«Tinch inqilob». Turkiyada muhim tadbir boshlandi (foto)
28 aprel kuni Istanbul shahridagi Otaturk xalqaro aeroporti hududida Aviatsiya va fazoviy texnologiyalar festivali – TEKNOFEST rasman ish boshladi. Yettinchi marta tashkil etilayotgan tadbirning ochilish marosimida Baykar Teknoloji shirkati texnik direktori, TEKNOFEST boshqaruv kengashi raisi Saljuq Bayraktar nutq so‘zladi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri.
«Texnologik kashfiyotlar insoniyatga manfaat keltirsagina salmoqli ma’no-mazmun kasb etadi. TEKNOFEST doirasida zilzila va boshqa tabiiy ofatlarning oldini olish bo‘yicha texnologik yechimlar bera oladigan iqtidorli yoshlar kashf etilishiga va ushbu loyiha kelajagimiz yanada xavfsiz bo‘lmog‘iga hissa qo‘shishiga ishonaman. TEKNOFEST bu – zehniyatlarda boshlangan tinch inqilob demakdir. Uning dolg‘alari yil sayin shiddatli bo‘lmoqda», – dedi S.Bayraktar.
Festival ilk bor tashkil etilgan 2018 yilda 20 ming kishi qatnashish uchun ariza bergan bo‘lsa, joriy yil bu ko‘rsatkich bir milliondan ortdi.
«O‘tgan yili sarhad oshib, TEKNOFEST’ni qardosh va jondosh Ozarbayjonda tashkil etdik. Umid qilamanki, orzularimiz yanada yuksalib, festivalni boshqa qardosh va do‘st o‘lkalarda ham o‘tkazamiz», – dedi notiq.
Ta’kidlanishicha, TEKNOFEST kabi yirik tadbirlarning o‘tkazilishi turklar va turkiy xalqlarning o‘tmishda bo‘lgani kabi jahon tamaddunidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgandir.
S.Bayraktarga ko‘ra, mo‘’jaz jamoaning uchuvchisiz parvoz qiluvchi kichik qurilmalar yaratish yo‘lidagi ilk urinishlari vaqt o‘tib umummilliy ahamiyatga ega ulkan loyihaga aylandi. Shu tariqa «dunyoda urushlar tarixini o‘zgartirgan» Bayraktar TB2 uchoqlari yaratildi.
«TEKNOFEST – «Eng yaxshisini biz yaratamiz» degan orzuning shunchaki so‘zda ifodalamoq emas, balki amalda isbotlamoq uchun maydondir. Shu bois ham festivalning yil sayin kengayishi tanlov emas, zaruriyat sanaladi», – deya xulosa yasadi Baykar Teknoloji shirkati direktori.
Aviatsiya va fazoviy texnologiyalar festivali 2018 yildan buyon T3 jamg‘armasi hamda Turkiya sanoat va texnologiyalari vazirligi tomonidan tashkil etilmoqda. Festival doirasida texnologik tanlovlar, innovatsion loyihalar taqdimoti, ilmiy mavzularda munozara-muloqotlar, shuningdek, aviashoular o‘tkaziladi.
TEKNOFEST yosh iqtidor egalariga texnologiya yo‘nalishidagi loyihalarini amalga oshirish imkonini ham beradi. Nufuzli tadbirdan ko‘zlangan maqsad Turkiyaning texnologiya sohasida erishayotgan yutuqlarini xalqaro hamda mahalliy jamoatchilikka yetkazish, yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishdan iboratdir.
So‘nggi yillarda Baykar Teknoloji shirkati ishlab chiqargan Bayraktar rusumli dronlar mudofaa bozorida xaridorgir bo‘lib bormoqda. Anqara hozirga qadar mazkur qurilmalarni Ukraina, Qatar, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston kabi davlatlarga yetkazib bergan. Turkiya o‘z tarixida ilk bor Yevropa Ittifoqiga ham uchuvchisiz qurilmalarini sota boshladi.
https://xabar.uz/xorij/turkiyaning-dostlarda-hayrat
Avvalroq Baykar Teknoloji shirkati ishlab chiqargan tovushdan tez parvoz qiluvchi Kızılelma uchog‘i beshinchi avlod aviatsiyasida peshqadam bo‘lishi, hatto AQShning F-35 uchog‘ini ham ortda qoldirishi haqida xabar berilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Saljuq Bayraktar 2022 yil iyun oyida Buxoro shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumida qatnashib, ishbilarmonlik va media yo‘nalishida mahorat darsi o‘tgan edi. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar nomini ehtirom bilan yodga olgan taniqli tadbirkor turkiy dunyo yangi yuzyillikda munosib darajaga ko‘tarilishiga ishonch bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter