Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ohangarondagi «zapravka»da 37,5 mlrd. so‘mlik gaz noqonuniy ishlatilgani aytilmoqda

Ohangarondagi «zapravka»da 37,5 mlrd. so‘mlik gaz noqonuniy ishlatilgani aytilmoqda

Foto: «O‘zenergoinspeksiya»

Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan Bosh prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar hamda gaz ta’minoti korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan.

Inspeksiya taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent viloyatida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.

Xususan, Ohangaron tumanida joylashgan «O.P.P.» MChJga qarashli AGTKShga tortilgan gaz quvuri ko‘zdan kechirilganida, yashirin yo‘llar bilan qo‘shimcha tarmoq tortib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotganligi aniqlandi.

Buning natijasida, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori jami 37 mlrd 534 mln so‘m (25 mln 23 ming metr kub tabiiy gaz)ni tashkil etgan, deyiladi xabarda.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avval «O‘zenergoinspeksiya» Sirdaryodagi zapravkada 62 milliard so‘mlik gaz o‘g‘irlanganini ma’lum qilgandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring