Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Parlamentlararo ittifoq yalpi majlisida ishtirok etdi va nutq so‘zladi

Prezident Parlamentlararo ittifoq yalpi majlisida ishtirok etdi va nutq so‘zladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yalpi majlisida ishtirok etmoqda.

Prezident yalpi majlisda nutq so‘zlab, avvalo Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida ishtirok etish uchun dunyoning barcha qit’alaridan kelgan nufuzli delegatsiyalarni tabrikladi.

«O‘z safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoqning Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida bo‘lib o‘tmoqda. Anjumanning azim poytaxtimiz – Toshkent shahrida o‘tkazilayotgani bizga ulkan iftixor bag‘ishlaydi.

Bunday yuksak ishonch va ehtiromni biz yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, parlamentarizm va vakillik hokimiyatini rivojlantirish borasida erishilayotgan katta natijalarning e’tirofi, deb qabul qilamiz», – dedi Prezident.

Davlat rahbari, shuningdek, bugungi kunda mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy inqirozlar hamda ekologik muammolar xususida to‘xtalib, «bunday o‘ta murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etayotgani»ni ta’kidladi.

«Ittifoqning Birlashgan Millatlar Tashkilotida doimiy kuzatuvchi maqomiga ega ekani uning global barqarorlik va hamjihatlikka qo‘shayotgan hissasining ifodasidir. Bugungi anjumanda 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod ishtirokchilar qatnashayotgani ham fikrimning yorqin dalilidir.

Bizning tashabbusimiz bilan Assambleya «Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati» mavzusida o‘tkazilayotgani albatta chuqur ramziy ma’noga ega.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan. Lekin, afsuski, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

O‘z-o‘zidan ravshanki, bu holat iqtisodiyot va jamiyatga katta zarar yetkazadi, ijtimoiy-iqtisodiy institutlar faoliyatini zaiflashtiradi, pirovard natijada odamlarning imkoniyatlarini cheklaydi.

Albatta, bunday tengsizlikning asl sabablarini aniqlash va uning oqibatlariga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifamizdir», – dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida ayni paytda mamlakatda kuchli va mas’uliyatli parlamentni barpo etish, samarali parlament diplomatiyasini tatbiq qilish uchun keng sharoitlar yaratib berilayotgani, jumladan, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida parlament institutini rivojlantirishni muhim vazifa sifatida alohida belgilab olinganini qayd etib o‘tdi.

«So‘nggi yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini oshirishga qaratilgan 20 dan ziyod qonunlar qabul qilindi.

Ayniqsa, 2023 yili umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi Konstitutsiyada parlament vakolatlari keskin oshirildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senat vakolatlari esa 14 tadan 18 taga yetkazildi. Sud, korrupsiyaga qarshi kurash va raqobat organlarini shakllantirish bo‘yicha Prezidentning qator vakolatlari qonun chiqaruvchi hokimiyatga o‘tkazildi. Parlamentning Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ustidan nazorat mexanizmlari yanada kuchaytirildi.

Bu o‘zgarishlarga mos tarzda hududlarimizda ham xalq deputatlari mahalliy kengashlarining vakolatlari kengaytirildi. Jumladan, 30 dan ortiq vakolatlar mahalliy kengashlarga o‘tkazildi va bu jarayonlar izchil davom ettirilmoqda.

Milliy parlamentimizda xotin-qizlarning ulushi bugungi kunda 38 foizga yetdi. Mazkur ko‘rsatkich Parlamentlararo Ittifoq tomonidan yuksak e’tirof etilib, Osiyo mintaqasida so‘nggi o‘ttiz yilda eng yuqori o‘sish sifatida baholangani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi», – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parlamentlararo ittifoq yalpi majlisida so‘zlagan nutqi to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring