To‘rtta Eyfel minorasiga yetgulik metall sarflangan loyiha haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqin vaqtlar ichida «Uzbekistan GTL» zavodining ochilishi marosimida ishtirok etishi kutilmoqda. Hozir tadbirga tayyorgarlik avjida, davlat rahbari majmuani aylanib, bajarilgan ishlar bilan tanishmoqda.
Avvalo majmuaning nomini izohlab o‘tsak — «GTL» so‘zi inglizchada «gas to liquid», ya’ni «gazdan suyuqlikka» degan ma’noni anglatadi. Yirik hududda barpo etilgan Uzbekistan GTL zavodi yiliga 3,6 mlrd. metr kub tabiiy gazni qayta ishlab, 1,5 mln. tonna aviakerosin, dizel yoqilg‘isi, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi yaqinida joylashgan bu zavod dunyoda beshtadan bittasi bo‘ladi (shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda – Qatar, Nigeriya, JAR va Malayziyada barpo etilgan).
Bu loyiha 2008 yildan 2016 yilgacha qo‘shma korxona sifatida faoliyat yuritgan bo‘lib, o‘sha paytlar neftning narxi tushib ketgani sababli ayrim xorijiy investorlar loyihadan chiqib ketishi ortidan faoliyati oqsab qolgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli mazkur loyiha qaytadan amalga oshirilib, nihoyat, bugundan ishga tushirish arafasida turibdi.
Ma’lumot uchun: loyiha O‘zbekistondagi birinchi energetika klasteri bo‘lib, uni qurishda 40 ming tonna metall ishlatilgan. Bu 4 ta Eyfel minorasini qurishga yetadigan miqdor demakdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashrifi chog‘ida yana bir loyiha — Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytiruvchi majmuaga tamal toshi qo‘yilishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter