Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent hokimiyati orttirilgan budjet pullari haqidagi ma’lumotlarni ochiqlamagan

Toshkent hokimiyati orttirilgan budjet pullari haqidagi ma’lumotlarni ochiqlamagan

Toshkent, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari budjet mablag‘larining rejadan orttirib bajarilgan qismi va bu mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash majburiyatlarini umuman bajarmagani aniqlangan.

Bu haqda 21 dekabr kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining majlisida aytib o‘tildi.

Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida joylashtirib borilishiga oid majburiyatlariga rioya qilinishi o‘rganilib, tahlil etilgan.

O‘rganishda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyat hokimliklari tomonidan mahalliy budjet mablag‘larining rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan holda qisman ochiqlanishi ta’minlangani aniqlangan.

Ilg‘or xalqaro standartlar talablari asosida, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasi Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan.

Prezidentning 2021 yil 16 iyundagi farmoniga muvofiq Agentlikka davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan. Xususan, ochiq ma’lumotlar ro‘yxatini uzluksiz to‘ldirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish choralari ishlab chiqilishi va joriy etilishi, ommaviy axborot vositalari orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi madaniyatini singdirish kabi muhim vazifalar shular jumlasidandir.

Ochiq ma’lumot sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlarni e’lon qilmaslik yoki to‘liq e’lon qilmaslik, e’lon qilish muddati va tartibini buzganlik yohud ma’lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima jazosini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Xususan, huddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima jazosini o‘rnatish belgilanmoqda.

Qo‘mita majlisida yuqoridagi holatlar yuzasidan turli fikr mulohazalar bildirildi. Mazkur masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring