«Tez yordam» tizimida aviatsiya xam faoliyat yurita boshlaydi

2018-yilning o‘tgan 11 oy davomida shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga aholidan 8 milliondan ko‘proq murojaat tushgan. Ularning 7 milliondan ko‘prog‘iga tez tibbiy yordam tizimi orqali tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Shuning bilan bir qatorda, endilikda tez tibbiy yordam xizmatini aviatsiya texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari ham ko‘rilayotir. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bir milliondan oshiq bemor esa respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarida statsionar va ambulator sharoitda davolandi.
Keyingi yillarda davlat budjetidan soha uchun 1269 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi va hududlarning ushbu texnikaga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplandi, dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash 3 barobarga ko‘paydi. Ya’ni, bugungi kunda har bir chaqiriq uchun minimal xarajatlar 5000 so‘m miqdorida belgilandi. Bu ko‘rsatkich 2016-yilda 748 so‘mni, 2017-yilda 1627 so‘mni tashkil etardi.

–Mazkur qarorda shoshilinch tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnika salohiyatini yanada yuksaltirish borasida ham talay vazifalar belgilangan edi. Xususan, tez tibbiy yordam mashinalarining kamida 10 foizini maxsus reanimatsiya mashinalari tashkil etishi belgilangan edi. Bugungi kunga kelib tez tibbiy yordam xizmatining avtoparki ushbu mezon darajasiga ko‘tarildi. Ya’ni, tez tibbiy yordam mashinalarining 10 foizini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan, xorijda ishlab chiqarilgan «Hyundai», «Nissan» va «Toyota» rusumli reanimobillar tashkil etmoqda. Ushbu avtotransportlar shoshilinch vaziyatlarda tez va samarali tibbiy yordam ko‘rsatishga xizmat qiladigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi–,deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Davron Sultonov.

Ayni paytda, Prezidentimizning 2018-yil 16-oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida tez tibbiy yordamning avtotransport parkini yanada zamonaviylashtirish, tez tibbiy yordam mashinalarini ratsiyalar bilan jihozlash, Call-markazlar faoliyatini rivojlantirish, tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar va shifoxonagacha bo‘lgan bosqichda tibbiy yordamni takomillashtirish, kadrlar malakasini oshirish, diagnostika va davolash amaliyotiga yangi texnologiyalarni joriy etish ishlari davom etayapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter