Tramp AQShning qudratli idorasi rahbarligiga kutilmagan nomzodni ilgari surdi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp mamlakatning qudratli idoralaridan biri – Federal tergov byurosi (FTB) rahbarligiga Kesh Patel nomzodini ilgari surdi.
Hozirda Kristofer Rey FTB direktori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Qayd etish joizki, Reyni bu lavozimga Trampning o‘zi avvalgi prezidentlik davrida, 2017-yilda tayinlagan edi.
FTB avvalroq Trampga qarshi ochilgan jinoiy ishlarda tergovga yordam bergan. Floridadagi uyida tintuv o‘tkazilishi ortidan Trampning FTB rahbariyatidan butunlay ko‘ngli qolgan. Kristofer Rey 10 yil muddatga tayinlangani inobatga olinsa, u yo o‘z ixtiyori bilan kursini bo‘shatishi, yoki prezident tomonidan ishdan bo‘shatilishi kerak. Tramp hozircha K.Reyga lavozimdan ketish borasida gap ochmagan.
44 yoshli Kesh Patel Kongress Vakillar palatasining sobiq a’zosi. Trampning birinchi prezidentlik davrida (2017–2021) Milliy xavfsizlik kengashi, Milliy razvedka boshqarmasi va Pentagonda ishlagan.
U bahsli nomzod deb baholanmoqda. Avvalo, u o‘zi rahbarlik qilishi kutilayotgan FTBni ko‘p bora tanqid qilgan. Patel 2023-yilda yozgan “Hukumat gangsterlari” deb nomlangan kitobida AQSh Adliya vazirligi va Federal tergov byurosida tozalash o‘tkazish, Trampga qarshi bo‘lgan mas’ullarni ishdan bo‘shatish va ularni sudga tortishni taklif qilgan.
Hindistonlik muhojirlar oilasi vakili, asl kasbi huquqshunos bo‘lgan Patel Trampning sadoqatli tarafdori va safdoshlaridan sanaladi. U valine’matining siyosiy muxoliflaridan qasos olish lozimligini ham ta’kidlagan.
E’tiborga molik jihati, Patel o‘zi boshchilik qilishi mumkin bo‘lgan FTBning vakolatlarini cheklash haqida ham gapirib keladi.
“FTBning asosiy muammosi bu – razvedka. Men bu bo‘linmani ajratgan bo‘lar edim. Ilk ish kunimdayoq FTBning asosiy binosini yopib, uning o‘rnida “davlat ichidagi davlat” muzeyini ochardi”, – degan Kesh Patel joriy yil sentyabr oyida bergan intervyusida.
Ma’lumot o‘rnida, “davlat ichidagi davlat” omma orasida keng tarqalgan konspirologik nazariyadir. Unga ko‘ra, AQShni boshqarishda xalq tomonidan saylanmagan maxfiy tuzilmalar muhim o‘rin tutadi.
FTB bo‘lajak direktorining jurnalistlarga ham alohida da’vo va e’tirozlari bor. Xususan, u 2023- yilda Tramp hokimiyatga kelsa, Adliya vazirligi “2020-yilgi prezidentlik saylovida Jo Baydenga natijalarni soxtalashtirishga ko‘mak bergan OAV vakillarini ham jazolashi”ni aytgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Donald Trampning huquq-tartibot tizimida muhim o‘ringa ega FTB rahbarligiga safdoshini qo‘yishga urinishi buyruqlari so‘zsiz bajarilishiga erishish va o‘zi, yaqinlariga nisbatan ehtimoliy tergovlardan himoyalash maqsadi bilan izohlanadi.
Amaldagi tartibga muvofiq, Kesh Patel nomzodini Senatdagi ko‘pchilik tasdiqlashi kerak. Bu esa xamirdan qil sug‘urgandek oson bo‘lmasligi aniq.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter