Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiy davlatlar dunyo siyosatidagi g‘irromliklarni yengishga qodirmi? To‘rt elchidan to‘rt nuqtai nazar

Turkiy davlatlar dunyo siyosatidagi g‘irromliklarni yengishga qodirmi? To‘rt elchidan to‘rt nuqtai nazar

Istanbul sammitida Turkiy kengash to‘laqonli xalqaro tashkilot deb e’lon qilindi.

Foto: O‘zR Prezidenti matbuot xizmati

Bir necha ming yillik tarixga ega turkiy xalqlar asrlar mobaynida ot ustida yurdi, davru davron surdi. Ammo falakning gardishi ters aylanib, turkiylar «yovga ters qarab» (shoir Shavkat Rahmon ta’biri) yashagan, samoviy tulporlari, jamiki zebu zari talangan musibatli kunlarni ham boshdan kechirdi.

Jahongir adib Chingiz Aytmatov so‘nggi intervyularidan birida til, tarix, madaniyat va an’analardagi mushtaraklik bois turkiy xalqlar yangi dunyo, yaxlit tamaddun yaratishi mumkin ekani haqida nekbin fikrlar bildirgan edi. Vaqtlar o‘tib, «Adriatikadan Buyuk Xitoy devorigacha cho‘zilgan turk dunyosi» (Turkiya prezidenti Sulaymon Demirel ta’rifi) yana bir tanu bir jon bo‘lishdek tarixiy imkoniyatni qo‘l kiritdi. Bu borada 2009 yil 3 oktyabrda ta’sis etilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini alohida qayd etish joiz. Xalqaro tashkilot faoliyatida O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon to‘laqonli a’zo, Vengriya kuzatuvchi maqomida ishtirok etib kelmoqda. Turkmaniston esa sammitlarga mehmon sifatida taklif etiladi.

Turkiy kengashning joriy yil 12 noyabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan VIII sammiti muhim o‘zgarishlar bilan yodda qoldi. Oliy mashvaratda o‘ndan ortiq hujjat, jumladan, «Turkiy dunyo nigohi – 2040» dasturilamali imzolandi. Shuningdek, Kengash nomi Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deb o‘zgartirildi. Xo‘sh, bu o‘zgarishlar nimadan dalolat beradi? «Turkiy dunyo nigohi – 2040» ctrategik hujjati qay darajada ahamiyatli? TDT dunyo geosiyosatidagi g‘irromliklarni bartaraf etishga qodirmi? «Xabar.uz» shu kabi savollar bilan TDT mamlakatlari – Vengriya, Ozarbayjon, Turkiya va Qozog‘iston elchilariga yuzlandi. Eslatib o‘tamiz, diplomatlarning javoblari ular mansub davlat nomining alifbodagi tartibi bo‘yicha joylashtirildi.

Vengriya elchisi Dyula Kovach

Doktor Dyula KOVACh, Vengriyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

– Vengriya Turkiy davlatlar tashkilotidagi kuzatuvchilik maqomini qadrlaydi. Ko‘plab mamlakatlar mazkur maqomni olishga talabgor bo‘layotgani uning alohida qadr-qimmatidan darak beradi. Biz TDTga a’zo barcha mamlakatlar bilan strategik hamkorlik o‘rnatdik, beshala davlatda ham o‘z vakolatxonamizni ochdik. Vengriya davlati tomonidan moliyalashtirib kelinayotgan «Stipendium Humgaricum» stipendiyalari miqdori a’zo mamlakatlar, shu jumladan, Turkmanistonga 725 tadan 870 taga oshirildi. Vengriya oliy ta’limiga qiziqish oshib borayotganidan mamnunmiz. 2021 yilda stipendiyalar uchun qariyb 5000 nomzod hujjat topshirgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. 

2019-2021 yillarda OTD hamda Vengriya o‘rtasidagi savdo aylanmasi ikki baravarga ortdi, joriy yil avgust oyida bu ko‘rsatkichni 28 foizga oshirishga erishdik. «Eximbank» esa ishbilarmonlik yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirish uchun 545 million yevroli kredit liniyasini yo‘lga qo‘ydi.

Turk sarmoya jamg‘armasining tashkil etilishi TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida moliyaviy hamkorlikni rivojlantirishda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Vengriya ham ushbu jarayonlarda kuzatuvchi sifatida faol ishtirok etish istagida. Masalan, Vengriya suv manbalarini boshqarish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarga ega. Binobarin, suv tanqisligiga qarshi kurashda ilg‘or texnologiyalar va tajriba almashuvi muhim ahamiyat kasb etadi.

TDT xususida so‘z borar ekan, VISEGRAD4 – Vishegrad guruhini (Vengriya, Polsha, Chexiya va Slovakiyani birlashtirgan tuzilma – tahr.) ham eslash o‘rinlidir. O‘ylaymanki, Vengriyaning ushbu guruhdagi raisligi TDT va V4 o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash imkonini beradi. Ayni shu maqsadda 2022 yilning 1 iyuliga qadar Budapesht shahrida V4–TDT mamlakatlarining ilk qo‘shma sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ozarbayjon elchisi Husayn Quliyev

Husayn QULIYeV, Ozarbayjonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

– O‘zbekiston haqli ravishda Markaziy Osiyoning yuragi deb ataladi. Barakotli bu o‘lka tarixiy Turonning markazida joylashgan. Markaziy Osiyodagi muhim mamlakat sanalgan O‘zbekiston ishtirokisiz biror bir masalani hal etib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan oqilona siyosat esa mamlakatda hamda butun mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotir.

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lishi vaqti ham (2019 yil) ramziy ma’no-mazmun kasb etadi. Ayni o‘sha yili Turkiy kengashni ta’sis etish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimi imzolanganining 10 yillik yubileyi nishonlangan edi. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy kengash VII sammitida qatnashish uchun Bokuga tashrif buyurgani hamda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgani turkiy dunyo hamkorligi tarixidagi muhim hodisa bo‘ldi.

O‘zbekiston Turkiy kengashga to‘laqonli a’zo bo‘lish bilan nafaqat mavjud imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha axloqiy-ma’naviy huquqqa ega bo‘ldi, ayni choqda, turkiy dunyo salohiyatidan o‘zbek xalqi farovonligi yo‘lida foydalanish borasidagi huquqini yuridik jihatdan ham mustahkamladi.

Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deya qayta nomlangan Turkiy kengash doirasidagi kelishuvlarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratishni istardim. Ozarbayjon iqtisodiyot vazirligi ma’lumotiga qaraganda, TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi 7 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonning tuzilmaga qo‘shilishi bilan bu ko‘rsatkich 12 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. TDT mamlakatlarining jami yalpi milliy mahsuloti 1,5 trillion dollarni tashkil etadi. Bu – juda ulkan salohiyatdir. 

Dunyo tan olgan mutaxassislar va nufuzli ekspertlar fikricha, tarixan Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan qardosh mamlakatlarning transport sohasidagi hamkorligi, yuk tashish ko‘rsatkichining oshirilishi davlatlarimiz iqtisodiyoti ravnaqiga ulkan hissa qo‘shadi. Shu bois ham bu biz uchun muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Sharq–G‘arb yo‘nalishini taraqqiy ettirishga qaratilgan bitimlarni tezkorlik bilan hayotga tatbiq etish maqsadida Turkiy kengash mamlakatlari temiryo‘l kompaniyalari rahbarlaridan iborat Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita tuzildi. Qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi raislik qiladi. Shu tariqa mamlakatingizda o‘ziga xos transport-logistika markazi tashkil etiladi. Bu esa turkiy mamlakatlar iqtisodiy integratsiyasi yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. 

Toshkentda besh mamlakat (Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston) temiryo‘l idorasi rahbarlarining uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Unda yuk hajmini oshirish, «Koshg‘ar – O‘sh (avtomobil transportini jalb etgan holda) – Andijon – Forob –  Turkmanboshi porti – Alot porti – Gardabani» va  Gruziya portlari (Axalkalaki) – Kars – Turkiya dengiz yo‘li yo‘nalishida logistika tuzilmasini rivojlantirishga kelishildi. Ishtirokchilar «OTM mamlakatlari – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Yevropa»  multimodal xalqaro yo‘nalishini rivojlantirishda ushbu tadbir muhim ahamiyat kasb etishini e’tiborga oldilar. Yuk poyezdlarini tezkor o‘tkazish va tariflar borasida yagona yondashuvning ishlab chiqilishi nafaqat Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz, balki Yevropa va Osiyo qit’asining boshqa davlatlari bilan ham savdo hajmini sezilarli oshiradi.  

2017 yil oktyabr oyida foydalanishga topshirilgan Boku–Tbilisi–Kars temiryo‘li Sharq–G‘arb Transkaspiy koridorining tarkibiy qismi sanaladi. Bu – tarixiy Ipak yo‘lini tiklashga qo‘shilgan salmoqli hissadir.

O‘ylaymanki, mamlakatlarimiz rahbarlarining sa’y-harakatlari do‘stona aloqalarning yangi ufqlarini ochib, boshqa o‘lkalarga ibrat-namuna vazifasini o‘taydi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev TDT sammitida ta’kidlaganidek,  bu borada O‘zbekistonga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston xalqaro darajada ilgari surayotgan takliflar nafaqat milliy, balki umuminsoniy manfaatlarga ham muvofiq keladi, global muammolarni hal etish, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlashda kuchlarni birlashtirishga undaydi. Darhaqiqat, turkiy mamlakatlar faqat samimiy va yaqin hamkorlik orqaligina xavfsizlik va iqtisodiyot jabhasidagi umumiy muammolarni hal etishlari mumkin.

Markaziy va Janubiy Osiyoning transport-logistika tizimiga qo‘shilish Sharq–G‘arb o‘qi bo‘ylab o‘tuvchi Ipak yo‘lining yangi koridorlarini barpo etishga turtki va imkon beradi. Ikki mintaqada o‘rtasidagi aloqalarning kengayishi esa, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorligi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi (BRI) va Xitoy–Pokiston iqtisodiy koridori (CPEC) kabi tuzilmalar bo‘yicha yangi rejalarni ro‘yobga chiqarishga ko‘mak beradi.

Xulosa qilib aytganda, TDTga a’zo mamlakatlarning iqtisodiyot va boshqa jabhalardagi hamkorligi kengayishi dunyodagi siyosiy va iqtisodiy larzalarga javoban barqarorlikni mustahkamlash va kuchaytirishga xizmat qiladi.

Turkiya elchisi Olgan Bekar

Olgan BEKAR, Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

– Turk dunyosining kelgusi 20 yillik istiqboli aks etgan «Turkiy dunyo nigohi – 2040» konsepsiyasi tashkilotga a’zo hamda kuzatuvchi mamlakatlar o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish borasida zarur chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Bu jihatdan uni yo‘l xaritasi deb atash mumkin. Ushbu dasturilamal hujjatni qabul qilish g‘oyasi Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan ilgari surilgan edi.

Siyosat va xavfsizlik, iqtisodiyot va sektorlararo hamkorlik, xalqaro hamda uchinchi tomonlar bilan aloqalar kabi to‘rt asosiy yo‘nalishga tayangan ushbu hujjat a’zo davlatlarning milliy va jamoaviy jabhada kuchli bo‘lishini ta’minlovchi strategik yondashuvlarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.

«Turkiy dunyo nigohi – 2040» siyosat jabhasida mushtarak manfaatlar doirasiga kiruvchi xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Iqtisodiy sohada a’zo mamlakatlar o‘rtasida tijoriy munosabatlarni kengaytirish, savdo hajmini oshirish, a’zo o‘lkalarni Sharq va G‘arb  – Shimol va Janub savdo yo‘llarini bog‘lovchi kuchli iqtisodiy guruhga aylantirish, shuningdek, raqamli robitalarni joriy etish kabi maqsadlar ko‘zlangan. Madaniyat jabhasida esa turk dunyosi madaniy merosining yaxlit ro‘yxatini shakllantirish hamda ularni muhofaza etish, xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish uchun har yili hamkorlikda film, musiqa festivallari va tadbirlarni tashkil etish asosiy maqsadlar sifatida belgilangan.

TDTning xalqaro munosabatlarda ishonchli ishtirokchi sifatidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish ham muhim vazifa sanaladi. Bu maqsadda uchinchi mamlakatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsad qilingan. Strategik hujjatda bu borada BMT va uning tuzilmalari, Islom hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash bilan munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, Yevropa ittifoqi, Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Vishegrad guruhi singari mintaqaviy tuzilmalari bilan robitalarni yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Muxtasar aytganda, jahon ayvonida shiddatli o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bir pallada beqaror xalqaro muhitda bo‘y ko‘rsatayotgan muammolarni hal etish uchun strategik hujjat suv bilan havodek zarur edi. Xalqlarimizning til, madaniyat va mushtarak tarixidan ma’naviy kuch olgan TDT ta’sis etilgan ilk kezlardanoq a’zolar o‘rtasida robitalarni bosqichma-bosqich takomillashtirish uchun mustahkam poydevor qo‘yilgan edi. Sobiq Turkiy kengash hayotga tatbiq etgan maqsad-g‘oyalar esa endilikda Turkiy davlatlar tashkiloti deya yangi nom bilan atalgan tuzilma faoliyatida to‘liq aks etmoqda. «Turkiy dunyo nigohi – 2040»  ushbu yo‘nalishlarga hayotbaxsh kuch bag‘ishlovchi dasturdir.

Nazarimda, TDT mavqe-maqomining oshishi a’zo mamlakatlar o‘rnini mustahkamlab, ularning farovonligini ta’minlabgina qolmay, turkiy dunyoning boshqa mintaqalardagi rolini kuchaytirishga, ayni choqda, umuminsoniy ezgu maqsadlar ro‘yobiga xizmat qiladi.

Qozog‘iston elchisi Darxon Satibaldi

Darxon SATIBALDI, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

– Turkiy tilli davlatlar bilan munosabatlarni chuqurlashtirish hamisha Qozog‘iston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Bu borada Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning xizmati katta. Negaki, aynan Elboshi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi hamda uning shafeligida faoliyat yurituvchi Turk madaniyati xalqaro tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi, Xalqaro turk akademiyasi, shuningdek, Oqsoqollar kengashi maslahat organiga asos solinishi tashabbuskori sanaladi.

Bugungi kunda turkiy davlatlar hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Turkiyada 2021 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash yetakchilarining VIII sammitida mazkur tuzilma nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirildi. Bu esa jahon hamjamiyatida har bir qarori a’zo mamlakatlarga muayyan majburiyat yuklovchi to‘laqonli xalqaro tashkilot paydo bo‘lganidan dalolat beradi.

Turkiy kengashning joriy yil noyabr oyida Turkiyada o‘tkazilgan VIII sammitida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev hozirgi murakkab davrda mushkulotlarni yengish, barqaror taraqqiyot yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish muhim vazifa ekanini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari zamonaviy muammolarni hal etishda turkiy mamlakatlar hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarni sanab o‘tdi.

Birinchidan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish. Bu esa istiqbolda uglerod betarafligiga yo‘l ochadi.

Ikkinchidan, vodorod energetikasini rivojlantirish. Bu borada TDT mamlakatlarining yetakchi ilmiy muassasalari sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtiruvchi xalqaro konsorsium tuzish taklifi ilgari surildi.

Uchinchidan, global isish, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, transchegaraviy suv manbalaridan samarali va odilona foydalanish bo‘yicha birgalikda qarorlar ishlab chiqish. Qozog‘iston tomoni hamkorlikda gidroinshootlar qurishga tayyorligini bildirdi.

To‘rtinchidan, «yashil» texnologiyalar va loyihalarni amalga tatbiq etish uchun «yashil» kapital bozorini rivojlantirish. Davlatimiz rahbari «Ostona» xalqaro moliya markazi hamda Qozog‘iston fond birjasining boy tajribasi va keng imkoniyatlarini hisobga olib, turkiy mamlakatlarning «yashil» obligatsiyalarini mazkur tuzilmalar platformalariga joylashtirishni taklif qildi.

Beshinchidan, shahar aholisi soni oshib borayotganini inobatga olgan holda xizmat sifatini oshirish. Bu borada turkiy mamlakatlarning IT kompaniyalari o‘rtasida «aqlli shahar» loyihalari doirasida hamkorlikni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Ta’kidlash joizki, koronavirus pandemiyasi turkiy davlatlar hamkorligi kun tartibiga ham ma’lum tahrirlar kiritdi. Hozirgi bosqichda turkiy davlatlar barcha asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgani kuzatilmoqda. Asosiy e’tibor esa savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarga qaratilmoqda. Ayni choqda, transport-tranzit aloqalarini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik, turizm jabhasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishni istiqbolli yo‘nalishlar deb bilamiz.  

VIII sammitda a’zo mamlakatlar tomonidan Qozog‘istonning tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, «Turkiy dunyo nigohi – 2040» qabul qilindi. Bu hujjat turkiy dunyo hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ayni choqda, TDT bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash dolzarb vazifalar sirasiga kiradi. Bu borada Birinchi Prezidentimiz – Elboshi N.Nazarboyev «Katta Yevroosiyo» formatida to‘rt tomonlama iqtisodiy forum uyushtirishni taklif etdi. Ushbu muloqot tizimining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatlarimizga koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan yangi inqirozni bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rish imkonini beradi.

Qardosh O‘zbekistonning TDTga a’zo bo‘lishi tuzilmaning nufuzini oshirganini mamnuniyat ila qayd etishni istardim. Bu esa turkiy tamaddun hamda savdo-investitsiya aloqalarini rivojlantirishda yangi istiqbol eshiklarini ochadi, bojxona va tranzit jarayonlari, shuningdek, bank-moliya operatsiyalarini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Biz O‘zbekistonning uzoq davom etayotgan pandemiya tufayli yuzaga kelgan muammolarni hal etish, iqtisodiyotni qayta tiklash va madaniy-gumanitar aloqalarni jonlantirish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ta’kidlash joizki, 2022 yilda TDTning ilk sammitiga aynan O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Ushbu anjuman turkiy dunyo o‘lkalari robitalarini yanada mustahkamlashiga ishonchim komil.

S.Salim tayyorladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring