Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘rt nafar tuman bosh imomi ishdan olindi, bir nafariga intizomiy chora ko‘rildi

To‘rt nafar tuman bosh imomi ishdan olindi, bir nafariga intizomiy chora ko‘rildi

Foto: Muslim.uz

Bugun, 21-sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari raisligida respublikadagi tuman-shahar bosh imom-xatiblarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Muslim.uz xabar berdi.

Juda keskin va tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari va otinoyilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Foto: Muslim.uz

O‘z vazifasiga vijdonan yondashmagan, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirishda jiddiy sa’y-harakat qilmagan va imomlik maqomiga munosib bo‘lmagan 4 nafar tuman bosh imomi ishdan olindi va 1 nafariga «hayfsan» intizomiy jazosi berilgan. Jumladan:

  • Surxondaryo viloyati Termiz tumani bosh imomi Yahyo Ochilov;
  • Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani bosh imomi Mamayusuf Mamatqulov;
  • Andijon viloyati Shahrixon tumani bosh imomi Izzatulloh Turg‘unov;
  • Toshkent shahar Sergeli tumani bosh imomi Eshmurod Axbutayev egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati So‘x tumani bosh imomi Vohidjon Kamolovga intizomiy chora ko‘rildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shu yilning 8 oyi davomida ish faoliyatdagi xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli 15 nafar imom-xatib, 6 nafar imom-noibi va 2 nafar viloyat muhtasib vazifasidan ozod etilgani, shuningdek, 19 nafar imom-xatib va imom noibiga «hayfsan» intizomiy chorasi berilgani alohida ta’kidlandi.

Muftiy Nuriddin domla hazratlari tomonlaridan yig‘ilishda imom-xatiblar ish faoliyatini takomillashtirish, din g‘ami bilan yashash, mo‘min-musulmonlar dardu ehtiyojlarini qondirish,  bilim saviyalarini doimiy oshirish va har jabhada peshvolik maqomiga chin ixlos ila munosib bo‘lish yuzasidan Islom dini manbalarida keltirilgan tavsiyalarni bayon etdilar. Shuningdek, tashabbuskor, g‘ayratli, faol va jonkuyar imom-xatiblarni rag‘batlantirish rejalari va imtiyozlar berish haqida ma’lum qildilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring