Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentdagi qotillik 19 yil o‘tib ochildi (video)

Toshkentdagi qotillik 19 yil o‘tib ochildi (video)

Videodan lavha

Bundan 19 yil avval sodir etilgan jinoyat fosh etildi. Bu haqda «Zamon» informatsion dasturida ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, jinoyat 2003 yil 10 yanvarda sodir etilgan. Uchtepa tumaniga qarashli ko‘pqavatli uylarning birida yolg‘iz o‘zi yashovchi rus millatiga mansub ayolning murdasi, tan jarohatlari bilan qonga belangan va boshiga selofan paket kiygizib ketilgan holda topilgan.

O‘sha vaqtda olib borilgan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davomida xonadon egasining qasddan o‘ldirilganligi, voqea joyidan spirtli ichimlik shishalari, sigareta qoldiqlari va ulardan olingan qo‘l-barmoq izlari hamda yuvinish xonasidan erkaklar uzugi topilgan.

Ammo 19 yil davomida bu barmoq izlari kimga tegishli ekanligi noma’lum bo‘lib qolavergan.

«Hodisa joyiga yetib kelgan tezkor tergov guruhi a’zolari tomonidan xonadon ko‘zdan kechirilganda, xonadonga kirish eshigi kaliti tashqi tomonda qoldirilganligi, xonadonda gaz isi to‘planib qolganligi hamda uyda mavjud gaz jo‘mraklari ochiq holda qoldirilganligi aniqlangan. Ish tafsilotiga ko‘ra, uy egasi bir o‘zi istiqomat qilganligi va uning huzuriga kelib ketuvchilar haqida ma’lumot bo‘lmaganligi tufayli jinoyat sodir etgan shaxsni aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Jinoyat ishi jinoyat-protsessual kodeksining 364-moddasi 1-bandi 1-qismiga asosan harakatdan to‘xtalgan»,— deydi Toshkent shahar prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Davron Egamberdiyev.

2021 yilning 9 noyabriga kelib, o‘sha vaqtda olingan uch barmoq izlari Toshkent shahar IIBB ekspert-kriminalistika markazi xodimlari tomonidan aynan kimga tegishli ekanligi aniqlangan.

Aniqlanishicha, jinoyatni sodir etgan shaxs muqadam mas’ul lavozimlarda ishlab, marhuma bilan yaqindan tanishib, uning uyida ayollar bilan uchrashib yurgan, shuningdek, xonadon egasi bilan ham jinsiy yaqinlikda bo‘lgan.

«Bir kuni birga o‘tirib ichdik, u mendan 300 dollar so‘radi. Qizimni oldiga Rossiyaga ketaman deb aytdi. Berolmayman, deb aytganimdan keyin «shantaj» qilishni boshladi. Men uni tinchlantirib, hozir yuz dollar topib berishim mumkin deb aytdim, u ko‘nmadi. Eshikni yopib, hozir topib berasan, deb baqirishni boshladi. Qo‘limga nima olganimni bilmayman, kayfim zo‘r edi, qolaversa, asabim buzildi boshiga qattiq urdim»,—deya ta’kidlaydi jinoyatchi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu zarba oqibatida ayolning vafot etmaganini bilgach, selofan paket bilan bosh qismini yopib, qo‘llari bilan yuzi va boshiga qattiq zarba berib, qasddan o‘ldirgan.

Shundan so‘ng o‘zi tomonidan sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatni yopish maqsadida xonadonda mavjud gaz jo‘mraklarini ochiq qoldirib, voqea joyidan yashiringan.

Dastlabgi tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, Toshkent shahar prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan JKning 97-moddasi, JKning 173-moddasi 2-qismi bilan ayb e’lon qilinib,  jinoyat-protsessual kodeksi 388-moddasi tartibida sudga yuborilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring