Toshkent shahrida ishlagan 8 nafar imom-xatib ishdan olindi, yana 2 nafariga hayfsan berildi
Bugun, 11-sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Toshkent shahar imom-xatiblarining tanqidiy-tahliliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Majlis avvalida muftiy hazratlari bugungi kunda imom-xatiblarning din va yurt taqdiri yo‘lida qilishi lozim bo‘lgan vazifalari haqida to‘xtaldi.
Tanqidiy masalalar muhokamasida esa ayrim imom-domlalar zimmasidagi birlamchi vazifasiga jiddiy yondashmayotgani, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlashda yetarli sa’y-harakat qilmayotgani va ijro intizomidagi nuqsonlar qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, belgilangan tartib-qoidalar, mehnat shartnomalari talablari va lavozim yo‘riqnomalariga rioya etmayotgan imom-domlalarga chora ko‘rilgani aytildi.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yilning o‘tgan sakkiz oyida mana shunday xato-kamchiliklarni sodir etgan, din peshvosi sifatida ish faoliyatiga e’tibor qaratmagan va mehnat majburiyatlarini yetarli darajada bajarmagan Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritgan 8 nafar imom-xatib, 10 nafar imom noibi vazifasidan ozod etilgan hamda 2 nafar imom-xatib va 2 nafar imom noibiga esa hayfsan intizomiy chorasi qo‘llangan.
Muftiy hazratlari har bir imom-xatib din va mehrob omonatini chuqur his etishi, faoliyatini yaxshilab borishi, zamon bilan hamnafaslikda doimiy bilim-malakalarini oshirishi va peshvolik maqomiga munosib bo‘lishini alohida qayd etdilar. Shuningdek, barcha imom-xatiblarni ushbu martabada shariat xodimi sifatida ixlosu muhabbat, taqvo va sadoqat bilan xizmat qilishlariga da’vat etdilar.
Yig‘ilish yakunida berilgan topshiriqlar yuzasidan reja ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash vazifalari yuklandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter