Tomorqadan samarali foydalanganga imtiyoz, aksi bo‘lsa 3 barobar soliq
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-martdagi «Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish va monitoringini yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Endilikda tuman hokimining qaroriga muvofiq fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari, profilaktika inspektori, tuman kasaba uyushmalari, xotin-qizlar qo‘mitasi, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi, davlat soliq inspeksiyasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhlari tashkil etiladi.
Mazkur ishchi guruhlari har yili dekabr-yanvar oylarida xonadonma-xonadon yurib tomorqa yer uchastkalari maydonlari, tuproq-iqlim sharoiti va suv ta’minotidan kelib chiqib ekin turlari, mevali daraxtlar turi va soni, chorva mollari va parrandalar soni, shuningdek, ularning yil davomida tomorqa yer uchastkasida yetishtiriladigan mahsulot turlari va sotish hajmlari hamda issiqxona barpo etish, chorva mollari va parranda boqishga bo‘lgan xohishni o‘rganib chiqadi.
O‘rganish natijalari umumlashtirilib, tuman hokimi tomonidan o‘rganib chiqiladi va 15 fevralgacha tomorqa yer uchastkalari kesimida yetishtiriladigan ekin va mahsulot turlari, ularni sotish hajmlari, shuningdek, issiqxonalar barpo etish, mevali va manzarali daraxtlar ekish hamda chorva mollari, parrandalar sotib olish prognoz ko‘rsatkichlarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda xalq deputatlari tuman Kengashiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Xalq deputatlari tuman kengashining sessiyasida tasdiqlangan tuman hokimining qarori nusxasi sektor rahbarlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan 1 martgacha dehqon xo‘jaliklari boshliqlariga va tomorqa yer egalariga ularning olganligini tasdiqlovchi imzo qo‘ydirgan holda yetkaziladi.
Ishchi guruh a’zolari xonadonma-xonadon yurib mazkur qarorining tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari tomonidan bajarilishi monitoringini amalga oshiradi.
Monitoring ishlarini o‘tkazish, qoida tariqasida, ekish (mart-aprel, avgust-sentabr, noyabr-dekabr oylari) va parvarishlash davri bo‘yicha belgilanadi.
Monitoring natijasida ekin yerlaridan maqsadli va samarali foydalanib, tuman hokimining prognoz ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi qarorida belgilangan ekin turlarini to‘liq ekkan, agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida, sifatli bajargan, yilida kamida ikki yoki uch marta yuqori hosil olgan hamda tomorqani obodonlashtirgan, chorva mollari va parrandalarning bosh sonini saqlagan va ko‘paytirishga erishgan tomorqa yer egasiga yer solig‘i stavkasininng pasaytiruvchi koyeffitsiyentini qo‘llash tarzidagi soliq imtiyozi beriladi.
Agarda buning aksi, ya’ni tomorqa yer uchastkalarida belgilangan ekin turlari hamda mevali va manzarali daraxtlar ekilmaganligi, chorva mollari sotib olinmaganligi, issiqxona barpo etilmaganligi, shu jumladan yer uchastkasi obodonlashtirilmaganligi aniqlansa, tomorqa yer egasiga joriy yil uchun yer solig‘ining uch barobar miqdorda hisoblanadi.
Dehqon xo‘jaliklariga nisbatan esa yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter