Toshkentda xalqaro piyoz bog‘i markazi ochiladi
Xitoy Fanlar akademiyasi Kunming instituti va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari hamkorlikda 2017-yil 22-noyabr kuni dunyoda birinchi bo‘lib ilk marotaba Xitoyning Kunming sharida «Xalqaro piyoz bog‘i Kunming markazi» ni tashkil etgan edilar. Ushbu piyoz markazida shu vaqtgacha dunyoda mavjud bo‘lgan piyoz turlarining 90 foizi jamlangan edi.
Rejaga ko‘ra Toshkent shahrida ham ana shunday markaz tashkil etish belgilangan edi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Xitoy Fanlar akademiyasi Kunming instituti yetakchi botanik olimlari hamkorlikda Xalqaro piyoz bog‘i Toshkent markazini tashkil etish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Ertaga 30 aprel kuni Toshkent Botanika bog‘i hududida «Global Allium Garden Tashkent Center» ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro piyoz bog‘i Toshkent markazining ochilish marosimida yurtimizdagi soha mutaxassislari bilan birgalikda Xitoyning Kunming instituti professorlari Sun Hang va Tao Denglarning qatnashishi kutilmoqda. Bu haqida Xabar.uzga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori akademik Komiljon Tojiboyev ma’lum qildi.
Ayni vaqtda yer yuzida yovvoyi piyoz turlarining 972 turi mavjud bo‘lib, yurtimizning turli mintaqalarida ularning 137 turi o‘sadi. O‘zbekiston yovvoyi piyoz turlarining kelib chiqish markazlaridan biri sifatida dunyo botaniklarining diqqat e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Ayni vaqtda Botanika instituti botanik olimlari tomonidan ana shu piyoz turlarini ilmiy asosda tadqiq etish, ularning xilma-xilligini saqlab qolish bo‘yicha tizimli tadbirlar rejasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Tashkil etilgan Xalqaro piyoz bog‘i Toshkent markazida O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar hududida va Eron, O‘rta Yer dengizi hududlarida o‘suvchi 100 dan ortiq yovvoyi piyoz turlari jamlangan. Ushbu markaz ayni vaqtda dunyodagi ana shunday markazlarning ikkinchisi hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter