«Toshkentda ikki erkak tomonidan zo‘rlab olib ketilgan qiz» voqeasiga izoh berildi
Bir muddat oldin 2 nafar noma’lum erkakning ayolni kuch ishlatib avtomashinaga o‘tqizib olib ketganligi holatiga oid xabar berilgan edi.
Toshkent shahar IIBB holatga rasmiy munosabat bildirib, hodisa joriy yilning 24-noyabr kuni, Uchtepa tumani 22-mavzesidagi ko‘p qavatli uylar oldida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
IIBBning aniqlashicha, 1992-yilda tug‘ilgan D.Sh. otasi 1963-yilda tug‘ilgan X.M. bilan birga davlat raqami 70 R 300 SA bo‘lgan Tracker rusumli avtomashinasiga turmush o‘rtog‘i 2000-yilda tug‘ilgan M.A.ni o‘tqizib noma’lum tomonga olib ketgan. Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida M.A. qonuniy turmush o‘rtog‘i bilan oilaviy kelishmovchiligi sababli 1 nafar farzandini turmush o‘rtog‘ida qoldirib uydan chiqib Toshkent shahriga ketib qolganligi, uni turmush o‘rtog‘i D.Sh. qidirib, yuqoridagi manzildan topganligi hamda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi o‘zining uyiga olib borganligi aniqlangan.
«Hozirda M.A. oila davrasida sog‘-salomat ekanligini ma’lum qilamiz», – deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. M.A. va uning oilasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari tomonidan to‘liq o‘rganilmoqda.
Tekshiruv yakuni bo‘yicha aybdor shaxslarga qonuniy qaror qabul qilinishi ma’lum qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter