Turkcha «tandir go‘sht», boshni aylantiruvchi vodiy: Siirtga sayohat
2024-yil, noyabr. Sharqiy Anatoliyaga qilayotgan sayohatimiz davom etadi. Biz tog‘lar orasidagi Bitlis shahrini tark etib, janubga qarab yurdik. Oldinda guruhimizni Siirt shahri kutmoqda edi.
Shahar Turkiya janubi-sharqidagi Siirt viloyatining ma’muriy markazi sanaladi. Shahar aholisi, asosan turk, arab va kurdlardan iborat. 2019-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra 129 188 kishi istiqomat qilgan. Bir paytlar Turkiya bosh vaziri bo‘lgan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on aynan Siirt shahridan o‘z nomzodini qo‘ygandi.
Siirt 1144 yilda saljuqiylar tomonidan egallangan. 1514 yilda esa Usmoniylar va Safaviylar o‘rtasidagi urushda hudud yana turklar ixtiyorida o‘tgan.
Siirtda tushlik qilayotganimizda, dasturxonda buryan nomli taomni tortishdi. Bu xuddi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida mashhur bo‘lgan tandir go‘shtni eslatib yuboradi. Taomning hidi, ta’mi va ko‘rinishi ham tandir go‘sht kabi. U non ustiga qo‘yib tortiladi va iste’mol qilinadi. Turklar taomni buryan-kebab deya atashar ekan. U qo‘zi go‘shtidan tayyorlanadi.Xullas, Siirtga kelsangiz, buryandan tatib ko‘rishni esingizdan chiqarmang.
Tushlikdan so‘ng Siirtga yaqin masofada joylashgan Botan vodiysini ko‘zdan kechirdik. Botan - juda go‘zal, ammo baland va boshni aylantirib yuboruvchi vodiy. Atrof ehtiyotkorlik ila panjaralar bilan o‘ralgan. Pastda sokin Botan daryosi oqadi. U Tigr daryosiga borib quyiladi.
Vodiy qanchalik sokin va go‘zal bo‘lmasin, uning tik qoyalari kishini biroz qo‘rquvga soladi. Daraning balandligi taxminan 300-400 metrni tashkil qiladi. Bu yerda qadimgi odamlar istiqomat qilgan g‘orlar ham saqlanib qolgan. Tasavvur qiling-a, shu vodiyda o‘n ming yillar avval mutlaqo begona odamlar ov qilgan, yashagan. Endi ulardan g‘orlar va tosh devorlar qoldi, xolos. Ko‘plab sirlar qadimgi odamlar bilan birga yer qa’riga singib ketdi.
Siirtning yana bir e’tiborga molik tarixiy inshootlaridan biri Ulu jami’ (Katta masjid)dir. U 1129 yilda saljuqiy hukmdor Mahmud II tomonida qurilgan. Masjid bugungi kunda ham faoliyat ko‘rsatadi. Umuman olganda Siirt qadimiy va mahalliy koloritni o‘zida saqlab qolgan. Tor ko‘chalar, do‘konlar, bir chetda suhbatlashib, choy ichib o‘tirgan odamlar haqiqiy sharq muhitini ko‘z oldingizda namoyon qiladi.
Shu yerda pechka yasab sotayotgan sotuvchi amaki bilan biroz suhbat qurdik. U bizga ko‘mir solib isitiladigan pechka va suv isitiladigan samovarlarni ko‘rsatdi. Sotuvchining aytishicha, so‘nggi paytlarda havoning sovishi fonida savdo-sotiq biroz yaxshilangan.
Shahar shuningdek, o‘zining og‘izda erib ketuvchi holvalari, pista-bodomlari, uzum va mayizlari bilan ham mashhur.
Ko‘mir yoqiladigan pechkalar. Janubda joylashganiga qaramay Siirtda qishda anchagina sovuq bo‘ladi.
Ulug‘bek Oripov,
Siirt, Turkiya.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter