Tokio 2020 yo‘lida: Olimpiyachilarimiz saralashda Hindiston, Tojikiston va Pokiston bilan o‘ynaydi
2019-yilning mart oyida Toshkent shahri 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining saralash bosqich bahslariga mezbonlik qiladi. Ushbu saralashda g‘olib chiqqan terma jamoa 2020-yilda Tailandda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga yo‘l oladi. Tailanddagi Osiyo chempionatida 1-3 o‘rinlarni qo‘lga kiritgan terma jamoalar Tokio 2020 Olimpiadasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadilar.
Bugun Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida Osiyo chempionati saralashiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi «F» guruhida Hindiston, Tojikiston va Pokiston terma jamoalariga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, saralash bahslari Sharq va G‘arb mintaqasiga bo‘lingan holda o‘tkaziladi. Har ikki mintaqadagi guruhlarda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jami 11 ta terma jamoa Osiyo chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi. Shuningdek, o‘z guruhlarida eng yaxshi natija qayd etgan 4 ta ikkinchi o‘rin sohiblari va mezbon Tailand terma jamoalari ham Tokio Olimpiadasi uchun kurashni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
2020-yilgi Osiyo chempionatida 16 ta terma jamoa ishtirok etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter