Timur Kapadze legionerlarning finalda o‘ynay olmasligiga munosabat bildirdi
Timur Kapadze va Jasurbek Jaloliddinov Osiyo kubogi finali oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etishdi.
Jamoa bosh murabbiyi legionerlarning finalda ishtirok etolmasligiga izoh berdi.
«Agar legionerlarimiz finalda ham ishtirok etishganida, boshqacha bo‘lar edi. Lekin biz Qatarga 11 ta emas, 23 ta futbolchi bilan tashrif buyurganmiz. 3 nafar o‘yinchi ketgani bilan u qadar katta o‘zgarish bo‘lmaydi. Har bir o‘yinimiz ko‘rsatdiki, jamoada ularning o‘rnini to‘ldira oladigan yigitlar bor va ular buni bildirishmaydi», dedi Timur Kapadze.
Shuningdek, u ertaga qiziqarli uchrashuv kutib turganini ta’kidladi.
«Bir biriga munosib ikki jamoaning o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. 2 yil avvalgi Osiyo kubogida ular kabi biz ham yosh tarkib bilan harakat qilgan edik. Shuningdek, finalga yetib kelgani va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgani bilan Yaponiya jamoasini qutlayman.
Ikkala jamoa bir-birini yaxshi biladi. Ularning o‘yinlarini tahlil qilib chiqdik. Final uchun tayyorlagan rejamiz bor va shunga asosan o‘yin ko‘rsatamiz», dedi bosh murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, kelishuvga ko‘ra Parij olimpiadasi yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgach, legionerlarimiz — Abbosbek Fayzullayev, Hojimat Erkinov va Abduqodir Husanov klublari ixtiyoriga qaytib ketishdi.
O‘zbekiston – Yaponiya uchrashuvi ertaga, 3 may kuni 20:30da boshlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter