Tramp: “Putin aqldan ozibdi!”

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinni keskin tanqid qildi.
Dam olish kunlari Rossiya Ukrainaga yuzlab raketa va dron bilan hujum uyushtirdi. So‘nggi oylarda kuzatilgan eng yirik havo hujumida kamida 12 ukrainalik halok bo‘lgan. Bu hol Trampga ma’qul kelmagan.
“Men Putin qilayotgan ishlardan noroziman. U ko‘plab odamlarni o‘ldirmoqda. Bilmadim, Putinga nima jin urdi. Men uni anchadan buyon bilaman. Hamisha u bilan til topishganman. Ammo (Ukraina) shaharlariga raketa otib, odamlarni o‘ldirmoqda. Bu esa menga hecham yoqmayapti”, – degan Tramp Morristaun aeroportida.
U Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishi ehtimolidan ham gap ochgan.
Tramp Putinni Truth Social platformasida ham tanqid qilgan.
“Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan hamisha yaxshi munosabatda bo‘lganman. Ammo endi unga nimadir bo‘lgan ko‘rinadi. U aqldan ozibdi! U odamlarni bekordan-bekor o‘ldiryapti. Men faqat askarlarni aytmayapman. Raketa va dronlar Ukraina shaharlariga hech bir sababsiz talafot yetkazmoqda”, – deb yozgan AQSh prezidenti.
Trampning fikricha, Putin butun Ukraina hududini egallashga harakat qilsa, Rossiya falokatga yuz tutadi.
AQSh yetakchisi, odatiga ko‘ra, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni ham tanqid qilishni esdan chiqarmagan.
Prezidentlik saylovi davrida Rossiya – Ukraina urushini 24 soat ichida tugatishga va’da bergan Tramp Oq uyga kelganidan buyon Putin bilan bir necha bor telefonda suhbatlashdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Kreml Oq uy taklif etayotgan tinchlik bitimini qabul qilmay, turli-tuman shartlarni ilgari surayotgani va vaqtni cho‘zayotgani sabab Trampning Putindan hafsalasi pir bo‘lmoqda.
Tramp avvalroq Putinning Zelenskiy hokimiyati legitimligini shubha ostiga olganidan darg‘azab bo‘lgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter