To‘qayev Yevropa mamlakatlarida Qur’oni karim yoqilganini qoraladi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Shimoliy Yevropa mamlakatlarida Qur’on karimning namoyishkorona yoqilayotganini keskin qoralab, bu zamonaviy dunyoda xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi ishonchga raxna solishga qaratilgan nomaqbul harakat ekanini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston dunyo dinlari yetakchilari quroltoyini o‘tkazib kelmoqda. Ushbu anjuman an’anaviy din va konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro muloqot maydoni vazifasini bajarmoqda.
Q.To‘qayevning fikricha, Shimoliy Yevropa mamlakatlarida kuzatilayotgan diniy vandalizm va mas’uliyatsiz xatti-harakatlar dinlar va davlatlarning tinch taraqqiy etishi g‘oyasi, umumqabul qilingan me’yorlarga zid qilmish sifatida qoralanmog‘i lozim. BMT Bosh assambleyasi ham bu borada o‘z so‘zini aytishi kerak.
Keyingi vaqtlarda Shimoliy Yevropa davlatlarida musulmonlarning muqaddas kitobi bo‘lgan Qur’oni karim kitobi – Mushafni omma oldida yoqib yuborish harakati bir necha bor qayd etildi. Jumladan, 27 iyun, Qurbon hayitining ilk kunida Shvetsiya poytaxti Stokholm shahrida iroqlik muhojir shunday qabih ishga qo‘l urgan.
Yaqinda esa Daniyada ham xuddi shunday ekstremistik harakat sodir etilgan.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qur’oni karim yoqib yuborilganini yovuz harakat o‘laroq qoralagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter