Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Texnikumlardan OTMga imtihonsiz kirish bekor qilinadi

Texnikumlardan OTMga imtihonsiz kirish bekor qilinadi

Prezident o‘tkazayotgan yig‘ilishda texnikumlar masalasiga to‘xtalib o‘tildi. 

«Umuman, texnikumlarga bo‘lgan yondashuvlarni o‘zgartirish kerak. Ular oliygohga kirishning oson yo‘li emas, murakkab kasb beradigan, mehnat bozorida raqobat qiladigan tizim bo‘lishi kerak», dedi davlat rahbari.

Kelgusi yildan texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish mexanizmi bekor qilinishi belgilandi.

Moliya vazirligiga oliygoh talabalari uchun joriy etilgan imtiyozli ta’lim kreditini yangi o‘quv yilidan texnikum va kollej o‘quvchilari uchun ham joriy etish topshirildi.

Shuningdek, kollej va texnikumlarda o‘qish uchun davlat grantlari va ehtiyojmand oila a’zolari uchun subsidiyalar ko‘paytiriladi.

Oliy ta’lim vazirligiga ikki oy muddatda 207 ta texnikum faoliyatini o‘rganib, samarasiz ishlayotgan 70 ta texnikumni tugatishga topshiriq berildi.

Ularning 25 tasi monomarkazlar tashkil etish uchun Bandlik vazirligiga o‘tkaziladi, qolgan 45 tasi negizida kasb-hunar maktablari tashkil etiladi.

Avvalroq, kollej va texnikumlarning 15 mingga yaqin o‘quvchilari kontrakt pulini to‘lash imkoniyati yo‘qligi bois, o‘qishni davom ettira olmagani ma’lum qilingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring