Toshkent shahrida yoshlarning minglab muammosi aniqlandi
Shu yilning 22-iyul kuni Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek istirohat bog‘ida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Ergashev tumandagi yoshlar bilan uchrashdi. Ularni qiynayotgan muammolarni tinglanib, savollariga batafsil javob berdilar. Bu haqda innovatsiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirga kelgan yoshlarning aksariyatida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun g‘oyalari, o‘ylab qo‘ygan rejalari bo‘lib, ular ishlarini boshlab olishlari uchun kreditlar, joy olishda qiyinchiliklarga duch kelayotganlarini aytishdi. I.Abdurahmonov «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturiga asosan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish yo‘lga qo‘yilgani haqida tushuntirdi, shuningdek uchrashuvga kelgan bank mutaxassislariga yoshlarning kredit olishlari va ulardan to‘g‘ri foydalanishlarini ta’minlash maqsadida ularga biznes-reja tuzishlarida amaliy yordam berishlari haqida ko‘rsatma berdi.
Uchrashuvga nafaqat yoshlar balki, ularning onalari ham kelishdi. Onalarni qiynayotgan masala bu kollej, litseylarda, maktablarning yuqori sinflarida o‘qiydigan farzandlarini ishga joylashtirish, uy-joy masalalari bo‘ldi. Shuningdek, yoshlarni harbiy xizmatga jo‘natish masalasi ham ko‘tarildi. Farzandini uch yildan beri muddatli harbiy xizmatga jo‘natishga erisholmagan onaning murojaati yozib olinib, tez kunlarda o‘rganib chiqilishi aytildi.
Bundan tashqari, uchrashuvda tayyor dasturiy loyihalari bor yoshlar guruhi ham o‘z ishlanmalarini namoyish etdi. Ular vazirlikka taklif etilib, loyihani amalga oshirishda bevosita ko‘mak berilishiga kelishildi.
Ta’kidlash joizki, Toshkent shahrining 11 tumanida tuman shtablari hamda umumlashtiruvchi shahar shtabi tashkil etilgan bo‘lib, barcha shtablarga Innovatsion rivojlanish vazirligining 11 nafar mas’ul xodimlari biriktirilgan. Mazkur shtablarda tumanlardagi mutasaddi idora va korxonalar mas’ul xodimlari navbatchiligi tashkil etilgan bo‘lib, har kuni ertalab soat 8-00 dan kechki payt 22-00 ga qadar ular ishtirokida shtabga kelib tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, tegishli tartibda hal etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Har bir tumanda mahallalar sonidan kelib chiqib, tegishli mutasaddi 1476 nafar xodimlardan iborat 4 tadan 18 tagacha jami 144 ta ishchi guruh faoliyat yuritmoqda.
20-iyul holatiga Toshkent shahridagi jami 494 ta mahalladan 72 tasi to‘liq o‘rganib chiqildi, qolgan mahallalarda o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Mahalladagi o‘rganishlar natijasida jami 39308 ta xonadonga uyma-uy kirib chiqilib, 1166 ta muammolar aniqlangan.
Toshkent shahar bo‘yicha jami 47081 nafar yoshlar bilan muloqot qilingan. Ularda 16651 yechimini kutayotgan muammolar borligi aniqlangan va shundan 123 nafari ijobiy hal etildi. 15528 murojaat esa o‘rganish jarayonida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter