ish boshladi. Akademiya qoshida 5 ta ilmiy muassasa – Tarix va etnologiya markazi, Til, adabiyot va atamashunoslik markazi, San’at va madaniyat markazi, Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar markazi, Xalqaro tadqiqotlar markazi, Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi faoliyat olib bormoqda.

Shu bilan birga, biznes doiralar va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga imkon beruvchi Ishbilarmonlar kengashi yordamchi organi ham tashkil etilgan.

O‘zbek mahsulotlariga ulkan iqtisodiy makon

So‘nggi yillarda O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish dinamikasini namoyon etib kelayotgani va bu borada hali ishga solinmagan talaygina salohiyat borligiga qaramay, jahon siyosiy sahnida uning yakka holda rivojlanishi mushkul. Markaziy Osiyo yuragida joylashgan O‘zbekiston mintaqadagi barcha qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatib, ularni qo‘llab-quvvatlab kelyapti. O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti va uning faoliyatiga turli miqiyosda ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va uni faollashtirishi ayni haqiqat.

Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlar o‘rtasidagi tranzit-transport kommunikatsiyalari rivojida ham muhim rol o‘ynadi. Masalan, 2019-yil iyul oyida Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari rahbarlari ishtirokida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan «Beyneu – Aqjigit – O‘zbekiston chegarasi» avtomobil yo‘li ochildi. Bu o‘zbek mahsulotlarining Ozarbayjon va Turkiya bozorlariga chiqishi uchun yanada qisqa yo‘l bo‘ldi. Turkiya va O‘zbekiston iste’mol bozorlari Tashkilotga a’zo mamlakatlar orasida eng yirigi hisoblanadi. Shunday ekan, optimal transport yo‘nalishlarini ochish esa Tashkilotning barcha a’zolari uchun muhim yo‘nalish sanaladi.

Yevrosiyoning qoq markazida joylashgan, salkam 5 million kvadrat kilometrlik jug‘rofik maydonni tashkil etuvchi Turkiy davlatlar tashkilotining asosiy maqsadi a’zo davlatlarning ko‘plab sohalarda, shu jumladan, tashqi siyosat, iqtisodiyot, transport, bojxona, turizm, ta’lim, ommaviy axborot vositalari, yoshlar va sport sohalarida hamkorligini rivojlantirish hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdan iborat, deb sharhlash mumkin. O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotining 2021 yili Istanbuldagi sammitida a’zoligiga kirishi mintaqaviy va global tinchlik, barqarorlik va farovonlikka hissa qo‘shish uchun har qachongidan ham ko‘proq imkoniyat va mavqega erishishiga keng imkoniyatlar ochdi.

O‘zbekiston tashabbuslari

O‘zbekiston tuzilmaga asos solingan davrda uning nafaqat faol ishtirokchisi, balki tashabbuskorlaridan biri ham bo‘lgan edi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni, qardosh davlatlar va qator mintaqaviy tashkilotlar bilan ochiq va konstruktiv hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan oqilona tashqi siyosati Turkiy kengash doirasidagi aloqalarning ham o‘rnatilishida hal qiluvchi rol o‘ynadi.

2018-yil 3-sentyabrda davlatimiz rahbarining Cho‘lpon-ota shahrida o‘tkazilgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtiroki bu boradagi tarixiy qadam bo‘ldi. 2019-yil 14-sentyabrda O‘zbekiston Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilib, o‘sha yili oktyabrda tuzilmaga rasmiy qo‘shildi. O‘zbekiston rahbarining tashkilot doirasidagi sammitlarda har safar iqtisodiy, sarmoyaviy, savdo-sotiq, transport-kommunikatsiya va logistika tizimlarini rivojlantirish, innovatsiyalar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalariga oid, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasini va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ziyorat turizmi bo‘yicha qator tashabbuslarni faol ilgari surib, mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti va xalqlarimizning azaliy hamkorlik manfaatlariga xizmat qilishi shubhasiz. Zero, aynan ushbu ustuvor yo‘nalishlarning jadal taraqqiy etishi xalqlarimiz umumiy farovonligiga va aholi turmush darajasining yuksalishiga xizmat qiladi.

Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti qardosh xalqlarning umumiy farovonligi va ravnaqiga xizmat qilishidan bugun ko‘pchilik umidvor. Sammit davomida hamkorlik samaradorligini oshirish va qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘ptomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilinishi, savdo, iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida jonli uchrashuv hamda muloqotlar tashkil etilishi kutilmoqda.

Omonulla Muhammadjonov,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring