Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda kelinchak 9-qavatdan tushib ketdi: marhumaning ota-onasi boshqacha fikrda

Toshkentda kelinchak 9-qavatdan tushib ketdi: marhumaning ota-onasi boshqacha fikrda

Foto: Videodagi kadr / human.uz

Alimoff telegram-kanalida «9-qavatdan qulab halok bo‘lgan qizning ota-onasi adolat talab qilmoqda» sarlavhali videoyozuv tarqaldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2000 yilda tug‘ilgan Ozodova E’zoza 2021 yil 20 iyun kuni Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli binolardan birining 9-qavatidan tushib ketib halok bo‘lgan. Ammo E’zozaning ota-onasi voqeaning boshqa tafsilotlarini so‘zlab berdilar.

Shahrisabzda tug‘ilgan qiz 2019 yilda poytaxtlik yigitga turmush chiqqan. Biroq, marhumaning onasiga ko‘ra, ularning turmushi birinchi kundanoq yaxshi bo‘lmagan. Qiz erining giyohvand moddalarni iste’mol qilishini bilib qolgan. E’zoza bu faktni videoga yozib olib, qaynonasiga ko‘rsatgan, ammo u chora ko‘rish o‘rniga hammasini o‘g‘liga aytib bergan. Shundan so‘ng, kelin eri tomonidan jismoniy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan. Bu haqda E’zoza onasiga ko‘p aytgan. Bir marta, kelinchak onasi bilan telefondagi suhbati yozib olinganini payqab qolgan. Qaynona kelin-kuyovning xonasiga diktofon o‘rnatgan ekan. Onaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yozuv E’zozaga umrining oxirigacha tinchlik bermagan, o‘shani deb eri uni doimo kaltaklagan.

«21 iyun kuni yarim tunda bizga qo‘ng‘iroq qilib, qizimiz 9-qavatdan yiqilib tushganini xabar qilishdi. Qudamiz E’zoza o‘zini tashlab yuborganini aytdi. Lekin qizimizning tanasini ko‘zdan kechirar ekanmiz, faqat boshining bir qismi shikastlangani va o‘ng qo‘li singanini ko‘rdik. Uni tashlab yuborishganga o‘xshaydi», — dedi marhumaning onasi.

Marhuma E’zoza Ozodovaning onasi qizi o‘zini tashlab yubormaganini aytdi. Chunki unda hech qachon o‘z joniga qasd qilish xatti-harakatlarini sezmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisaga qaynonasi va erining muntazam ravishda zo‘ravonligi sabab bo‘lgan. Balki, ularning sirini bilib qolganini anglab yetgach, uni itarib yuborishgandir.

Bosh prokuraturaning yozishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Surishtiruv davomida videoyozuvda ko‘rsatilgan vajlar ham o‘rganib chiqilishi ta’minlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring