Toshkentda sifatsiz uy qurgan tadbirkor sakkiz yilga qamaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda yangi qurilgani aytilgan ko‘p qavatli uy devorlari ichidan darz ketgani aks etgan videolar tarqalgandi.
Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, Mirzo Ulug‘bekning Mag‘rur ko‘chasidagi 55B-uy 2017 yilda fuqaro B.Zokirov tomonidan o‘zi va oila a’zolarining yashashi uchun yakka tartibdagi uy-joy sifatida qurilgan va fuqarolarga alohida kvartira sifatida o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya qilingan va sotilgan.
Qayd etilishicha, barpo etilgan uy ekspertizadan o‘tkazilgan va uning xulosasiga ko‘ra, qurilishning bir nechta talablari buzilgan. Bino seysmik zonada qurilish o‘tkazish talablariga javob bermasligi ham aniqlangan. Hozir uy avariya holatida.
Fuqarolarga aldov yo‘li bilan uy sotgan B.Zokirov esa 2022 yilning iyun oyida JKning 186-moddasi 4-qismi «a», «b» bandlari (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatishda odamlar o‘limiga, boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishi), 168-modda 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 229-moddalari (o‘zboshimchalik) bilan aybli deb topilgan va 8 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Ayni vaqt fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida sud organi tomonidan kompensatsiya pulini undirish uchun sud jarayonlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter